Joriy yilning 26 may kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari boshlandi.
O‘quv-kurslarida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, IIV Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturasi tizimidagi xodimlar ishtirok etmoqdalar.
O‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandida belgilangan Inson huquqlari Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha vazifani bajarish maqsadida tashkil etildi.
2021 yil 17 noyabrdan – 17 dekabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi 1200 nafar tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun o‘quv kurslari tashkil etilgan, navbatdagisi prokuratura tizimidagi xodimlar uchun tashkil etildi.
Aslida, insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdir. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.
Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa turdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Bu haqida so‘z borganda, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1997 yil 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni deb e’lon qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur xalqaro sanada dunyo miqyosida qiynoqlarga butunlay barham berish hamda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi yanada samarador ishlashini ta’minlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘quv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosida qo‘llashga oid amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirishga mo‘ljallangandir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.05.2022
- Ko'rishlar: 3497
- Chop etish