“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining joriy yildagi ikkinchi soni nashr etildi.
Jurnalning dastlabki sahifalaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbaevaning “Majburiy mehnatga qarshi kurashishning dolzarb tendensiyalari: natijalar va istiqbolli rejalar” nomli maqolasi o‘rin olgan. Mazkur maqolada “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi asosida olib borilayotgan tizimli islohotlar keng yoritilgan. Jumladan, respublikamizda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistonda bandlikka ko‘maklashish milliy strategiyasi ishlab chiqilayotgani va mazkur strategiyani amalga oshirishning maqsadli yo‘nalishlari bayon etilgan.
Maqolada ta’kidlanganidek, 2021 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat bo‘yicha 2021 – 2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat dasturi qabul qilindi. Dasturda asosiy e’tibor xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surishga, norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoya masalalariga qaratilgan.
Shuningdek, maqolada odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan istiqbolli rejalar ham batafsil sharhlangan.
“Ayollarimizning qonuniy huquq va manfaatlari” ruknida taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning “Mustahkam oila va faol xotin-qizlar jamiyat farovonligini belgilaydi” nomli maqolasi ham diqqatga sazovordir. Maqolada yurtimiz ayollarining qadrini ulug‘lash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maqsadli va tizimli chora-tadbirlar hamda mazkur sohada erishilayotgan yutuqlar bayon qilingan. Shuningdek, jamiyatimizda oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining ahamiyati yoritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovning “Mehnat munosabatlarida gender tengligi: xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar” nomli maqolasida esa xotin-qizlarni ularning qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib munosib ish faoliyati bilan band etish, ayollarni kasb-hunarlarga imtiyozli asosda o‘qitish, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalar yoritilgan. Maqola so‘ngida, “Ayol mehnatidan rozi bo‘lsa, turmushi farovonlashadi, oila ham mustahkamlanadi. Baxtli va hamjihat oilalar esa mamlakatimiz barqaror taraqqiyotini ta’minlovchi eng muhim omil hisoblanadi”, deya xulosa chiqarilgan.
E’tiborga molik maqolalardan yana biri – Qozon davlat universitetining xalqaro va Yevropa huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Adel Abdullinning rus tilida chop etilgan “Соотношение и взаимодействие международного частного права и международного публичного права: генезис, нормы, системность” nomli maqolasidir. Unda xalqaro xususiy huquq va xalqaro ijtimoiy huquq tushunchalarining mazmun-mohiyati va ahamiyati batafsil tahlil qilingan.
Qadrli jurnalxonlarimizni IIV Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i polkovnik Rustam Tursunov bilan tashkil etilgan suhbat ham bee’tibor qoldirmasligiga aminmiz. Unda so‘nggi besh yilda jazoni ijro etish tizimida amalga oshirilgan islohotlar, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash maqsadida bajarilgan amaliy ishlar, mahkumlar o‘z huquqlaridan foydalanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z borgan.
Jurnalimizning ushbu sonida jahon adabiyotining ulkan namoyandasi, buyuk adib Lev Tolstoy ijodi ixlosmandlari uchun ham munosib sovg‘a hozirlandi. Akademik Akmal Saidovning «“Urush va tinchlik” falsafasi: saralangan hikmat durlari» nomli maqolasida “Urush va tinchlik” roman-epopeyasi haqida mufassal sharh hamda asarning o‘zbek tilidagi tarjimasidan saralab olingan hikmatli fikrlar taqdim etilgan.
Shuningdek, jurnal sahifalaridan o‘rin olgan A.Po‘latov, U.Pirmuhamedova, J.Islamov, A.Yuldashev, H.Yunusov, X.Fayziev, S.Saidova, A.Shodiev, Sh.Aliev, Sh.Raximov, M.Najimovning o‘zbek tilidagi, D.Muratova, B.Umirzakov, A.Murodov, F.Djuraev, S.Gafurova, S.Shadmanova, T.Qochqorovning ingliz tilidagi, G.Abduraxmanova, F.Xamdamova, L.Saidova, Sh.Tillaboev, Sh.Salieva, A.Egamberdiev, N.Ibragimova, X.Rajabov, K.Xudjamovaning rus tilidagi maqolalari ham dolzarb mavzularga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
Eslatib o‘tamiz, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali xalqaro identifikatsiya raqamiga (doi®) ega. Shuningdek, jurnal Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan. Jurnalning yangi sonini www.dhrjournal.uz veb-sayti orqali onlayn to‘lov yo‘li bilan xarid qilishingiz mumkin.
Maroqli mutolaa zavqi hamrohingiz bo‘lsin!
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyati
- Qo'shildi: 13.06.2022
- Ko'rishlar: 3570
- Chop etish