Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Yoshlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari kafolatlari: xalqaro standartlar va milliy tajriba

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Menejment fakulteti Falsafa kafedrasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda «Yoshlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari kafolatlari» mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. U Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganining 60-yilligi doirasida tashkil etildi.

Tadbirda yoshlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta’minlashning xalqaro-huquqiy asoslari va milliy kafolatlarini keng yoritish, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlarning inson huquqlari sohasidagi bilimlarini oshirish, shuningdek, yoshlar huquqlarini himoya qilishga doir dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Universitet professor-o‘qituvchilari, kafedra vakillari hamda talabalar yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish va munosib hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Falsafa fanlari doktori, professor, Faxriylar kengashi raisi Ismoil Saifnazarov tadbirni ochar ekan, yosh avlodning jamiyat va davlat taraqqiyotidagi o‘rni, ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, sifatli ta’lim olishi, kasb egallashi hamda har tomonlama kamol topishi uchun zarur imkoniyatlar yaratish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish va ularda qonun ustuvorligiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Tadbirga falsafa fanlari doktori, professor Azamat Muxtorov moderatorlik qildi. Muhokamalar davomida yoshlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta’minlash, ularning ta’lim olish, munosib mehnat qilish, ijtimoiy himoyadan foydalanish hamda madaniy hayotda faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Asosiy ma’ruza bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining mas’ul xodimi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Navro‘zbek Aslonov ishtirok etdi. Ma’ruzachi BMT tomonidan 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning inson huquqlarini ta’minlash tizimidagi o‘rni va ahamiyati, unda belgilangan asosiy tamoyillar hamda davlatlarning tegishli huquqlarni ta’minlash borasidagi majburiyatlarini yoritdi.

Pakt qabul qilinganining 60-yilligi inson huquqlarining ushbu muhim yo‘nalishlariga yana bir bor e’tibor qaratish, xalqaro standartlar va milliy amaliyot uyg‘unligini mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yoshlarning ta’lim olish, mehnat qilish va erkin kasb tanlash, adolatli va qulay mehnat sharoitlariga ega bo‘lish, ijtimoiy ta’minotdan foydalanish, munosib turmush darajasida yashash hamda madaniy hayotda ishtirok etish huquqlarining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi. Ushbu huquqlarning milliy qonunchilikda mustahkamlangan kafolatlari va ularni amalda ro‘yobga chiqarishning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilar fikricha, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar insonning munosib hayot kechirishi, o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun mustahkam asos yaratadi. Ayniqsa, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi va madaniy qadriyatlardan bahramand bo‘lishi mamlakatning barqaror rivojlanishi hamda inson kapitalini yuksaltirishning muhim omillaridan hisoblanadi.

Tadbir davomida professor-o‘qituvchilar mavzuning ilmiy va amaliy jihatlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. O‘zaro muloqot yoshlar huquqlarining xalqaro standartlarini chuqurroq anglash, ularning milliy qonunchilikdagi kafolatlarini o‘rganish hamda inson huquqlariga hurmat tamoyilini ta’lim jarayonida keng targ‘ib etish uchun muhim imkoniyat yaratdi.

Mazkur tadbir Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganining 60-yilligi doirasida inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarning mazmun-mohiyatini keng yoritish, oliy ta’lim muassasalari va inson huquqlari sohasidagi ixtisoslashgan institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 16.10.2026 Ko'rishlar 62
Ulashish