Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan akademik Akmal Saidov mas’ul muharriligi ostida yuridik fanlar nomzodi, dotsent O‘tkir Ochilovning “O‘zbekiston Respublikasining davlat va huquq ramzlari (nazariy-huquqiy tadqiqot)” nomli monografiyasi nashr etildi.
O‘zbekiston Respublikasida jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar huquqshunoslik fani oldiga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Jumladan, huquqshunoslik sohasidagi tadqiqotlar mamlakatda konstitutsiyaviy va ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, inson huquqlari va manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash sharoitida davlat va huquqning inson, jamiyat va davlat o‘rtasidagi o‘zaro muloqot natijasida rivojlanishi, huquqiy tizim, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti, huquqiy ong va madaniyat xalq bilan muloqot mahsuli ekanligi to‘g‘risidagi g‘oyaga tayanmoqda. Bunda eng muhim g‘oyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan – “Islohotlarning bosh mezoni – inson qadr qimmati”, “Inson, jamiyat va davlat munosabati” va “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida jamoatchilikning fikrini hisobga olgan holda qabul qilinishi” tamoyillaridir.
Monografiyada huquqning kommunikativ jihati, muloqot modeli sifatidagi xususiyatlari o‘rganilgan. Davlat va huquq ramzlarining konstitutsiya va qonunlarda ifodalangan maqsadlarni ijtimoiy munosabat ishtirokchilariga tushunarli yetkazilishdagi o‘rni, konstitutsiya va qonunlarning “ramziy tili” tadqiq etilgan. Ramzlar konstitutsiya va qonunlarning ta’sirchanligini kuchaytiradi va muayyan maqsadga yo‘naltiruvchi g‘oya va maqsad ifodasi bilan to‘ldiradi. Natijada konstitutsiya va qonunlar insonni yo‘naltiruvchi, uning xatti-harakatlarini boshqaruvchi axborot makonini hosil qiladi. Ramzlar jamiyat va davlatning maqsadlarini, huquqiy tizimning umumiy g‘oyasini so‘zli matnlar, tasvirlar, ohanglar va harakatlar yordamida ifodalaydi. Huquqiy ta’lim-tarbiya ham, huquqiy targ‘ibot ham, huquqiy amaliyot ham davlat va huquq ramzlaridan foydalanishni taqozo etadi.
Monografiyada davlat va huquq nazariyasidagi mutlaqo yangi metodologik yondashuv ilgari surilgan. U yangi falsafiy-huquqiy asoslarda qurilgan. Davlat va huquq nazariyasining qator ilmiy muammolari, jumladan, huquqni tushunish, huquqning irodaviy xususiyati, huquqiy ta’sir etish vositalari, yuridik texnikani takomillashtirish, huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash, huquqni sharhlash, huquqiy ong va madaniyatni shakllantirish davlat va huquq ramzlarini o‘rganish nuqtai nazaridan tadqiq etilgan. Davlat va huquq ramzlarining qadriyatlardan kelib chiqishi va huquqiy ta’sir etishning samarasini oshirishi asoslab berilgan.
Mazkur monografiyada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar zamonaviy bosqichining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining davlat va huquq ramzlaridan foydalanishning huquqiy asoslari taklif qilingan. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, amaldagi qonunchiligi va huquqiy amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha xulosa, taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Monografiyada ko‘plab xalqaro, xorijiy va milliy manbalar o‘rganilgan, ularning ayrimlari ilk marotaba ilmiy muomalaga kiritilgan. Kitob muallifi tomonidan ilgari surilgan xulosalar, takliflar va tavsiyalardan milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda, ushbu sohada ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda, “Davlat va huquq nazariyasi” fanini o‘qitishda foydalanilishi mumkin.
O‘ylaymizki, mazkur monografiyadan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlashda, shuningdek, ekspertlar, huquqshunos olimlar, amaliyotchi huquqshunoslar, tadqiqotchilar, talabalar hamda davlat va huquq ramzlarini o‘rganishga qiziquvchi barcha kitobxonlar foydalanishi mumkin.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.06.2022
- Ko'rishlar: 4335
- Chop etish