Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

INSON QADRI HIMOYALANGAN JAMIYAT — UNDA ZO‘RAVONLIKKA O‘RIN YO‘Q

Zo‘ravonlik, jumladan, kuch ishlatish nafaqat insonning jismoniy va ruhiy salomatligiga, balki oila, jamiyat va kelajak avlodlar taqdiriga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois zo‘ravonlikning oldini olish, insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini shakllantirish hamisha dolzarb vazifalardan biri bo‘lib kelgan.

Har yili-2-oktyabr Xalqaro zo‘ravonliksiz kun (International Day of Non-Violence) sifatida nishonlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining-2007-yil-15-iyundagi rezolyutsiyasi bilan belgilangan ushbu sana buyuk hind mutafakkiri va jamoat arbobi Mahatma Gandining tavallud kuni bilan bog‘liq. Gandi zo‘ravonliksizlikni faqat kurash usuli emas, balki insonning axloqiy pozitsiyasi, adolat va tinchlikka erishish yo‘li deb bilgan.

Zo‘ravonliksizlik kuchsizlik emas. Aksincha, muammolarni kuch ishlatmasdan, qonun, muloqot va o‘zaro hurmat asosida hal qilish ma’naviy jasoratni talab etadi. Bunday madaniyat insonning o‘z qadrini ham, boshqalarning huquq va erkinliklarini ham e’tirof etishini nazarda tutadi.

ZO‘RAVONLIKNING OLDINI OLISH – UMUMIY MAS’ULIYAT

Zo‘ravonlik deganda faqat jismoniy kuch ishlatishni tushunish to‘g‘ri emas. Uning ruhiy, jinsiy, iqtisodiy va raqamli shakllari ham mavjud. Haqoratlash, tahdid qilish, kamsitish, nazorat o‘rnatish, moddiy qaramlikdan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish yoki internet orqali ta’qib qilish ham inson huquqlarining buzilishiga olib keladi.

Oiladagi zo‘ravonlikning yopiq eshiklar ortida sodir bo‘lishi va jabrlanuvchilarning turli sabablarga ko‘ra yordam so‘rashga qiynalishi muammoni yanada murakkablashtiradi. Shuning uchun zo‘ravonlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Oila, ta’lim muassasalari, mahalla, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari ham bu jarayonda muhim o‘rin tutadi.

Ayniqsa, bolalarni himoya qilish alohida e’tiborni talab etadi. Bolalikda boshdan kechirilgan tazyiq va zo‘ravonlik insonning keyingi hayoti, ruhiy holati, ta’lim olishi va jamiyatga moslashuviga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun har bir bola o‘zini xavfsiz his qiladigan muhitda ulg‘ayishi, fikri eshitilishi va huquqlari himoya qilinishi shart.

HUQUQIY HIMOYA KUCHAYTIRILMOQDA

O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha huquqiy va tashkiliy mexanizmlar bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.-2019-yilda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonun qabul qilindi.-2023-yilda esa oilaviy zo‘ravonlik va jinsiy tegajonlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilandi.

Jabrlanuvchilarni himoya qilishda himoya orderi mexanizmi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra,-2025-yil yanvar-iyul oylarida 56 ming 876 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Bu davlat idoralari tomonidan zo‘ravonlik holatlariga munosabat bildirilayotganini ko‘rsatadi. Biroq mazkur raqam muammoning haqiqiy ko‘lamini to‘liq aks ettirmasligi mumkin, chunki ayrim holatlar haqida xabar berilmaydi.

Oliy sud matbuot kotibining ma’lumotlariga ko‘ra,-2025-yil yanvar-oktyabr oylarida oilaviy zo‘ravonlik uchun 10 ming 3 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 381 nafar shaxs esa Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha sudlangan.-2024-yilning shu davrida sudlanganlar soni 399 nafarni tashkil etgan. Biroq bu ko‘rsatkichning kamayishini zo‘ravonlik holatlari kamaygani bilan izohlash shoshma-shosharlik bo‘ladi. Bunda murojaat qilish darajasi, holatlarni aniqlash va hisobga olish amaliyoti ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Sud statistikasiga ko‘ra,-2026-yilning birinchi yarmida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq 2 ming 18 ta jinoyat ishi sudlarda ko‘rib chiqilgan. Bu-2025-yilning shu davridagi 1 ming 218 ta ishga nisbatan 65,7 foizga ko‘pdir. Olti oy davomida 2 ming 146 nafar xotin-qiz jabrlanuvchi deb topilgan, ularning 581 nafari 18 yoshga to‘lmagan qizlardir. Bu ma’lumotlar profilaktikani kuchaytirish, jabrlanuvchilarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish va himoya mexanizmlarini samarali ishlatish zarurligini ko‘rsatadi.

Bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham jiddiy tashvish uyg‘otadi. 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan nomusga tegish jinoyatlari-2022-yilda 85 ta,-2023-yilda 108 ta,-2024-yilda 129 ta va-2025-yilda 123 tani tashkil etgan. To‘rt yilda jami 445 ta holat qayd etilgan. Voyaga yetmaganlar tasvirlangan jinsiy mazmundagi materiallar bilan bog‘liq holatlar esa-2023-yilda 56 ta,-2024-yilda 129 ta,-2025-yilda 141 taga yetgan.

2024-yilda-bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonunchilik asoslari mustahkamlandi.-2025-yilda bolalarni himoya qilishga oid elektron mexanizmlar va himoya orderlari amaliyotini rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rildi.-2025-yil-24-dekabrda Prezidentning PF–256-son Farmoni bilan 2026–2030-yillarga-mo‘ljallangan Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi tasdiqlandi.

JAZO VA PROTSESSUAL KAFOLATLAR

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim qonun Oliy Majlis Senati tomonidan-2-oktyabr kuni ma’qullandi.

Qonunda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun-25-yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda. Xususan, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlar uchun jazo kuchaytiriladi. Shuningdek, bolaning jinsiy erkinligiga qarshi ayrim jinoyatlar bo‘yicha muddat o‘tib ketgani sababli shaxsni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.

Muhimi, qonun faqat jazoni og‘irlashtirish bilan cheklanmaydi. Voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish majburiyligi, bolaning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan yuzlashtirilishini maxsus tartibda o‘tkazish va bunda vasiylik hamda homiylik organi vakilining ishtirokini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki bunday holatga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi ham belgilanmoqda. Shuningdek, ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligini ta’minlash, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning javobgarligini va mas’ul tashkilotlar hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

Qonunda bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ayrim yengilliklarni qo‘llashni, jumladan, shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga oid ayrim qoidalarni cheklash ham nazarda tutilmoqda. Qonun kuchga kirishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanishi kerak.

BOLALAR MANFAATI BIRINCHI O‘RINDA

Xorijiy tajriba ham bolalarni himoya qilishda kompleks yondashuv muhimligini ko‘rsatadi. Islandiya va ayrim Yevropa davlatlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni aniqlash va ularga yordam ko‘rsatishda “Barnahus” – “Bolalar uyi” modeli qo‘llaniladi. Unda bola turli idoralarga qayta-qayta murojaat qilishga majbur bo‘lmaydi, zarur xizmatlar bola manfaatini ustuvor qo‘ygan holda muvofiqlashtiriladi. Yevropa Kengashining Lansarote konvensiyasi ham bolalarni jinsiy ekspluatatsiya va jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjatdir.

Bu tajriba samarali himoya faqat jazo bilan cheklanmasligi kerakligini ko‘rsatadi. Erta aniqlash, profilaktika, psixologik yordam, huquqiy maslahat va jabrlanuvchini qayta ijtimoiylashtirish ham tizimning muhim qismidir.

RAQAMLI MAKONDA HAM HIMOYA ZARUR

Bugun zo‘ravonlikning yangi shakllari internet va ijtimoiy tarmoqlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Kiberbulling, tahdidli xabarlar, shaxsiy surat va ma’lumotlarni ruxsatsiz tarqatish, soxta akkauntlar orqali ta’qib qilish, ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Shu sababli bolalar va ota-onalarning raqamli savodxonligini oshirish, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish va internetdagi xavfli holatlar haqida xabar berish imkoniyatlarini kengaytirish muhim.

Zo‘ravonlik profilaktikasida ta’lim muassasalarining ham o‘rni beqiyos. Maktab va oliy ta’lim muassasalarida inson huquqlari, tenglik, o‘zaro hurmat va nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar muntazam tashkil etilishi lozim. Oilada esa bola bilan ochiq muloqot qilish, uning fikrini tinglash va muammolarini kamsitmasdan qabul qilish muhim. Mahalla, ta’lim muassasasi va tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik xavfli holatlarni erta aniqlash va zarur yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatishga xizmat qiladi.

ZO‘RAVONLIKLARSIZ JAMIYAT ORZUSI

Zo‘ravonliksiz jamiyat qonunlar va jazo choralaridan tashqari, avvalo, insonning kundalik munosabati, so‘zi va xatti-harakatidan boshlanadi. Birovni tinglash, uning qadr-qimmatini hurmat qilish, nizolarni haqorat va tahdidsiz hal etish, yordamga muhtoj insonga befarq bo‘lmaslik — bu madaniyatning oddiy, ammo muhim ko‘rinishlaridir.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashda jabrlanuvchini ayblashdan saqlanish ham zarur. Mas’uliyat zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs zimmasida bo‘ladi. Jabrlanuvchi esa himoya, adolat va zarur yordam olish huquqiga ega.

2-oktyabr-– Xalqaro zo‘ravonliksizlik kuni bizga muhim haqiqatni eslatadi: tinchlik faqat qurolli mojarolarning yo‘qligi emas, balki inson har kuni o‘zini xavfsiz, hurmat qilingan va himoyalangan holda his qila oladigan muhitdir. O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qonunlar, strategiyalar va institutsional choralar bu yo‘ldagi muhim qadamlardir.

Biroq ularning samaradorligi amalda qanday ishlashi, jabrlanuvchiga qanchalik tez va sifatli yordam ko‘rsatilishi hamda profilaktika tizimi qay darajada tashkil etilishiga bog‘liq. Shuning uchun uch yo‘nalishga alohida e’tibor zarur: huquqiy himoya va javobgarlikning muqarrarligi; ta’lim, tarbiya va ijtimoiy profilaktika; jamiyatda o‘zaro hurmat va mas’uliyat madaniyatini shakllantirish.

Zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lgan jamiyat inson qadrini e’zozlaydigan, adolatni qaror toptiradigan va har bir insonning xavfsiz hayot kechirish huquqini hurmat qiladigan ijtimoiy muhit asosida barpo etiladi.

 

Malika TALIPOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi

"ISTE’MOL MADANIYATI" gazetasining-2026-yil 8 oktabrdagi 19 (235)-soni

Nashr sanasi 14.10.2026 Ko'rishlar 57
Ulashish