Ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlarini ta’minlash: O‘zbekiston tajribasi

   Joriy yilning 25 mart kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya aynan shu mavzuga bag‘ishlandi.

     Unda BMT narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, qator davlat organlari va nodavlat tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek mamlakatimiz hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan, shu jumladan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

     Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ishtirok etib, O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlari himoyasini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida jazoni ijro etish tizimini insonparvarlashtirish, sohadagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlar va normalarga muvofiqlashtirish masalalariga, shuningdek, bu borada Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, amaliy ishlar va o‘zgarishlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.

     Anjumanda jinoiy jazolar ijrosini ta’minlashda shaxs huquq va erkinliklarini ta’minlash, mahkumlarni axloqan tuzatish va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda insonparvarlik tamoyillarini samarali tatbiq masalalari, ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro tajribaning o‘ziga xos jihatlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

     Shuningdek, “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizm milliy tajribasi”, “O‘zbekiston Respublikasi jazoni ijro etish tizimida inson huquqlari bo‘yicha vakilning faoliyati”, “Ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlar xavfsizligini ta’minlashning kriminologik muammolari”, “Evropa penitensiar tizimlarining inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha tajribasi”, “Qirg‘iziston Respublikasida mahkumlarni deradikalizatsiya va qayta ijtimoiylashtirish inson huquqlari kafolati sifatida” va boshqa dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

     Onlayn muloqotda Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Qarag‘anda akademiyasi, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Sibir yuridik instituti va Turkiya Respublikasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi vakillari o‘z mushohadalari bilan o‘rtoqlashdilar.

     Ilmiy-amaliy konferensiya davomida ekspert va mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida mahkumlarning huquq va erkinligi hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni axloqan tuzatishning samarali usul va shakllarini amaliyotga keng joriy etish, jazoni ijro etish muassasalarida tartibotni mustahkamlash, xorijiy davlatlarning mazkur sohadagi ilg‘or tajribalarini o‘rganishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

     Tashkilotchilar tomonidan konferensiya yakunlari bo‘yicha ilmiy maqolalar to‘plamini chop etish rejalashtirilgan.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti

 

Powered by GSpeech