“Lev Tolstoy – har bir yozuvchi uchun akademiyadir”.
A.N.Tolstoy*
Jahon adabiyotining ulkan namoyandasi, nodir iste’dod sohibi Lev Nikolaevich Tolstoyning bebaho badiiy-ijodiy merosiga nazar tashlasak, uch muhtasham adabiy qasr – “Urush va tinchlik”, “Anna Karenina” hamda “Tirilish” romanlari alohida ajralib turganiga guvoh bo‘lamiz. Ular orasida ham mazmunan, ham hajman eng ulug‘vori “Urush va tinchlik”[1] roman-epopeyasidir.
L.N. Tolstoy ushbu asarni 1863 – 1869 yillarda yozgan. Asar g‘oyasi esa adib xayolini bundan ham oldinroq band etgan.
L.N. Tolstoy 1861 yilning mart oyida mashhur rus yozuvchisi, publitsisti va faylasufi A.I. Gersenga yozgan maktubida to‘rt oy oldin “bosh qahramoni dekabrist bo‘lishi nazarda tutilgan roman” yozishga kirishganini ta’kidlagan[2]. Ammo o‘z ijodiga nisbatan nihoyatda talabchan adib ushbu romanni yozish jarayonida syujet va g‘oyani yanada kengaytirish, butkul boshqa yo‘nalishda asar yozish fikriga kelgan. Natijada dekabristlar to‘g‘risidagi roman tugallanmagan, uning yozilgan qismidan esa yozuvchi “Urush va tinchlik” roman-epopeyasida foydalangan.
Adibning turmush o‘rtog‘i Sofya Andreevna 1863 yil 23 fevralda opasiga yozgan maktubida L.N. Tolstoy yangi roman yozishga kirishganini qayd etgan. L.N. Tolstoy singlisi Mariya Nikolaevnaga o‘sha yilning 8 mart sanasida yozgan xatida ham roman yozayotganini aytib o‘tgan. Bu ma’lumotlar L.N. Tolstoy “Urush va tinchlik” roman-epopeyasini 1863 yilda yoza boshlaganini tasdiqlaydi.
1865-1866 yillarda “Russkiy vestnik” jurnalida roman-epopeyaning dastlabki qismlari “1805 yil” nomi bilan nashr etilgan. 1869 yilda L.N. Tolstoy ushbu ulkan ijodiy asarni nihoyat yakunlab, unga “Urush va tinchlik” deya nom bergan.
L.N. Tolstoy hajman ulkan, shaklan betakror va mazmunan serqirra ushbu asarga munosib nom topish ustida uzoq vaqt o‘ylangan. Ijod jarayonida “Uch kemtik” (“Tri porы”), “1805 yil” (“1805 god”), “Oxiri xayrli ishlarning barchasi yaxshi” (“Vse xorosho, chto xorosho konchaetsya”) degan nomlardan foydalangani manbalarda qayd etilgan[3]. Alal-oqibat esa “Urush va tinchlik” degan yakuniy to‘xtamga kelgan.
Asarning bunday nomlanishi borasida adabiyotshunos olimlar 3 xil taxminni ilgari suradilar.
Birinchidan, L.N. Tolstoy fransiyalik siyosatchi, iqtisodchi, publitsist, faylasuf va sotsiolog Per-Jozef Prudonning 1861 yilda yozilgan va rus tilidagi tarjimasi Rossiyada 1864 yilda nashr etilgan “Urush va tinchlik” (“La Guerre et la Paix”) falsafiy traktatidan ta’sirlangan bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, rossiyalik publitsist, yozuvchi va faylasuf Aleksandr Gersenning 1855 – 1860 yillardagi maqolalari jamlangan “Besh yil davomida” (“Za pyat let”) nomli to‘plamning “Urush va tinchlik” bo‘limida siyosiy mavzudagi pamfletlar taqdim etilgan. L.N. Tolstoy “Besh yil davomida” kitobi bilan tanish bo‘lgani va o‘z asariga nom topishda ushbu to‘plam unga turtki bergani ehtimoldan xoli emas.
Uchinchidan, buyuk rus shoiri, nosiri va dramaturgi Aleksandr Sergeevich Pushkinning 1825 yilda yozilgan “Boris Godunov” dramasida shunday parcha mavjud:
“Har narsangni shu tarixga yozib bor, ya’ni:
Urush, yarash, yurt tutumi xususlarini,
Avliyolar karomati, mo‘jizasini,
Osmoniy alomatlar va nishonlarni”[4].
Asliyati:
“Описывай, не мудрствуя лукаво,
Всe то, чему свидетель в жизни будешь:
Войну и мир, управу государей,
Угодников святые чудеса,
Пророчества и знаменья небесны”[5].
Ayrim adabiyotshunoslar L.N. Tolstoy ushbu misralardan ilhomlanib, “Urush va tinchlik” nomini tanlagan, degan farazni ilgari surishadi.
Bizningcha, L.N. Tolstoy Prudon asaridan ta’sirlangani to‘g‘risidagi qarash haqiqatga ancha yaqin. Sababi, Lev Tolstoy 1860-1861 yillarda Yevropa bo‘ylab amalga oshirgan sayohatida Prudon bilan shaxsan tanishgan. Demak, ulug‘ rus adibi fransuz do‘stining ijodiga befarq bo‘lmagan. Qolaversa, XIX asrda rus jamiyatida fransuz tilining mavqei ustuvor bo‘lgani va Lev Tolstoy asarlarida fransuz tilidagi jumlalar ko‘p bor ishlatilgani ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi, nazarimizda.
Ko‘rinib turibdiki, daho adib Lev Tolstoy tafakkurida toblangan va qalbida ilhom suvi bilan sug‘orilgan umuminsoniy va ezgu g‘oyalarni ushbu asarda ifodalashga urinar ekan, voqealar rivojini, qahramonlar taqdiri va xususiyatlarini oldindan qat’iy belgilangan yo‘nalishda olib bormagan, asarni ko‘p marta tahrir qilib, o‘zgarishlar kiritgan. Bu esa L.N. Tolstoy yashagan XIX asrda jahon adabiyoti uchun mutlaqo yangi hodisa hisoblangan, o‘ziga xos janr va betakror uslubdagi asar yozilishiga sabab bo‘lgan.
Shuning uchun ham L.N. Tolstoy 1865 yil 3 yanvarda “Russkiy vestnik” jurnali noshiri M.N. Katkovga yo‘llagan maktubida: “Mazkur asar roman ham, qissa ham emas, unda yechilishi bilan tamom bo‘lib qoladigan va qiziqishni so‘ndiradigan bironta tugun ham yo‘q. Bularni sizga yozayotganimga sabab shuki, mundarijada ham, bo‘lajak e’lonlarda ham mening asarimni roman, deb atamang. Bu men uchun juda muhim bo‘lganidan sizdan shuni iltimos qilyapman”,[6] – deya ta’kidlagan.
Adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan L.N. Tolstoyning “Urush va tinchlik” asari roman-epopeya janriga mansub.
Roman-epopeya – yirik tarixiy voqea-hodisalarni qamrab olgan, ularni yaxlit holda batafsil aks ettiradigan roman turidir. Odatda, roman-epopeyalarda asosiy va ikkilamchi qahramonlar soni nihoyatda ko‘p bo‘ladi.
L.N. Tolstoyning “Urush va tinchlik” asari roman-epopeya janrining barcha talablariga to‘la mos keladi va jahon adabiyotida ushbu janr rivojini yangi bosqichga olib chiqqan asar hisoblanadi.
“Urush va tinchlik” roman-epopeyasida Fransiya imperatori Napoleon Bonapartning 1805 – 1807 hamda 1812 – 1814 yillardagi harbiy yurishlari, shu jumladan Fransiya – Rossiya urushi voqealari tarixi yoritilgan. O‘z asarida adib 500 dan ortiq badiiy qahramonlardan foydalangan. Ularning ba’zilari tarixiy shaxslar, ba’zilari prototiplar, ba’zilari esa to‘qima badiiy obrazlardir.
Asarning asosiy va chinakam qahramoni – ona Vatanini bosqinchilardan mardonavor himoya qilgan rus xalqi. Roman-epopeyada ijtimoiy kelib chiqishi va jamiyatdagi mavqei turfa xil bo‘lgan kishilar rus zaminiga bostirib kelgan umumiy dushmanga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib, bir safda turib kurash olib borganliklari yuksak mahorat bilan tasvirlangan. Shu bilan birga, har bir qahramonning ruhiy kechinmalari va botiniy dunyosi, o‘y-fikrlari va orzu-intilishlari ta’sirchan uslubda ifodalangan.
Urush va tinchlik davrini muqoyasa qilish orqali urushning dahshati va tinchlikning qadri aks ettirilgan. Tarixiy voqealar asnosida muhabbat, sadoqat, do‘stlik, vatanparvarlik va jasorat kabi ezgu insoniy tuyg‘ular ularning aksi bo‘lgan nafrat, xiyonat, dushmanlik, sotqinlik va qo‘rqoqlik kabi razil illatlar bilan taqqoslangan. Inson umri g‘animatligi, uning har onini yaxshilik va bunyodkorlikka sarflash zarurligi ibratli falsafiy-badiiy mulohazalar orqali bayon etilgan.
1868 – 1869 yillarda “Urush va tinchlik” roman-epopeyasi birinchi marta alohida kitob shaklida nashrdan chiqqan. L.N. Tolstoy asarni qayta tahrirdan o‘tkazib, 1869 yilda ikkinchi marta chop ettirgan. Shundan keyin ham adib hajman ulkan ushbu ijod mahsulini qayta ishlash va tahrir qilishda davom etgan. Shu tariqa 1873 yilda roman-epopeyaning uchinchi nashri dunyo yuzini ko‘rgan.
“Urush va tinchlik” roman-epopeyasi nashr etilgach, adabiy jamoatchilikning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan. N.Straxov, V.Sokolov, S.Bocharov, P.Annenkov kabi mashhur rus adabiyotshunos olimlari asar haqida yozgan taqrizlarida unga yuqori baho berishgan. Masalan, adabiy tanqidchi Sergey Bocharov quyidagi fikrlarni qayd etgan: “Kitoblar o‘quvchi xotirasida qanday muhrlanib qolishi bilan xarakterlanadi. “Urush va tinchlik” yorqin epizodlar, alohida manzaralar bilan yodda qoladi, ularning har biri katta ma’noga ega”[7]. Mashhur rus shoiri va yozuvchisi I.S. Turgenev esa 1880 yilda “XIX asr” nomli fransuz gazetasi muharririga yozgan maktubida “Urush va tinchlik” roman-epopeyasini “buyuk yozuvchining buyuk asari” deya ta’riflagan[8].
Shuningdek, taniqli o‘zbek adabiyotshunosi Naim Karimovning ushbu asar haqida bildirgan fikrlari ham ahamiyatli: “Rus va jahon adabiyoti xazinasidan mustahkam o‘rin olgan “Urush va tinchlik” epopeyasi Tolstoyning 60-yillarda ijodiy kamolotga erishganidan shahodat beradi. Yozuvchi “Urush va tinchlik” romani bilan o‘z davrida ro‘y bergan va o‘zi shaxsan guvoh bo‘lgan voqealarga faol munosabat bildirgan”[9].
Asar dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan va jahon adabiyotining eng sara namunalaridan biri sifatida bugungi kunda ham sevib mutolaa qilinadi. U asosida serial va kinofilmlar suratga olingan, opera va spektakllar sahnalashtirilgan.
To‘rt jilddan iborat “Urush va tinchlik” roman-epopeyasining birinchi jildini 1947 yilda atoqli o‘zbek adibi va tarjimoni Abdulla Qahhor o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning ikkinchi va uchinchi jildini Abdulla Qahhor hamda uning turmush o‘rtog‘i, taniqli tarjimon Kibriyo Qahhorova hamkorlikda o‘zbek tiliga o‘girishgan. Roman-epopeyaning so‘nggi to‘rtinchi jildini esa Kibriyo Qahhorova ona tilimizga tarjima qilgan.
O‘zbek tilida bir necha bor nashr etilgan “Urush va tinchlik” roman-epopeyasi xalqimizning eng sevimli asarlaridan biri hisoblanadi.
Qadrli mutolaa ixlosmandlari, jahon adabiyotining durdona asarlaridan biri – “Urush va tinchlik” roman-epopeyasidan saralab olingan hikmatli fikrlarni e’tiboringizga havola etamiz. Ushbu hayotiy-falsafiy mushohadalar ma’naviy olamingizni boyitib, Sizni umumbashariyat adibi Lev Tolstoy ijodiga yaqinlashtiradi degan umiddamiz.
* * *
Ruhan azob chekayotgan kishida salomatlik qayoqda deysiz?
* * *
Dunyoda baxt degan narsa ba’zan juda adolatsizlik bilan taqsim qilinar ekan.
* * *
Agar hamma faqat o‘z e’tiqodi asosida urushadigan bo‘lsa, dunyoda urush degan narsa bo‘lmas edi.
* * *
Xotinga bog‘lanib qoldingmi, demak, kishanga tushding – butun erkingni yo‘qotasan. Dilingdagi butun umid, belingdagi butun quvvat – hammasi o‘zingga ortiqcha yuk bo‘ladi: pushaymondan azob chekkaning chekkan.
* * *
Nemis burganing ham yog‘ini oladi.
* * *
Yovg‘on oshimu beg‘alva boshim.
* * *
Qirq yil qirg‘in bo‘lsa ham ajali yetgan o‘ladi.
* * *
Insonda bo‘ladigan nuqsonlarning ikki manbai bor: biri – bekorchilik, biri – xurofot.
* * *
Insonda ikki fazilat bor: biri – faoliyat, biri – aql.
* * *
Matematika – buyuk ish.
* * *
Harakatda barakat degan gap bor.
* * *
Mashaqqat tortsang, murodga yetasan.
* * *
Hamma vaqt kulfat lazzatdan kuchliroq bo‘ladi.
* * *
Boylarning jannatga kirishidan ko‘ra tuyaning igna teshigidan o‘tishi osonroq.
* * *
Agar mendan birov “Dunyoda eng katta orzung nima?” deb so‘rasa, men “Qashshoqlarning qashshog‘i bo‘lish”, deb javob berardim.
* * *
Faqat ahmoq odamlar-u fosiq odamlar salomat bo‘lmaydi.
* * *
Har kimning bir kamchiligi bo‘ladi.
* * *
Biron yoqqa ketayotganida yoki hayotida biron o‘zgarish bo‘lgan vaqtda o‘z qilmishlarini o‘ylab ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lgan kishilar odatan jiddiy fikr va mulohazalar qiladi.
* * *
Stern aytganidek, “Biz odamlarni ularning bizga qilgan yaxshiliklaridan ko‘ra o‘zimizning ularga qilgan yaxshiligimiz uchun ko‘proq yaxshi ko‘ramiz”.
* * *
Hamma vaqt ish chappasiga ketganida nima bo‘lishini nazarga olib ish tutish kerak.
* * *
Soldatga o‘g‘rilik nomus. Soldat degan halol, olijanob va jasur bo‘lishi kerak: o‘z og‘aynisining narsasini o‘g‘irlagan bo‘lsa, demak, nomusi yo‘q.
* * *
Agar odam o‘lganidan keyin nima bo‘lishini bilsa edi, hech kim o‘limdan qo‘rqmas edi.
* * *
Nima bo‘lishingni bilmaganliging uchun qo‘rqasan.
* * *
Mehr-muhabbatning hech kimga og‘irligi yo‘q.
* * *
Kiyim odamni chiroyli qiladi.
* * *
Yigitning aqli ko‘zida bo‘ladi.
* * *
Qo‘rqqan odamning aft-angorini kiyim bilan o‘zgartirib bo‘lmas.
* * *
Ko‘ngil yaqin – yo‘l yaqin.
* * *
Er tanlash qizning o‘z ixtiyorida.
* * *
Suvorovning “Dushmanga o‘zingni hujum qilgani qo‘yma, o‘zing hujum qil” degan qoidasini esdan chiqarish kerak emas.
* * *
Botirlik yoshga qaramaydi.
* * *
Qani endi, odam bu dunyoda kimdan yordam so‘rashni-yu, u dunyoda nima bo‘lishini bilsa!
* * *
Hamma narsaning hech narsaga arzimasligidan va anglab bo‘lmaydigan, lekin juda muhim allaqanday bir narsaning buyukligidan boshqa hech, hech to‘g‘ri gap yo‘q!
* * *
Modomiki tirik ekansan, yashay ber.
* * *
Abadiyatga nisbatan bir lahzagina umring qolganda shunga shunchalik azob-uqubat chekib o‘tirishga arziydimi?
* * *
To‘lg‘oq tutayotgan xotinning dard chekayotganligidan hamma xabardor bo‘lsa, tug‘ishi qiyin bo‘ladi.
* * *
Ezgulikni hech kim yaxshi ko‘rmaydi, ezgulik hammaning ko‘ziga cho‘p bo‘lib tiqiladi.
* * *
Ahmoq odam tavakkal deb o‘ynaydi. O‘ynaganda, albatta, yutaman deb o‘ynash kerak.
* * *
Muhabbatda omadi bo‘lgan kishining kartada omadi bo‘lmaydi.
* * *
Nomardlik har kimda ham bo‘ladi.
* * *
O‘lsang, hammasi tamom bo‘ladi. O‘lsang yo hammasini bilasan yoki qaytib so‘ramaysan.
* * *
O‘lim ham juda qo‘rqinchli.
* * *
Hamma narsani barbod qiladigan va bugunmi, ertami keladigan ajal abadiyatga nisbatan ko‘z ochib yumguncha baribir kelib yoqangdan ushlaydi.
* * *
Hech qanday haqiqat topilgan emas. Hech qanday haqiqatning tagiga yetib bo‘lmaydi.
* * *
Biz faqat bilmasligimiznigina bilamiz. Mana shuning o‘zi inson zakovatining eng oliy nuqtasidir.
* * *
Hech kim yakka o‘zi haqiqatga yetisha olmaydi.
* * *
Xudoni aql bilan bilib bo‘lmaydi, uni hayotda biladi kishi.
* * *
Hikmati ilohi va haqiqat ichmog‘imiz kerak bo‘lgan pokiza suv demakdir.
* * *
Hikmati ilohi faqat aqlu idrokka, fizika, tarix, kimyo va boshqa dunyoviy ilmlardan murakkab bo‘lgan bilimga asoslangan emas. Hikmati ilohi yagonadir. Hikmati ilohi bir ilmdan hamma narsani, olamning yaratilishi va unda insonning tutgan o‘rnini tushuntirib beradigan ilmdan iborat. Bu ilmni zabt etish uchun odam o‘zini, ko‘nglini pok qilishi kerakdir. Shuning uchun bu ilmni bilishdan oldin e’tiqod qilish va takomillashish lozim. Bu maqsadlarga erishmoq uchun qalbimizga vijdon otli nuri ilohiy joylashtirilgandir.
* * *
Bezor bo‘lsang, bu hayotingni o‘zgartir, o‘zingni pok qil, pok bo‘lganing sayin hikmati ilohini tushunaverasan.
* * *
Madadni faqat xudodan so‘rash kerak.
* * *
O‘lim ezgulik yo‘lida riyozat chekkan ruhni rohat va farog‘atga eltish uchun bu dunyoning kasiratidan qutqaradigan do‘st.
* * *
Ieoroglif – his qilib bo‘lmaydigan va tasvir qilingan narsadagi sifatlarga ega bo‘lgan narsaning nomidir.
* * *
Kayfi safoni ehtirosdan emas, o‘z qalbingizdan istang. Kayf-safo manbai sizdan tashqari emas, o‘zingizda.
* * *
Tenglikni buzadigan biron harakatdan o‘zingni saqla. Kim bo‘lmasin, odam bolasiga darhol yordam qil, gumrohga yo‘l ko‘rsat, yiqilayotganini suyab qol, odam bolasiga hech qachon dushmanlik qilma, g‘azablanma. Xushfe’l va xushmuomala bo‘l. Barchaning ko‘nglida ezgulik olovini yoq. Baxt-saodatni odam bolasi bilan baham ko‘r, shunda bu farog‘atingga hech qachon hasad putur yetkazmaydi.
Dushmaningni kechir, undan qasos olma, unga faqatgina yaxshilik qil. Oliy qonunni mana shunday ijro qilishing bilan sen qadimgi, yo‘qotgan shavkating iziga tushgan bo‘lasan.
* * *
Xizmatda yuqori martabaga erishish uchun harakat, mehnat, botirlik, sadoqat emas, balki qilingan xizmat uchun mukofot beradiganlar bilan muomala qilishni bilish kerak.
* * *
Hech narsa abadiy bo‘lmaydi.
* * *
Qopag‘on itni o‘ldirish hatto savob.
* * *
Odam o‘ldirish yaxshi emas, noinsoflik bo‘ladi.
* * *
Insof va noinsoflik to‘g‘risida o‘ylash odamlarning ishi emas. Odamlar hamma narsadan ham ko‘ra insofni noinsoflikdan ajratish to‘g‘risida bir umr adashgan va bundan keyin ham adashadi.
* * *
Birovga nisbatan qilingan har bir yovuzlik noinsoflik bo‘ladi.
* * *
O‘zimizga nisbatan qilingan yovuzlik nima ekanligini hammamiz ham bilamiz.
* * *
Men o‘zim uchun yovuzlik deb bilgan narsani birovga qilmayman.
* * *
Men hayotda faqat ikki narsani chinakam baxtsizlik deb bilaman: vijdon azobi va xastalik. Mana shu ikki narsa bo‘lmasligining o‘zi xushbaxtlikdir.
* * *
Yovuzlik qilmaslik, pushaymon bo‘lmaslik uchungina yashash kifoya qilmaydi.
* * *
Har kim o‘z bilganicha yashaydi.
* * *
Shon-sharaf nima o‘zi? Bu ham boshqalarni sevish, o‘shalar uchun biron yaxshilik qilish, ularning maqtoviga sazovor bo‘lish degan gap.
* * *
Hayotda eng yaxshi baxt shu ezgulik lazzatidir.
* * *
Bizning uchun aqliy mehnat qanchalik zarurat bo‘lsa, uning uchun jismoniy mehnat ham shunchalik zarurat va hayotining matlabidir.
* * *
Kishi hayotini mumkin qadar yaxshiroq o‘tkazishga harakat qilishi kerak.
* * *
Faqat bizning muqaddas birodarligimizgina hayotda chin ma’noga egadir; boshqa hamma narsa bir tush demakdir.
* * *
Yashash kerak, sevish kerak va shunga ishonish kerak.
* * *
Tomirlardan qonni chiqarib tashlab, o‘rniga suv quysang, o‘shanda urush bo‘lmaydi.
* * *
Birovga yaxshilik qilsam, ko‘p xursand bo‘laman, lekin adolatsizlik o‘rniga adolat o‘rnatish buyuk bir baxtdir.
* * *
Qonun mendan kuchliroq.
* * *
Qonunni bajarishdan ko‘ra, yozish osonroq.
* * *
Qonun yozish oson, lekin idora qilish qiyin.
* * *
Sharaf – nojo‘ya ish qilmaslik yoki shu sharafni ifoda qiladigan biron tahsin va mukofotga sazovor bo‘lish musobaqasiga ma’lum bir manba demakdir.
* * *
Ko‘ngilga kelgan hamma narsani aytaverish yaramaydi.
* * *
Halol odam qilgan ezguliklari badaliga shu dunyoda abadiy mukofotga erishsin.
* * *
Har qanday majburiy islohot mazammatga sazovordir, chunki odamlar shu ko‘yicha qolaversa, islohot hech qanday yaxshilik keltirmaydi.
* * *
O‘z tuyg‘ulari hukmida bo‘lgan kishi ezgulikda hissiy bir go‘zallik ko‘ra bilishi kerak. Odam bolasining ko‘nglidan ehtirosni chiqarib tashlab bo‘lmaydi; bu ehtirosni faqat olijanob maqsadlarga tomon yo‘naltirish kerak, shuning uchun ham har bir kishi o‘z ehtirosi nafsini ezgulik doirasida qondirishi va bizning tariqatimiz mana shunga vositalar topib berishi lozim.
* * *
Kundalik turmush g‘alayonlari ichidagina biz quyidagi uch asosiy maqsadga erisha olishimiz mumkin: birinchisi – o‘z-o‘zini bilish, chunki inson o‘zini faqat muqoyasa yo‘li bilangina bilishi mumkin; ikkinchisi – o‘z-o‘zini takomillashtirish, bunga faqat kurash natijasida erishiladi; uchinchisi – asosiy ezgulikka erishish, bunga faqat o‘limga muhabbat qo‘yish bilan muvaffaq bo‘lish mumkin.
* * *
Hayotning foniyligi uning behudaligini ko‘rsata oladi va o‘limga azaliy muhabbat qo‘yishimizga yoki yangi hayot uchun qayta tirilishimizga yordam bera oladi.
* * *
E xudoyi karim, menga o‘zing ko‘rsatgan yo‘ldan yurishga, ya’ni: 1) qahr-g‘azabning bir qismini og‘irlik va purbardorlik bilan yengishga; 2) nafsni qanoat va nafrat bilan yengishga; 3) uzlatni ixtiyor qilishga, lekin davlat xizmatidan, oilaga g‘amxo‘rlik qilishdan, do‘stona munosabat va iqtisodiy mashg‘ulotlardan chetlanmaslikka yordam ber.
* * *
Tilim – dushmanim.
* * *
Yetti ilm, yetti ezgulik, yetti qusur, muqaddas ruhning yetti ehsoni.
* * *
Kitobi Muqaddasning bu so‘zlarini o‘ylab yotgan ekanman: “Abadiy hayot inson uchun nurdir, nur qorong‘ilikda nur sochadi va qorong‘ilik uni nihon qilolmaydi”.
* * *
Davlat idorasi zulmga emas, balki mustahkam asosga tayanishi kerak.
* * *
Baxtli bo‘lish uchun baxtga ishonish kerak.
* * *
Tirik bo‘lgandan keyin yashamoq, xushbaxt bo‘lmoq kerak.
* * *
Hamisha o‘zingdan yuqoriroq odamlar bilan oshnachilik qilishing mumkin va shunday qilish kerak, chunki o‘shandagina bu oshnachilikning nash’asi bo‘ladi.
* * *
Hamma erkaklar faqat o‘zlarini aqlli deb hisoblashadi-yu, lekin aslida esa baloni ham bilishmaydi, gerdaygan, xudbin bo‘lishadi.
* * *
Jamiyat uchun yashamoq lozim.
* * *
Ba’zan erkaklarga erkakcha gap ham kerak bo‘ladi.
* * *
Xotin kishi erkakka qanchalik kamroq yoqsa, shunchalik sodiqroq bo‘ladi.
* * *
Er-xotinlik – Xudoning irodasi.
* * *
Insoniyatning barcha murakkab qonunlari uning nazarida sodda va ravshan bir qonundan iborat bo‘lib, bu ham bo‘lsa – sevish va o‘z jonini fido etish qonuni edi, bu qonunni insoniyat uchun muhabbat bilan azob chekkan xudoning o‘zi yaratgan.
* * *
Harbiy xizmatning kishini o‘ziga tortadigan asosiy tomoni ham mana shu majburiy va hech kim ta’na qilolmaydigan bekorchilik bo‘lib kelgan va bo‘lajak ham.
* * *
Bir kun kelib, o‘lasan-ketasan kishi. Shunday bo‘lgandan keyin, yomonlik qilib nima qilasan?
* * *
Gap kuyda emas, so‘zda, kuy o‘z-o‘zidan kelaveradigan narsa, so‘zsiz kuyning o‘zi bo‘lmaydi, kuy faqat qo‘shiqning yaxshiroq chiqishi uchungina xizmat qiladi.
* * *
Yashamoq va yashamoq uchun biron ish bilan shug‘ullanmoq kerak.
* * *
Odamlar ham hayotda shu soldatlarga o‘xshardi: birov izzattalablik, birov qartabozlik, birov qonun yozish, birov xotinbozlik, birov o‘yinchoq, birov siyosat, birov ov, birov ichkilik, birov davlat ishlari bilan shug‘ullanib ovunardi.
* * *
Mening Andryusham u yerda Rossiya uchun tom-tom qonunlar yozdi. Hozir hamma yozadigan bo‘lib ketgan!
* * *
O‘lim xaloskor erur, o‘lim osoyishtadir,
Azobdan qutulmoqning yo‘qdir o‘zga chorasi.
* * *
Xotinlarning kayfiyati kim xushomad qilishiga bog‘liq.
* * *
Birovni qoralash, boshqalarning aybini unga to‘nkash juda oson.
Akmal SAIDOV,
akademik
Manba: “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali, 2(94) – 2022.
* Aleksey Nikolaevich Tolstoy (1883 – 1945) – rus yozuvchisi va jamoat arbobi. “Muhandis Garinning giperboloidi” (1927), “Emigrantlar” (1931), “Pyotr I” (1934) kabi romanlari, “Muhabbat” (1916), “Parijda” (1921), “Graf Kaliostro” (1921), “Hayratomuz tarix” (1944) kabi qissa va hikoyalari, “Suv parisi” (1910), “Oltin kalit yoxud Buratinoning sarguzashtlari” (1936), “Shahzoda Ivan va kulrang bo‘ri” (1940) kabi ertaklari, ayniqsa, mashhur.
[1] Tolstoy L.N. Urush va tinchlik: I va II kitoblar // Tolstoy L.N. Tanlangan asarlar: 2-jild / tarjimonlar Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1979. – 784 b.; Tolstoy L.N. Urush va tinchlik: III va IV kitoblar // Tolstoy L.N. Tanlangan asarlar: 3-jild / tarjimonlar Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1980. – 852 b.; Tolstoy L.N. Urush va tinchlik: I va II kitoblar // tarjimonlar Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova. – T.: “O‘zbekiston”, 2019. – 792 b.; Tolstoy L.N. Urush va tinchlik: III va IV kitoblar // tarjimonlar Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova. – T.: “O‘zbekiston”, 2020. – 840 b.
[2] Qarang: Shklovskiy V. Lev Tolstoy // Seriya biografiy “Jizn zamechatelnыx lyudey”. – Moskva: “Molodaya gvardiya”, 1963. – S.376.
[3] Qarang: Zverev A., Tunimanov V. Lev Tolstoy. – Moskva: “Molodaya gvardiya”, 2007. – 784 s.
[4] Pushkin A.S. Boris Godunov // tarjimon Cho‘lpon / Pushkin A.S. Kapitan qizi: asarlar to‘plami. – T.: “O‘zbekiston”, 2019. – 151-bet.
[5] Pushkin A.S. Boris Godunov // Pushkin A.S. Sobranie sochineniy: tom 4. – M.: Gosudarstvennoe
izdatelstvo xudojestvennoy literaturы, 1960. – S. 221.
[6] Tolstoy L.N. Asosiy qahramonlarim – haqiqat /// tarjimon Ortiqboy Abdullaev // Tolstoy L.N. Asosiy qahramonlarim – haqiqat: qissalar, maktublar, xotiralar / to‘plab, nashrga tayyorlovchi Saidjalol Saidmurodov. – T.: “O‘zbekiston”, 2019. – 188-bet.
[7] Qarang: Bocharov S. Roman L.Tolstogo “Voyna i mir” // http://tolstoy-lit.ru/tolstoy/kritika-o-tolstom/bocharov-vojna-i-mir/glava-1.htm.
[8] Qarang: Turgenev I.S. Poln. sobr. soch. i pisem: V 28 t. Soch. T. 15. – M., 1968. – S. 187-188.
[9] O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi: 8-jild. – T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”, 2004. – 489-bet.
- Qo'shildi: 15.06.2022
- Ko'rishlar: 7104
- Chop etish