Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori doktor Tedros Adxanom Gebreyesus o‘z qutlov nutqida inson huquqlari, taraqqiyot va salomatlik huquqi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’kidladi. U Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar inson qadr-qimmati, erkinligi va imkoniyatlari tamoyillarining huquqiy poydevorini yaratganini, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya esa inson va uning huquqlarini taraqqiyot jarayonlarining markaziga qo‘yish zarurligini mustahkamlaganini qayd etdi.
Doktor Tedros Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ustavi qabul qilinganining 80-yilligiga hamda unda salomatlik inson huquqi sifatida muhrlab qo‘yilganiga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, u sog‘liqni saqlash sohasidagi salmoqli yutuqlarga qaramay, ko‘plab insonlar uchun salomatlik huquqini ro‘yobga chiqarish hamon mojarolar, qashshoqlik, kamsitish, iqlim o‘zgarishi, majburiy ko‘chirilish va tibbiy xizmatlardan foydalanishdagi tengsizlik tufayli murakkablashayotganini bildirdi.
Tedros Adxanom Gebreyesusning fikricha, «Inson huquqlari va salomatlik bir-biridan ajralmasdir. Tenglik, jarayonlarda ishtirok etish, axborot olish va rivojlanish huquqlari odamlarning sog‘lom hayot kechirishi uchun sharoit yaratsa, salomatlik huquqining himoya qilinishi ularga ta’lim olish, mehnat qilish, jamiyat hayotida faol qatnashish va o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etish imkonini beradi».
Pirovardida JSST Bosh direktori inson qadr-qimmati va tenglik tamoyillariga asoslangan qonunchilik, davlat siyosati hamda samarali tizimlar orqali xalqaro majburiyatlardan ularni amalda bajarishga o‘tish zarurligini ta’kidladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
