MAJBURIY MEHNATGA QARSHI KURASHISHNING DOLZARB TENDENSIYALARI: NATIJALAR VA ISTIQBOLLI REJALAR

Tanzila NARBAEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi

 

So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev boshchiligida Yangi O‘zbekistonni bunyod etish uchun xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi asosida tizimli islohotlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoev aytganidek: “Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan norma va prinsiplarga qat’iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir”.

Bugungi yangi O‘zbekistonda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida tizimli islohotlar olib borilmoqda, barcha tarmoq, soha va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlarning asosida yangicha ruh, yangicha kayfiyat va vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan yangicha hayot mazmuni kirib bormoqda.

Islohotlarning markazida – xalqqa xizmat qilish, aholini rozi qilish, ularning dardi bilan yashash, muammolarini hal etish ustuvor masalaga aylangan.

Bunday jarayonlarda ochiqlik va oshkoralikka amal qilgan holda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi asosiy natija va xalqaro e’tirof sifatida O‘zbekistonning ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021–2023 yillarga saylanganini aytib o‘tish mumkin.

Ta’kidlash joizki, inson xuquqlarini ta’minlashda mehnat munosabatlari tizimini takomillashtirish, aholi bandligini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ustuvor ahamiyat kasb etib, davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Mazkur yo‘nalishdagi tizimli ishlarning sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishida, erishilgan natijalar va eng muhimi, aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishida quyidagi ustuvor tamoyillar asos bo‘lmoqda. Xususan:

  • davlat boshqaruvi organlarining ochiqligi;
  • xalq bilan muloqot;
  • fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • majburiy mehnat bilan bog‘liq har qanday holatni favqulodda holat sifatida baholash;
  • xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan fuqarolarning xuquqlarini tizimli ta’minlash va ularni himoya qilish;
  • munosib mehnat tizimiga xalqaro standartlarni joriy etish.

Ushbu tamoyillar asosida amalga oshirilgan ishlar  barcha sohalarni, shu jumladan, mehnat bozori va mehnat munosabatlari tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda sohada amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida majburiy mehnatga barham berish borasida aniq natijalarga erishildi. Xususan, 2022 yil 10 mart kuni “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi O‘zbekistonga nisbatan qo‘yilgan “paxta boykoti” bekor qilinganini rasman e’lon qildi.

“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan global boykotning bekor qilinishi mamlakatimizdagi keng ko‘lamli islohotlar samaradorligining yorqin misoli bo‘ldi.

Qayd etish joizki, o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotning bekor qilinishi yurtimizda, birinchi navbatda, hududlarda millionlab yangi  munosib ish o‘rinlarini yaratishga, aholining bandlik darajasini oshirishga xizmat qiladi, yangi bozorlarni ochadi, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga imkon yaratadi.

Shuningdek, 2016 yilda O‘zbekistonda tizimli bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Bu natijani inobatga olgan holda Yevroparlament O‘zbekistonning tekstil protokoliga qo‘shilishi haqidagi qarorni qabul qildi.

2020 yilda AQSh Savdo vakili (USTR) O‘zbekistonning mehnat huquqlarini ta’minlash mezoni bo‘yicha AQShning Preferensiyalar bosh tizimiga (GSP) muvofiqligini e’lon qildi, shuningdek Yevrokomissiya tahlillari asosida O‘zbekiston “GSP+”da qatnashish mezonlariga javob beradi degan xulosaga keldi.

2021 yilda AQSh davlat departamenti Jahonda odam savdosi to‘g‘risidagi yillik hisobotida O‘zbekiston pozitsiyasini ikkinchi toifaga mansub mamlakatlar ro‘yxatiga kiritdi.

Erishilgan muvaffaqiyatlar – bu mehnat munosabatlari sohasidagi keng ko‘lamli tizimli islohotlarning samarasi bo‘lib, ular quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi:

1) qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazani mustahkamlash;

2) xalqaro standartlarni implementatsiya qilish;

3) qishloq xo‘jaligini isloh qilish;

4) institutsional asoslarni rivojlantirish;

5) tizimli monitoring va tadqiqotlar olib borish;

6) fuqarolik jamiyati va ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish.

 

Milliy qonunchilikni takomillashtirish

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash, sohaga doir qonunchilik asoslarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida 2021 yilda 16 ta normativ-huquqiy hujjat, shundan 4 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni, 4 ta qarori, Hukumatning 6 ta qarori qabul qilindi.

Jumladan, voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Buning natijasida bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ygan shaxslarning dastlabki qilmishlari uchun jinoiy javobgarlik belgilandi va bolalardan fohishalik maqsadida foydalanish, ularni g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari faoliyatida qatnashishga undash hamda majburiy mehnatga jalb etish uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslarini  soddalashtirish yuzasidan qonun qabul qilindi. Qonun bilan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan va jazo muddatini o‘taganlarga ham farzand asrab olishga ruxsat berildi.

Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigienasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risida”gi 187-sonli hamda “Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigienasi to‘g‘risida”gi 167-sonli konvensiyalari ratifikatsiya qilindi.

Ushbu konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishi mehnat xavfsizligi va gigiena sohasidagi xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.

Milliy qonunchilikni takomillashtirishda asosiy e’tibor xalqaro normalarni va standartlarni implementatsiya qilishga  qaratildi. Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan ko‘p qirrali hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, oxirgi 10 yil davomida O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasida majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat munosabatlari sohasida xalqaro standartlarni joriy etish borasida samarali ishlar amalga oshirildi.

Hozirga qadar O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 19 ta konvensiyasini, shu jumladan 8 ta asosiy va 4 ta direktiv konvensiyasini ratifikatsiya qilgan.

O‘zbekiston har yili Xalqaro mehnat tashkilotining o‘rtacha 2 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilib, Tashkilotning 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro mehnat standartlarini ratifikatsiya qilish kampaniyasida faol ishtirok etdi.

Shunday qilib, majburiy mehnatga qarshi kurashishda qonunchilik bazasini takomillashtirish va xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish orqali ushbu sohada xuquqiy bo‘shliqlar bartaraf etildi va jinoyat uchun jazo xalqaro standartlarga mos ravishda kuchaytirildi.

 

Tashkiliy-institutsional bazani rivojlantirish

 

Munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish, majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida institutsional bazani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy komissiyalarning tashkil etilgani, shuningdek, ushbu masalalar bo‘yicha Milliy ma’ruzachi institutining ta’sis etilgani mazkur yo‘nalishdagi ishlarni ham milliy, ham mahalliy darajada kompleks muvofiqlashtirish imkonini bermoqda.

Milliy komissiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – barcha fuqarolar uchun qulay va munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat xuquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatga qarshi kurashishda aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini ta’minlashdir.

Milliy komissiya tegishli vazirlik va idoralar faoliya tini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati, shu jumladan xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro do‘stona munosabatlarni kuchaytirish bo‘yi cha kompleks chora- tadbirlarni amalga oshiradi. Kompleks chora- tadbirlarni ishlab chiqishda xalqaro hamkorlar va fuqarolik jamiyati vakillarining barcha tavsiyalari inobatga olinadi.

Shuningdek, milliy komissiya o‘z faoliyatida, birinchi navbatda, milliy qonunchilikni va tashkiliy-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro standartlarni implementatsiya qilish, institutsional asoslarni rivojlantirish, sohada amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini tizimli tahlil qilish va mavjud muammolarning yechimiga tizimli yondashishga e’tibor qaratadi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati vakillari va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shu o‘rinda Milliy komissiya faoliyatining majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi o‘ziga xos xususiyatlarini ta’kidlash muhim hisob lanadi, ya’ni:

  • majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtiradi hamda ijrosini nazorat qiladi;
  • majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi jinoyatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish amaliyotini monitoring qiladi;
  • majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

Ta’kidlash kerakki, majburiy mehnatga qarshi kurashishda Xalqaro mehnat tashkilotining tamoyillari asosida 2018 yilda ish beruvchilarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston ish beruvchilari konfederatsiyasi ham muhim o‘rin egallaydi.

Konfederatsiyaning tashkil etilishi mamlakatimizda mehnat munosabatlari sohasida uch tomonlama hamkorlikning to‘liq yo‘lga qo‘yilishiga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston 2019 yilda Xalqaro mehnat tashkilotining “Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli konvensiyasini ratifikatsiya qildi va uning ijrosini ta’minlash maqsadida Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika Uch tomonlama komissiyasi ham tuzildi.

Komissiya tomonidan qisqa vaqt davomida o‘z faoliyati doirasida ijtimoiy mehnat sohasiga oid 120 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyi halari ko‘rib chiqildi. Qabul qilingan qonunlar mazmun-mohiyatini xodimlarga yetkazish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda mehnat sohasidagi huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Qishloq xo‘jaligi sohasini  isloh qilish – davlat siyosatining  muhim yo‘nalishlaridan biri

 

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, qishloq xo‘jaligida klaster tizimini rivoj lantirish misli ko‘rilmagan qadam bo‘ldi, uning maqsadi tayyor mahsulot ishlab chiqarishning barcha jarayonlarini, jumladan xomashyo yetishtirishdan tortib to uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni birlashtirgan yagona zanjirni shakllantirishdir.

Umuman, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta e’tibor qaratilmoqda. Paxta yetishtirish va terish jarayonlarini mexanizatsiyalash bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. 2021 yilda paxta terish mashinalari yordamida paxta xomashyosining qariyb 12 foizi (2020 yilda 8,5 foizi) terib olindi.

Bundan tashqari, paxta terimchilarining mehnatiga haq to‘lashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 2021 yilda 1 kg qo‘lda terilgan paxta xomashyosi uchun to‘lov 2015 yilga nisbatan qariyb 10 barobar oshirildi. Bu boradagi ishlar mamlakatimizda majburiy mehnatning oldini olishda asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qildi.

 

Monitoring natijalari

 

Mamlakatimizning barcha hududlarida mehnat munosabatlariga rioya qilinishi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi kurashish yuzasidan tizimli monitoring ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bu borada 2015 yildan boshlab Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan “Uchinchi tomon monitoringi” o‘tkazilmoqda. Uning maqsadi paxtachilik sohasida bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olishdan iborat.

Shuni ta’kidlash joizki, monitoring ishlari dastlabki yillarda xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan bo‘lsa, 2018 yildan boshlab bu ishlarga mahalliy fuqarolik jamiyati institutlari faollari ham jalb etila boshlandi. 2021 yilda esa monitoring to‘liq fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bo‘lgan mustaqil kuzatuvchilar tomonidan o‘tkazildi.

E’tiborlisi, so‘nggi 6 yil davomida o‘tkazilgan monitoringlar natijalari tizimli majburiy mehnatning yo‘qligini ko‘rsatib kelmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda 2021 yilda ham paxta yig‘im-terimi davomida tizimli majburiy mehnatdan umuman foydalanilmagani to‘g‘risida yakuniy xulosa bildirildi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti ushbu yo‘nalishdagi monitoring ishlari to‘liq O‘zbekiston tomoniga topshirilganini e’lon qildi.

Yana bir muhim jihat, Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi”dan tashqari, har yili Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Milliy monitoring hamda Mehnat inspeksiyasining monitoringi o‘tkazilmoqda. Senator va joylardagi deputatlar tomonidan jurnalist va blogerlarni jalb etgan holda parlament nazorati o‘rnatildi. Mazkur monitoring ishlariga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, huquq himoyachilari ham keng jalb etilmoqda.

Ushbu jarayonlarda axborot kampaniyasini tashkil etish va uni amalga oshirish muhim hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, aholining majburiy mehnatning salbiy omillari to‘g‘risida xabardorligini oshirish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2021 yil davomida majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida aholi xabardorligini oshirish maqsadida 20 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Barcha tuman va shaharlardagi aholi gavjum joylarda majburiy mehnatning oldini olish borasida mingdan ortiq banner o‘rnatildi, 1 mln dan ortiq flaer, 10 ming dona plakat tarqatildi.

 

Xalqaro hamkorlikni takomillashtirish

 

Mamlakatimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatining oldini olish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalash borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkor davlatlar bilan samarali hamkorlik olib borilmoqda.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha bosh qarmasi, AQSh Davlat departamenti va Mehnat vazirligi hamda “Cotton Campaign” koalitsiyasi kabi xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha muntazam ravishda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mehnat bozorida demografik yuk yuqori bo‘lgan mamlakat hisoblanadi. Hozirgi vaqtda mehnatga layoqatli aholining soni qariyb 20 mln, ish bilan bandlar soni 15 mln, ishga muhtojlar soni 1 mln 300 ming kishini tashkil etadi, har yili 600 mingdan ortiq yoshlar katta hayotga qadam qo‘ymoqda va ularni ishga joylashtirish zarurati mavjud.

Ushbu masalaning samarali yechimi sifatida O‘zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti ko‘magida O‘zbekistonda bandlikka ko‘maklashish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Strategiyani amalga oshirishning maqsadli yo‘nalishlari etib:

  • mehnat bozorining istiqbolli talablariga muvofiq ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlik asoslariga o‘qitishni rivojlantirish;
  • mehnat bozorida raqobatdosh bo‘lmagan shaxslarni, ayniqsa, ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
  • norasmiy mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni rag‘batlantirish maqsadida mehnat munosabatlarini tartibga solishni takomillashtirish;
  • xavfsiz, uyushgan va qonuniy ichki hamda tashqi mehnat migratsiyasi tizimini rivojlantirish;
  • xalqaro standartlarni joriy etish orqali mehnatni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish belgilangan.

Yana bir muhim jihat, Xalqaro mehnat tashkilotining butun asrlik faoliyati davomida munosib mehnat masalasi kun tartibida markaziy o‘rinni egallab kelgan va egallab kelmoqda. Biroq faqat shu asrning so‘nggi o‘n yilliklarida ushbu masala keng qamrovli, global xususiyat kasb etdi. Bu ko‘proq davlatlarning fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ularni ijtimoiy himoya qilishga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotganligi bilan bog‘liq.

Bunday sharoitlarda davlatlar va xalqaro tashkilotlarning barcha – milliy, mintaqaviy va global darajalarda munosib mehnat tamoyillari bo‘yicha sa’y-harakatlari yangi strategik imkoniyatlarni ochib beradi hamda mehnat munosabatlari sohasida saqlanib qolgan muammolarni samarali hal qiladi.

Mamlakatimizning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorligining asosi sifatida 2014 yilda qabul qilingan, keyinchalik ijrosi 2020 yilga qadar uzaytirilgan “2014–2016-yillarga mo‘ljallangan munosib mehnat bo‘yicha Mamlakat dasturi”ni keltirib o‘tishimiz mumkin. O‘tgan davr mobaynida ushbu dasturda ko‘zda tutilgan barcha choralar to‘liq amalga oshirildi.

Mazkur hamkorlikni tizimli davom ettirish va yanada rivojlantirish maqsadida 2021 yilning sentyabrida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat bo‘yicha 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat dasturi qabul qilindi. Dasturda asosiy e’tibor xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surishga, norasmiy bandlikni qisqartirish, ijtimoiy himoya masalalariga qaratildi.

Bu munosib mehnat indikatorlari istiqbolda iqtisodiy imkoniyatlarni rivojlantirishga, aholi bandligini ta’minlashga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga, eng muhimi, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda xalqaro hamkorlar bilan mehnat munosabatlari sohasidagi “Better Work” va “BCI” xalqaro standartlarini joriy etish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda. 2021 yil oxirida O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon bankiga “Better Work” dasturini amalga oshirishga ko‘maklashish imkoniyatini ko‘rib chiqish uchun murojaat qildi va ijobiy javob oldi. Bugungi kunda ushbu xalqaro standarlarni joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, aynan kuchli siyosiy iroda va islohotlarga kompleks yondashuv, qishloq xo‘jaligi sohasida bozor iqtisodiyoti tamoyillarining keng tatbiq etilishi, shu bilan birga terilgan paxta uchun to‘lov miqdori oshirilgani, mehnat va dam olish sharoiti sezilarli darajada yaxshilangani, davlat va jamoatchilik tomonidan bu yo‘nalish doimiy nazoratga olingani sababli majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishildi hamda bu boradagi ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etildi.

Mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar ushbu masala bo‘yicha ta’sis etilgan Milliy ma’ruzachi tomonidan tahlil qilinib, kelgusida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar ham ishlab chiqilishi an’anaga aylangan.

2021 yil yakunlari bo‘yicha ham O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, natijalari yuzasidan davlatimiz rahbariga tahliliy axborot kiritildi.

Shuningdek, ushbu masala  Milliy komissiyaning yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida muhokama qilinib, tahliliy axborotda qayd etilgan taklif va tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

Unga asosan joriy yilda ham majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘nalishidagi ishlar tizimli davom ettirilib, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar yanada kuchaytiriladi, inson huquqlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida yangi loyihalar va chora- tadbirlar amalga oshiriladi.

Xususan, sohaga oid milliy qonunchilik xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada takomillashtiriladi, mehnat sohasidagi qator konvensiyalarni ratifikatsiya qilish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki qurilish, ipakchilik, umumiy ovqatlanish tarmoqlarida ham mehnat qonunchiligi talablari buzilishining oldini olishga oid monitoring ishlari olib boriladi. Albatta, bu ishlarga fuqarolik jamiyati institutlari vakillari keng jalb etiladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar tizimli davom ettirilib, asosiy e’tibor sohada munosib, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga, munosib mehnat uchun munosib haq to‘lanishiga, sohani mexanizatsiyalashtirishga qaratiladi.

Milliy to‘qimachilik korxonalari hamda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro nufuzga ega korxonalar bilan manzilli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha alohida kompleks choralar amalga oshiriladi.

Xalqaro tan olingan mehnat sohasidagi standartlarni tatbiq etish ishlari yanada faollashtiriladi. Bu, o‘z o‘rnida, mamlakatimiz uchun yangi bozorlarning ochilishiga, yangi investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishiga imkon yaratadi.

ISTIQBOLDAGI REJALAR:

  • Milliy qonunchilik xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada takomillashtiriladi, mehnat sohasidagi qator konvensiyalar ratifikatsiya qilinadi;
  • Majburiy mehnat bo‘yicha o‘tkaziladigan monitoring ishlari tizimli davom ettiriladi;
  • 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi doirasida tizimli islohotlar olib boriladi;
  • Milliy to‘qimachilik korxonalari hamda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro nufuzga ega korxonalar bilan manzilli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha alohida kompleks chora-tadbirlar qabul qilinadi;
  • “Better Work” va “BCI” kabi mehnat sohasidagi standartlarni tatbiq etish ishlari yanada faollashtiriladi;
  • Majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli axborot- targ‘ibot kampaniyasi amalga oshiriladi;
  • Nodavlat notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga mehnat sohasi va ijtimoiy yo‘nalishlardagi faoliyati uchun moliyaviy grantlar ajratish ishlari tashkil etiladi.

Manba: “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali, 2(94) – 2022.

Powered by GSpeech