XALQARO MIGRANTLAR KUNI: TAHLIL VA SARHISOB

2000 yil 4 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 18 dekabrniXalqaro migrantlar kuni deb e’lon qildi. 1990 yil xuddi shu kuni Bosh Assambleya tomonidan Barcha mehnatkash migrantlar va ularning oila a’zolarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qabul qilindi.

Qadim zamonlardan buyon odamlar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yurgan. Odamlarning bunday harakatlanishi ko‘plab omillar bilan belgilanadi.

Ba’zilar yaxshiroq ish, ta’lim, iqtisodiy manfaatlar yoki oilani birlashtirish uchun harakat qilsa, boshqalari mojaro, terrorizm yoki inson huquqlari buzilishidan qochishga majbur bo‘ladi. Bugungi kunda ham iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar yoki boshqa ekologik omillar ta’siri tufayli ko‘plab odamlarning boshqa joylarga ko‘chishiga to‘g‘ri kelmoqda.

“Migratsiya” va “migrant” atamalarining keng qo‘llanishiga qaramay, bugungi kungacha uning yagona talqini mavjud emas. Misol uchun, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot ta’rificha, migratsiya – insonlarning odatiy yashash joyidan xalqaro chegara orqali yoki davlat chegaralari ichida ko‘chib o‘tishidir.

Bugungi kunda global falokatga aylangan COVID-19 pandemiyasi sharoitida ishsizlikning keskin oshishi, daromadlarning qisqarishi shunday ham nochor holatda bo‘lgan millionlab insonlarning, xususan mehnat migrantlarining yanada og‘ir sharoitga tushishiga olib keldi. Yashash uchun vosita qidirishga urinish shafqatsiz ekspluatatsiyaga tushib qolish xavfini kuchaytirdi.

Noqonuniy migrantlar va mavsumiy ishchilar yanada xavfli ish sharoitlariga to‘qnash kelmoqda. Bu ularning jinoiy guruhlar qo‘liga tushib qolishi ehtimoli oldidagi zaifligini kuchaytiradi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, “Hech bir mamlakatning yakka o‘zi pandemiyani va uning oqibatida kelib chiqqan migratsiya inqirozini bartaraf eta olmaydi. Bu vaziyat eng nochor holatda bo‘lgan migrantlarga kuchli zarba beradi. Shuning uchun davlatlar migratsiya jarayonini tartibga soladigan choralarni hamkorlikda kuchaytirishlari kerak”.

 

Migratsiya va statistik ma’lumotlar

 

Bugungi dunyoda biz misli ko‘rilmagan miqyosdagi insonlar harakatlanishi, ya’ni ko‘chishlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Endilikda har qachongidan ham ko‘proq odamlar o‘zlari tug‘ilgan mamlakatlaridan boshqa mamlakatlarda yashashi odatiy holga aylanib bormoqda.

2020 yilda 281 million nafarga yaqin kishi xalqaro migrant deb e’tirof etildi. Bu ko‘rsatkich dunyo aholisining 3,6 foizini tashkil qiladi. Bundan 20 yil oldin, ya’ni 2000 yilda esa dunyo bo‘ylab muhojirlar soni 173 millionga yaqin edi.

Migratsiya – kim uchun o‘z xohishiga ko‘ra harakatlanish, boshqa kimlardir uchun esa hayot-mamot masalasiga aylangan majburiy ko‘chishdir. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 70 million majburiy ko‘chirilgan migrant, jumladan 26 million qochqin, 3,5 million boshpana izlovchi va 41 milliondan ortiq ichki ko‘chirilgan shaxslar bor.

Ayollar migrantlar umumiy sonining 48 foizini tashkil etmoqda. Migrantlarning 38 millionga yaqini bolalar, 4,4 million nafari xalqaro talabalar va 164 million nafari mehnat muhojirlaridir.

Migrantlarning 75 foizi mehnatga layoqatli yoshdagi, ya’ni 20-64 yoshli odamlardir. Barcha muhojirlarning qariyb 31 foizi – Osiyoda, 30 foizi – Yevropada, 26 foizi – Amerikada, 10 foizi – Afrikada va 3 foizi – Okeaniya hududida istiqomat qiladi.

2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibi migratsiyaning barqaror rivojlanishga ijobiy hissasini e’tirof etadi. BMTning 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadidan 11 tasi migratsiya va ko‘chuvchanlik (mobillik) uchun qo‘llanadigan maqsad va ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. Kun tartibining “hech kim unutilmaydi” degan asosiy tamoyili barcha odamlarga, shu jumladan, migrantlarga ham tegishlidir.

Jumladan, BMT Kun tartibining 10.7-maqsadi tartibli, xavfsiz, qonuniy va mas’uliyatli migratsiya va inson harakatchanligini, shu jumladan rejalashtirilgan va puxta o‘ylangan migratsiya siyosatini amalga oshirish orqali rag‘batlantirishga chaqiradi. Boshqa maqsadlar, o‘z navbatida, odam savdosiga qarshi kurashish, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish va talabalarning harakatchanligini ta’minlash masalalarini ham o‘z ichiga oladi.

 

Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot

 

Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (MXT) 1951 yilda hukumatlararo tashkilot sifatida tashkil etilgan. MXT o‘z faoliyatida insonparvar va tartibli migratsiya ham muhojirlarga, ham ularni qabul qiluvchi jamiyatga foyda keltirishi kerak degan tamoyilga amal qiladi.

MXT o‘z hamkorlari bilan birgalikda migratsiya sohasidagi tezkor muammolarni hal qilishga ko‘maklashishga qaratilgan faoliyatni amalga oshiradi. Migratsiya bilan bog‘liq muammolarga oydinlik kiritish; migratsiya orqali ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash; migrantlarning insoniy qadr-qimmatiga chinakam rioya etilishi va ularning farovonligi haqida qayg‘urilishi uchun har tomonlama yordam ko‘rsatadi.

2016 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot o‘rtasida munosabatlar to‘g‘risidagi bitim tuzilgan. Shu tariqa MXT Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan muassasalaridan biriga aylandi.

2018 yilda O‘zbekiston Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylandi va MXT Konstitutsiyasini ratifikatsiya qildi.

Ayni vqtda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida 2021 yil 15 iyunda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi” izchil amalga oshirilmoqda.

 

Migratsiya va inson huquqlari

 

Migratsiya masalalari inson huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish bilan chambarchas bog‘liq. Inson huquqlari to‘g‘risidagi barcha hujjatlarda u yoki bu tarzda migratsiyaning asosini tashkil etuvchi harakat erkinligi masalalariga to‘xtalib o‘tiladi.

Masalan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 13-moddasida: “har kim har bir davlat ichida erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqiga ega”, deyilgan. Ushbu huquqning qoidalari Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12 va 13-bandlarida yanada batafsil berilgan.

Harakatlanish va yashash joyini tanlash erkinligi – tug‘ilganidan boshlab har bir insonga tegishli bo‘lgan tabiiy va ajralmas imkoniyatdir.

Keng ma’noda qaraganda, harakatlanish va yashash joyini tanlash erkinligini shaxsning qonuniy joylashgan mamlakati hududida qarshiliksiz harakatlanishi, shuningdek uning o‘zi belgilagan vaqtincha yoki doimiy yashash joyida erkin istiqomat qilish ko‘rinishidagi ushbu ne’matdan tabiiy hosil bo‘ladigan, daxlsiz, qonun bilan mustahkamlangan va kafolatlangan foydalanish imkoniyati, deb ta’riflash mumkin.

Migratsiya sohasida amal qilayotgan ko‘plab xalqaro shartnomalar mavjud. Bu o‘rinda, jumladan:

- 1990 yilgi Barcha mehnatqash migrantlar va ularning oila a’zolarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya;

- Xalqaro mehnat tashkilotining 1975 yilgi Migratsiya sohasidagi huquqbuzarliklar va mehnat migrantlari uchun teng sharoit va muomalalarni ta’minlash to‘g‘risidagi konvensiyasi;

-  Xalqaro  mehnat  tashkilotining  1949  yilgi  Mehnat migrantlari  to‘g‘risidagi 97-sonli konvensiyasi;

-  BMTning Transmilliy uyushgan  jinoyatchilikka  qarshi  konvensiyasi  va  uning  ikkita Bayonnomasi  –  Migrantlarni  quruqlik,  dengiz  va  havo  orqali  noqonuniy  olib  kirishga  qarshi bayonnoma va Odam savdosining oldini olish to‘g‘risidagi bayonnoma;

-  1951 yilgi Qochqinlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya va uning 1967 yilgi Bayonnomasi;

-  BMTning 1961 yilgi Fuqaroligi yo‘qligi holatlarini kamaytirish to‘g‘risida konvensiyasini sanab o‘tish mumkin:

2016 yil sentyabr oyida Qochqinlar va migrantlar bo‘yicha Nyu-York deklaratsiyasi qabul qilinib, unda xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiya bo‘yicha global kelishuvni ishlab chiqishga qaror qilindi. Bitim migratsiya jarayonlarini boshqarishni takomillashtirish, zamonaviy migratsiya muammolariga javob berish va migrantlarning barqaror rivojlanishga hissasini kuchaytirish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi.

Mmigratsiya va migrantlar barcha davlatlar iqtisodiyoti, erkin savdo va innovatsiya jarayonlarida sezilarli mavqeiga egadir. Aynan shu sababli xalqaro hamjamiyat 2018 yilda Marokash shahrida Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnomani ma’qullagan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda jahonda 70 mln kishi noqonuniy migrant hisoblanadi. Pandemiyaning dastlabki bosqichida ko‘rilgan karantin choralari tufayli ularning ma’lum bir qismi mehnat qilishga borgan mamlakatlarda ijtimoiy himoyasiz, iste’mol mahsulotlarisiz, turar joysiz va o‘z Vataniga qaytish imkoniyatisiz qoldi.

 

Migratsiya va O‘zbekiston

 

Hozirgi  vaqtda  davlat  boshqaruvi  sohasida  amalga  oshirilayotgan  keng  ko‘lamli islohotlar  va  xalqaro  hamkorlikni  rivojlantirish  doirasida  O‘zbekistonda  migratsiya  masalalariga munosabat tubdan o‘zgardi. Yurtimizda migrantlar huquqini himoya qilish yo‘nalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish borasida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish bo‘yicha taklifida COVID-19 pandemiyasi sharoitida aholi bandligini ta’minlash, mehnat migrantlari manfaatlarini himoya qilish, qashshoqlikni yumshatish masalalarida davlatlarning hamkorligi va majburiyatlari masalasi o‘z ifodasini topgan. Bu tashabbus ijobati migrantlar huquqini himoya qilish yo‘nalishidagi ishlar samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarida migrantlar huquqini himoya qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Yurtimizda Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish va bartaraf etish hamda ular uchun jazolash to‘g‘risidagi Palermo protokoli qabul qilinganining 20 yilligi keng nishonlandi.

Mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha qonunchilik ham takomillashtirilmoqda. Bu o‘rinda Prezidentimizning:

  • 2019 yil 20 avgustda qabul qilingan “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni;
  • 2020 yil 14 sentyabrda qabul qilingan "Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori;
  • Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustda qabul qilingan “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni alohida ta’kidlash lozim.

Xususan, davlat rahbarining 2019 yil 20 avgustda qabul qilingan “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida” farmoni bilan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jumladan ularning turmush sharoitlari yaxshilash, ularga moliyaviy yordam berish, tibbiy xizmat ko‘rsatishning ishonchli mexanizmlari yaratildi.

Prezidentimizning 2020 yil 15 sentyabrda qabul qilingan "Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan O‘zbekistonda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilindi.

Mazkur Qaror asosida mehnat qilishga xorijga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun yangi mexanizm yaratildi. U quyidagi uch asosiy bosqichni o‘z ichiga olgan:

Birinchi bosqich: xorijga ishlashga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni tayyorlash ishlari tashkil qilinmoqda. Xorijga ishlashga bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasbiy va til bo‘yicha tayyorlash ishlari mamlakatdagi 14 ta “Ishga marhamat” ish bilan band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatish monomarkazida, 30 ta kasbiy tayyorgarlik markazida, 136 ta mahallada, 24 ta kollej va 13 ta texnikumda amalga oshirilayotir.

Ikkinchi bosqich: mehnat migrantlariga xorijda huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil qilindi. Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatish maqsadida Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara va Ufa hamda Janubiy Koreyaning Kvandju shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentliklar tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulliklari huzurida Mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi joriy etildi.

Uchinchi bosqich:  O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlarining qayta moslashuviga yordam ko‘rsatilmoqda. Bandlikni qo‘llab-quvvatlash markazlarida mamlakatga qaytgan mehnat migrantlarining qayta moslashuvi bilan shug‘ullanadigan inspektorlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatga qaytib kelgan va ijtimoiy nochor bo‘lgan mehnat migrantlariga kvotalangan ish o‘rinlari nazarda tutilgan. Qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligiga ko‘maklashish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi vositalari hisobidan subsidiya va grantlar shaklida moliyaviy yordam berish xizmati joriy etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida migrantlar huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilmoqda.

Hozirgi vaqtda «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqish va Mehnat kodeksining yangi tahririni qabul qilishga tayyorgarlik ishlari qizg‘in borilmoqda. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnatkash-migrantlar to‘g‘risidagi 97-sonli konvensiyasini O‘zbekistonda ratifikatsiya qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot hamkorligida migrantlar huquqlarini ta’minlash yo‘nalishida muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Milliy markazda “Xalqaro migratsiya huquqi” axborot-resurs markazi tashkil etildi, “COVID-19 pandemiyasining  migrantlar harakati va himoyasiga ta’siri”, “Migrantlarning va oila a’zolarining pul mablag‘larini ko‘chirish va bank mahsulotlariga doir siyosat sohasidagi ehtiyojlari” mavzularida xalqaro tadbirlar o‘tkazildi.

Joriy yil  may oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurib, mehnat migrantlari huquq va manfaatlarini himoya qilinishi holatini o‘rgandi. Tashrif davomida O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha O‘zbek-Rossiya Forumi o‘tkazildi. Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markazida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

 

Mirzatillo Tillaboev,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari

 

Powered by GSpeech