2022 yil 20 iyul kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (EXHT/DIIHB) Ehtiyojlarni baholash missiyasi delegatsiyasi Vladimir Misev boshchiligida Oliy Majlis Qonununchilik palatasiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi Akmal Saidov bilan uchrashdi.
Unda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga mas’ul bo‘lgan qo‘mitalar — Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qo‘mitasi raisi J.Shirinov, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Sh.Bafaev hamda mazkur qo‘mita raisi o‘rinbosari
I.Qudratovlar ishtirok etdi.
Muloqot avvalida mehmonlarga A.Saidov Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.
Jumladan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zarurati haqida to‘xtalib o‘tildi. Darhaqiqat, o‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bunda Bosh qomusimizda “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligi, yerga egalik qilish huquqi, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini yanada takomillashtirish dolzarbligi haqida fikr yuritildi.
Mazkur jadal islohotlarni hisobga olib, Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining qo‘shma majlisida mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbus ilgari surilib, Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid tashkiliy-huquqiy masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari Kengashlariga taklif kiritildi.
Ushbu taklif Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 2022 yil 20 maydagi qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, qo‘llab-quvvatlanib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha 47 nafardan iborat tarkibda Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.
Ta’kidlanganidek, aholining Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini moneliksiz yuborishi uchun barcha qulayliklar yaratildi.
Xususan, aholining konstitutsiyaviy islohotlar jarayonidagi faolligini yanada oshirish maqsadida mobil aloqa kompaniyalari orqali mamlakatimiz fuqarolariga Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan o‘z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaning barcha platformalariga yuborish mumkinligi to‘g‘risida 30 milliondan ortiq abonentga 3 marta eslatma tariqasidagi SMS-xabarnomalar yuborildi. Natijada Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi qizg‘in o‘tmoqda. Bugungi kunga qadar 88 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, jamoatchiligimiz konstitutsiyaviy islohotlarni ob’ektiv zarurat sifatida qarab, Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda faol qatnashib, o‘zining aniq fuqarolik pozitsiyalarini bildirishmoqda. Mazkur jarayonda mamlakat taqdiriga befarq bo‘lmagan turli aholi qatlamlari ishtirok etib, ularning barchasiga minnatdorlik bildirilmoqda. Bunda ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etib, takliflarning 70 foizga yaqini aynan ulardan kelib tushayotgani diqqatga sazovordir.
O‘z navbatida, delegatsiya rahbari V.Misev va delegatsiya a’zosi K.Dashutsinalar berilgan batafsil va tahliliy axborot uchun minnatdorlik bildirib, siyosiy jarayonlar haqidagi savollariga batafsil javob olishdi.
Suhbat samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi.
Delegatsiya a’zolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonlarga aholi o‘z takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga zamonaviy vositalar — “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali yuborish imkoniyati yaratilgani haqida ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, bosma matbuot nashrlari, televidenie va radio orqali ham takliflar qabul qilinayotgani, joylarda mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda xalq deputatlari Kengashlari aholining takliflarini og‘zaki yoki yozma shaklda qabul qilinayotgani xususida ham so‘zlab berildi. Bu kabi aniq maqsadga yo‘naltirilgan o‘ziga xos institutsional mexanizmlarning yaratilgani ishlarni tizimli ravishda olib borish imkonini bermoqda.
Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari Konstitutsiyaviy komissiyaning Matbuot xizmati xodimlari bilan ham uchrashdi. Muloqotlar chog‘ida aholiga konstitutsiyaviy islohotlarga oid o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazish maqsadida OAV, jumladan, televidenie, radio, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlari bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatilgani haqida ma’lumotlar berildi.
Delegatsiya a’zolari yaratilgan qulayliklarni e’tirof etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 21.07.2022
- Ko'rishlar: 4893
- Chop etish