Fuqarolar huquqiy himoyasini kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar belgilandi.
Shu bilan birga, qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlar yaratildi.
Bu ishlar davlatimiz rahbarining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur qarorda 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish choralarini ko‘rish belgilangan.
Shunga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Ichki ishlar organlari faoliyatida inson huquqlarini ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Qaror asosida Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan gaupvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism va majburiy davolash muassasalarida qiynoqqa solish holatlarini oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarning muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘zdan kechirilmasligi hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishi ta’minlanmoqda.
Malaka oshirish instituti boshlig‘i polkovnik Olimjon Ahmedov Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq barcha sohalarda inson qadrini ulug‘lash tamoyili joriy etilayotgani umuminsoniy qadriyatlarga muvofiqligini ta’kidladi. Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham har qanday sharoitda ham inson huquqiga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.
Bu borada ichki ishlar organlari xodimlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak insoniy va professional salohiyatga ega bo‘lishi talab etilmoqda. Muhimi, bu borada ularning malakasi ham oshirilmoqda.
Konferensiyada inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqiy hujjatlarning ichki ishlar organlari faoliyati uchun ahamiyati, insonlarni kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, bu jarayonda ushlangan shaxsning yaqinlariga xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi, ularni qonunchilikka implementatsiya qilish amaliyoti, qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bosh prokuratura, IIV, FVV Akademiyalari, Bojxona instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti, Milliy gvardiya ixtisoslashgan o‘quv markazi, TDYuU ixtisoslashtirilgan filiali, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, IIV Tergov departamenti mas’ul xodimlari ishtirok etgan ilmiy-amaliy konferensiyada mavzuga oid tavsiyalar ishlab chiqildi. Konferensiya materiallarini to‘plam shaklida chop etish belgilandi.
Tadbir yakunida IIV Malaka oshirish instituti va Davlat va huquq instituti o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 28.03.2022
- Ko'rishlar: 2571
- Chop etish