BMT shartnomaviy organlari hisobdorligi tizimi: fuqarolik jamiyatining roli qanday?

2021 yil 20 dekabr kuni Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining shartnomaviy organlari hisobdorligi tizimi: bunda fuqarolik jamiyatining tutgan muhim roli yuzasidan jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Maqsad — hisobot berish tartib-qoidalari, uning inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarni bajarishdagi o‘rni to‘g‘risida milliy manfaatdor tomonlarning xabardorligini oshirish hamda bu jarayonlarda fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish.

Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati va Xalqaro yuristlar komissiyasi (XYuK) tomonidan Demokratiya va inson huquqlari uchun Yevropa instrumenti (EIDHR) orqali Yevropa Ittifoqi, BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha Inson huquqlari Oliy komissari boshqarmasining Mintaqaviy bo‘limi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Shveysariyaning mamlakatimizdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Ochiq muloqot shaklidagi muhokama ishtirokchilari davlatlarning BMT shartnomaviy organlari oldidagi hisobdorlik tartiblarini hamda O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi tegishli tajribasini ko‘rib chiqdi. Yaqin orada mamlakatimiz BMTning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Qo‘mitasi (CESCR) hamda BMTning Xotin-qizlarni kamsitilishiga barham berish bo‘yicha Qo‘mitasi (CEDAW) oldida hisobot berishi kutilmoqda. Muhokamada asosiy urg‘u mazkur hisobotlarga qaratildi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘z oldi va BMTning shartnomaviy organlariga milliy hisobotlarni taqdim etishda mamlakatimiz tajribasi haqida ma’lumot berdi.   

Shuningdek, BMTning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha Qo‘mitasi vitse-prezidenti Aslan Abashizde so‘zga chiqib, davlat va muqobil ma’ruzalar, davlat hisobotlarini taqdim etish tajribalari, jumladan yakuniy xulosalarni qabul qilish jarayonlari haqida gapirdi.

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning milliy tajribasiga to‘xtaldi.

O‘zbekiston fuqarolik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Dilovar Qobulova davlat hisobotini, muqobil ma’ruzalarni taqdim etishda fuqarolik jamiyatining roliga e’tibor qaratdi.

Muhokama yakunida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari, davlat organlari vakillari, mustaqil va xalqaro ekspertlar BMTning shartnomaviy organlari oldida davlatning hisobot berishi jarayonlarida fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirishning galdagi qadamlari belgilab olindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech