2021 yil 16-17 dekabr kunlari Toshkentda “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibi hamda uning inson huquqlari va barqaror taraqqiyot bilan o‘zaro bog‘liqligi” (WPS) mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda.
Onlayn va oflayn shakldagi ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning mamlakatimizdagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
BMT Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-Rezolyusiyasi 2000 yil 31 oktabrda qabul qilingan. Bu hujjatda ilk bor xotin-qizlar va bolalar aholining qurolli mojarolardan eng ko‘p jabr ko‘radigan qatlami ekani, shuningdek, ular aniq maqsadga yo‘naltirilgan tajovuz va zo‘ravonliklarga tobora ko‘proq duchor bo‘layotgani bilan bog‘liq hayotiy haqiqat e’tirof etilgan.
Rezolyusiya ayollarni mojarolarga barham berishga qaratilgan tinchlik muzokaralariga imkon qadar faol jalb etishga chaqiradi. Shuningdek, BMT tizimidagi va milliy darajalardagi rahbarlik lavozimlarida ishlaydigan xotin-qizlar sonini izchil ko‘paytirishga undaydi.
Bugungi kunda BMTga a’zo 193 davlatdan 86 tasi 1325-Rezolyusiyani implementatsiya qilish bo‘yicha o‘zlarining “Harakatlar rejasi”ni ishlab chiqqan.
O‘zbekistonning 1325-Rezolyusiya bo‘yicha Milliy harakatlar rejasidan quyidagi vazifalar joy olgan:
- ayollarning tinchlik va xavfsizlik jarayonlarida ishtirok etishini rag‘batlantirish;
- “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” mavzusidagi bilimlarni yanada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish hamda manfaatdor tomonlar va qaror qabul qiladigan hamjamiyatlarning ushbu bilimlardan xabardorligini oshirish;
- favqulodda vaziyatlarda xotin-qizlarning alohida talab va ehtiyojlarini himoya qilish hamda hisobga olish tizimini takomillashtirish;
- BMT Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-Rezolyusiyasini bajarish jarayonlarida fuqarolik jamiyati ishtirok etishiga ko‘maklashish.
Davra suhbati davomida 1325-Rezolyusiyani implementatsiya qilish va uning ijrosi bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi monitoringini ta’minlash borasidagi ilg‘or xalqaro tajriba hamda milliy amaliyotlar taqdim etildi. Xususan, O‘zbekiston bu borada qaysi sohalarga e’tibor qaratishi, vaziyatni o‘zgartirishi, samarali siyosat olib borishi va zarur natijalarga erishishini aniqlab olishi uchun Milliy harakatlar rejasi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, ayni yo‘nalishdagi tadqiqotlar ayollar ishtirok etadigan tinchlik muzokaralari aksariyat hollarda natijador bo‘lishini va mustahkam barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishini ko‘rsatmoqda.
“O‘zbekiston xotin-qizlarning barqaror xalqaro tinchlik va xavfsizlikka erishish borasidagi barcha sa’y-harakatlarimizda juda muhim o‘rin tutishlari zarurligini e’tirof etadi. Biz BMT Xavfsizlik kengashining 2000 yil 31 oktabrda qabul qilingan Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-Rezolyusiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz”, – dedi A.Saidov.
Shuni ham aytish joizki, Xavfsizlik kengashining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-Rezolyusiyasidan so‘ng ayni yo‘nalishda yana 9 ta qo‘shimcha rezolyusiya qabul qilingan. Ushbu hujjatlarda BMT, unga a’zo-davlatlar va hamkorlarining mojarolar domida qolgan xotin-qizlar ehtiyojlari va ustuvor talablari hisobga olinishini ta’minlash hamda inklyuziv va barqaror asosda tinchlik o‘rnatish borasidagi majburiyatlari bayon etilgan.
Xavfsizlik kengashi a’zo-davlatlarni Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-Rezolyusiya bajarilishi borasida fuqarolik jamiyati, ayniqsa, mahalliy xotin-qizlar hamjamiyatlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borishga chaqiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.12.2021
- Ko'rishlar: 3402
- Chop etish