Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va huquqshunoslik fanlarining dolzarb muammolari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va huquqshunoslik fanlarining dolzarb muammolari” mavzusida oflayn va onlayn shaklda ilmiy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tashkil etildi. Ilmiy-amaliy tadbirda Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari, O‘zbekistondagi yuridik va turdosh oliy o‘quv yurtlari, vazirlik hamda idoralari bilan bir qatorda mamlakatimizning akademik hamjamiyati va tahliliy markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, sohaning yetuk olimlari, shuningdek, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. 



Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar, shuningdek, ularning ijrosi bo‘yicha huquqshunoslik fani oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, sohadagi ilmiy-amaliy ishlar rejasini tuzishga oid taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat. 



– Prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” kitobida ko‘zda tutilgan kodekslar, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish nafaqat ulardagi normalarni milliy rivojlanishimiz qonuniyatlari, ilg‘or xorijiy va xalqaro tajribalarni chuqur o‘rganish asosida aniqlash, balki ularning iqtisodiyotga, tadbirkorlikka, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa bog‘liq sohalarga ta’sirini ham chuqur o‘rganishni talab etadi, – dedi akademik Akmal Saidov.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi fan va talim sohasidagi tub islohotlar natijasida qayta tiklangan Fanlar akademiyasi tizimidagi institutlar va boshqa tadqiqot markazlari, hususan Davlat va huquq instituti, huquqshunoslarni tayyorlovchi yuridik universitetlar, akademiyalar, fakultetlar va yuridik texnikumlarning professor-o‘qituvchilari, huquqshunoslar oldiga qator dolzarb vazifalarni qo‘yadi.  

Tadbir davomida, shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan dolzarb mavzular – qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ulug‘lash, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonunchilikni takomillashtirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish, huquqiy sohadagi xalqaro ilmiy tadqiqotlarni takomillashtirish kabi mavzularga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. 

Tadbir yakunida yuridik fanlar sohasida 12.00.01 – 12.00.14 ixtisoslik shifrlari bo‘yicha PhD va DSc namunaviy mavzulari tasdiqlandi hamda Davlat va huquq instituti tomonidan chop etilgan yuridik adabiyotlar taqdimoti o‘tkazildi.  


Fayzullo Yahyoyev,  
O‘zA

Powered by GSpeech