Osiyo konstitutsionalizmi to‘g‘risidagi an’anaviy konferensiya boshlandi

2022 yil 14 fevral kuni “Globallashuv sharoitida hozirgi zamon Osiyo konstitutsionalizmining o‘ziga xos xususiyatlari va o‘zgarish sur’atlari” mavzusidagi anjuman videokonferens-aloqa shaklida o‘z ishini boshladi. Har yili o‘tkaziladigan konferensiyaning bu galgi tashkilotchilari Osiyo Huquqiy almashinuvlar markazi va Yaponiyaning Nagoya universiteti huzuridagi Huquq oliy maktabi hisoblanadi.

Mazkur an’anaviy anjumandan ko‘zlangan maqsad – keyingi o‘n yilliklar davomida Osiyo qit’asi mamlakatlarida konstitutsionalizm barpo etish borasida erishilgan natijalar yuzasidan o‘zaro axborot va tajriba almashishdan iborat.

Tadbirda Osiyo va Yevropaning yigirmaga yaqin mamlakati akademik hamjamiyatlari va universitetlari vakillari qatnashmoqda.

Konferensiya ishida mamlakatimizdan – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov yetakchi ekspert va ma’ruzachi sifatida ishtirok etmoqda.

Akademik A.Saidov anjuman ishtirokchilariga hozirgi dunyoda Konstitutsiyaning tutgan o‘rni va ahamiyati, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy modellari to‘g‘risida so‘zlab berdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari konstitutsiyaviy taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr yuritar ekan, O‘zbekistonning bu boradagi tajribasiga alohida to‘xtaldi.

Mamlakatimizda Asosiy Qonunni qabul qilish jarayoni ikki bosqichli umumxalq muhokamasi orqali amalga oshirilgan. Shu tariqa Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalqchil asosiy hujjatga aylangan.

Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 16 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. 2021 yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovining saylovoldi jarayonlarida jamoatchilik vakillari tomonidan kelgusida Konstitutsiyaning ayrim institutlari va normalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surildi. Bu o‘rinda, jumladan, xususiy mulkning daxlsizligi kafolatlarini yanada kuchaytirish, yerga egalik huquqini mustahkamlash, shuningdek, atrof muhitni muhofaza qilish va fuqarolarning ekolgiyaga oid huquqlarini himoya qilish masalalari nazarda tutilgan.

Anjumanning birinchi kuni Yevroosiyo makonidagi mamlakatlar konstitutsiyaviy taraqqiyot istiqbollari muhokama qilindi. Konferensiyaning oxirgi kuni, ya’ni 15 fevralda butun Osiyo mintaqasidagi konstitutsionalizmning xususiyatlari va taraqqiyotiga oid masalalar ko‘rib chiqiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech