Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlarini ta’minlash: O‘zbekiston tajribasi

O‘tgan qisqa 5 yillik davrda respublikada inson huquq 
va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jamiyatda siyosiy faollik ortib, barcha sohalarda chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Ulardan ko‘zlangan asosiy maqsad  «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan tamoyilni amalga oshirish ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishdan iborat.

Mamlakatning barcha hududlarida Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etilgani, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilgani, odamlarning erkin harakat qilishini cheklaydigan xorijga chiqish vizalari bekor qilingani, inson huquqlarini himoya qilish masalasi bo‘yicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqot faollashib borayotgani, ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, adashgan fuqarolar ijtimoiy reabilitatsiya qilinayotgani, ommaviy axborot vositalarining o‘rni sezilarli darajada oshayotganligi mazkur sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning natijasi hisoblanadi. 

Hozirgi kunda ham xalqaro terrorizm va ekstremizm tahdidlari dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda va bu hushyorlikni ko‘zdan qochirmaslikni, o‘z vaqtida chora ko‘rishni, millionlab insonlar farovonligi uchun ekstremistik g‘oyalarning kelib chiqish manbalarini o‘rganishni talab etadi. Shu bilan birga terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlarining ta’minlanishi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Mustaqil O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurashning o‘ziga xos tarixiga ega bo‘lib, bunda mustaqillikka erishgandan so‘ng radikal g‘oyalarning tarqalishi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, mintaqada qo‘shimcha beqarorlik o‘choqlarining paydo bo‘lishi, hokimiyatni din orqali qonuniylashtirish va mustahkamlashga urinishlar bo‘lgan.

O‘zbekistonda oxirgi 10 yil ichida birorta ham terakt sodir etilmagan bo‘lishiga qaramasdan, mamlakat fuqarolari ishtirok etgan Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi jangovar harakatlarda, shuningdek, O‘zbekistondan kelgan muhojirlarning AQSh, Shvesiya, Turkiyada terrorchilik harakatlariga jalb etilishi aholini deradikalizatsiya qilish muammosiga yondashuvni qayta ko‘rib chiqish va profilaktika choralarining samaradorligi darajasini oshirish zaruratini tug‘dirmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonda asosiy e’tibor terrorizmning tarqalishiga yordam beruvchi shart-sharoitlar va sabablarni aniqlash va bartaraf etishga qaratildi. Bu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga yondashuvlarni konseptual qayta ko‘rib chiqish quyidagi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Birinchidan, Mudofaa doktrinasi, “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi, “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi terrorizmga qarshi kuraishish va profilaktika sohasidagi qonunchilikni mustahkamlash imkonini berdi. 

Ikkinchidan, inson huquqlari va qonun ustuvorligini hurmat qilish O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashning ajralmas qismi hisoblanadi. Terrorizmga qarshi hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralari milliy qonunchilik va mamlakatning xalqaro huquqiy majburiyatlariga mos keladi.

Davlat siyosati terroristik jinoyatlarni sodir etishda aybdor shaxslarni reabilitatsiya qilish masalalariga yo‘naltirilgan. Ushbu chora-tadbirlar insonparvarlik, adolatlilik, sud hokimiyatining mustaqilligi, sud jarayonining raqobatbardoshligi, “Xabeas korpus” instituti faoliyatini kengaytirish, tergov faoliyati ustidan sud nazoratini kuchaytirish tamoyillariga asoslanadi. Aholining odil sudlovga ishonchi ana shu tamoyillarni hayotga tatbiq etish orqali erishiladi.

Uchinchidan, ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib, 
o‘z xatolarini anglab yetgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, normal hayotga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan “qora ro‘yxatlar” deb ataluvchi ro‘yxatlardan tuzalish yo‘liga kirgan shaxslarni ulardan chiqarish maqsadida qayta ko‘rib chiqildi. 
2017-yildan buyon 20 mingdan ortiq kishi bunday ro‘yxatlardan chiqarildi.

Prezidentimizning afv etish haqidagi farmonlariga asosan, insonparvarlik tamoyiliga tayanib, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga g‘amhurlik ko‘rsatish maqsadida, ularning orasida o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lgan, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida jinoyat sodir etgan, 1 324 nafar fuqarolar afv etilib, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etildi.

Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi urush zonalariga borgan fuqarolarning ishlarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonda maxsus komissiya faoliyat yuritmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, og‘ir jinoyat sodir etmagan va jangovar harakatlarda ishtirok etmagan shaxslar jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Bu chora-tadbirlar O‘zbekiston fuqarolarini Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar zonalaridan qaytarish bo‘yicha “Mehr” gumanitar aksiyasini amalga oshirish imkonini berdi. 2017 yildan beri 500 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari, asosan, ayollar va bolalar mamlakatga qaytdi. Ularning jamiyatga integratsiyalashuvi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan: ta’lim, tibbiy va ijtimoiy dasturlar, jumladan, uy-joy va ish bilan ta’minlash orqali foydalanish imkoniyati ta’minlandi.

To‘rtinchidan, terrorizmning tarqalishiga yordam beradigan sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda yoshlar va gender siyosati, shuningdek, ta’lim, barqaror rivojlanish, ijtimoiy adolat, qashshoqlikni kamaytirish va ijtimoiy integratsiya sohalari bo‘yicha tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish uchun zarur tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarni yaratatmoqda.

1995 yil 31 avgustda BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga qo‘shilish bilan davlatimiz inson huquqlari va erkinliklarining umume’tirof etilgan qadriyatlariga bo‘lgan intilishini yana bir bor tasdiqladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq sohasini isloh qilishda muhim hodisa bo‘ldi.

Farmon bilan jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik 
va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llash man etildi. Jinoyat ishi doirasida noqonuniy yo‘l bilan olingan har qanday audio va video yozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish taqiqlandi.

2018 yil 4 aprelda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llaganlik uchun mas’uliyat kuchaytirildi.

2021 yil 26 iyunda O‘zbekiston Prezidentining «Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Quyidagilar ushbu guruhlarning asosiy vazifalaridan etib belgilandi:

gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida (keyingi o‘rinlarda — harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar) qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish;

harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlash shart-sharoitlarini o‘rganish va ular yuzasidan axborotlarni jamoatchilikka e’lon qilib borish;

qiynoqqa solish holatlarini aniqlash hamda ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha talabnomalarni tegishli davlat organiga taqdim qilish;

qiynoqqa solish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish va boshqalar.

Jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari jalb qilinadi. Bunda ularning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun kasbiy malakasi va amaliy bilimlarga ega bo‘lishi hamda gender tengligini ta’minlash hisobga olinadi.

Ombudsman tomonidan har yili 15 martga qadar Oliy Majlis palatalariga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruza taqdim etadi va uni OAVdada e’lon qiladi.

2020 yil O‘zbekiston tarixida birinchi marta O‘zbekistonning Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini amalga oshirishga, ushbu tavsiyalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etishga qaratilgan milliy harakatlar rejalarini (“yo‘l xaritalari”) so‘zsiz amalga oshirishni nazarda tutadi.

Milliy strategiyani amalga oshirish doirasida Adliya vazirligi tomonidan «Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu qonun loyihasi irqi, jinsi, tili, dini, siyosiy qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy, sinfiy yoki boshqa holatlardan qat’i nazar jamiyat hayotining turli sohalarida fuqarolarni kamsitilish yuzaga kelishidan to‘liq himoya qilinishini ta’minlashni nazarda tutadi.

Shu bilan birga vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar yaqin oylarda nihoyasiga yetishi kutilmoqda.

2021 yilda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Qonunni tayyorlashda ushbu sohadagi xalqaro me’yor va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari puxta o‘rganilib, ulardagi asosiy qoida 
va tamoyillar inobatga olindi.

Yurtimizda tarixan shakllangan an’ana, urf-odat 
va qadriyatlarni hisobga olgan holda, Qonunda hamkorlarimiz – Yevropa Kengashining Venesiya komissiyasi, Yevropada xavfsizlik 
va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar ekspertlari tomonidan berilgan tavsiyalar o‘z aksini topdi.

Qonun asosida diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish 
va tugatish bilan bog‘liq tartib soddalashtirilib, bu borada muhim yengilliklar joriy etildi. Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron shaklda, inson omilisiz amalga oshirilishi joriy etildi.

Diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi adliya idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar soni keskin qisqardi, ularni ko‘rib chiqishning muddati esa 3 barobarga kamaydi, ya’ni 3 oydan 1 oyga tushirildi.

Diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari Qonun bilan belgilanib, unda ko‘rsatilmagan asoslarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’minlandi.

Shu bilan birga, diniy tashkilotning faoliyatini to‘xtatib qo‘yish va tugatish faqatgina sud orqali bo‘lishi, ro‘yxatdan o‘tkazadigan va boshqa davlat organlari bunga haqli emasligi, mansabdor shaxslarning muayyan diniy tashkilot qonuniy manfaatlarini buzuvchi xatti-harakatlari ustidan sudga murojaat qilinganda diniy tashkilot davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi kabi qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutildi.

Diniy qarash va ta’limotlarning turlicha talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “noqonuniy diniy faoliyat” bilan “qonuniy diniy faoliyat” o‘rtasidagi chegara aniq belgilab qo‘yildi hamda “diniy ta’lim” tushunchasiga huquqiy jihatdan aniqlik kiritildi.

Shuningdek, Qonun bilan belgilab qo‘yilayotgan vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar konfessiyalar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, dunyoviy davlatchiliANNk tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot g‘oyalarning singdirilishiga qarshi ma’rifat yo‘li bilan kurashishni nazarda tutadi.

Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlaymiz, O‘zbekiston — ko‘p konfessiyali mamlakat. Unda istiqomat qiladigan 130 dan ortiq millat va elat vakillari 16 konfessiyaga amal qiladi. Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan jami 2318 ta diniy tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shulardan 2127 tasi islomiy, 191 tasi noislomiy. Bulardan 2099 tasi masjid va 184 tasini cherkovlar tashkil etadi. Ularning o‘zaro tinch, totuv va hamkor faoliyat ko‘rsatishi Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Diniy ta’limning professional maqomi rasman e’tirof etildi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar, dunyoviy ta’lim olish huquqi ta’minlanishi qayd etildi. Har qanday shaxsning “o‘zicha” aholiga diniy ta’lim berishi – noan’anaviy aqidalarning tarqalishiga, mutaxassis bo‘lmagan shaxslar tomonidan sof diniy masalalar bo‘yicha biryoqlama tushunchalar berilishiga olib keladi.

Bu esa jamiyatda diniy masalalar bilan bog‘liq ixtiloflar kelib chiqishiga, aholining yot g‘oya va qarashlar ta’siriga tushishiga sabab bo‘ladi. Shu maqsadda, diniy ta’lim muassasasidan tashqarida diniy ta’lim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi.

Amaldagi qonunchilik hujjatlarida “ibodat libosi” tushunchasining huquqiy ta’rifi mavjud emasligi sababli jamoat joylarida ibodat libosida yurishga taqiq Qonundan chiqarib tashlandi.

Shu bilan birga, amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bundan tashqari, davlat idoralari tomonidan qonun normalari noxolis talqin qilinishi va turlicha qo‘llanishining oldini olish maqsadida atama va tushunchalarga ta’riflar keltirildi, ular aniq va ravshan tarzda bayon etildi.

Umuman olganda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarda inson manfaatlari va huquqlari eng oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilib bormoqda.

Adliya vazirligi mas’ul xodimi 

A.Normo‘minov

 

Powered by GSpeech