Bugungi kunda mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchillik bilan joriy etilayotgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida asosiy e’tibor, bir tomondan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir qonunlar, kodekslar, konsepsiya va dasturlar qabul qilinishiga qaratilgan. Ikkinchi tomondan, unda qonun ustuvorligini ta’minlash, konstitutsiyaviy islohotni hayotga izchil tatbiq etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, ma’naviyatni rivojlantirish, shuningdek, global muammolarga O‘zbekistonning munosabati, xavfsizlik va tashqi siyosat borasidagi muhim vazifalar qamrab olingan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi va “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni asosida qariyb 90 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi nazarda tutilgan. Xususan, 17 ta – konsepsiya, 8 ta – dastur, 15 ta – strategiya, 12 ta – kodeks va 36 ta qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari allaqachon boshlab yuborildi.
Ushbu hujjatlar miqdorining Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi mamlakatimizni keyingi besh yilda rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha taqsimlangan holati joriy demokratik islohotlar ko‘lami va miqyosi bilan bog‘liq asl voqelikka yanada aniqlik kiritadi, deb o‘ylaymiz.
Bunda, muhimi, nechog‘lik xalqparvar va insonparvar, xalqchil va erkin, ijtimoiy va ma’naviy, huquqiy va adolatli, xavfsiz va barqaror, baxtli va, farovon, milliy va umumbashariy davlat barpo etishdek qat’iy niyatimiz o‘zining bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lishi tayin.
Birinchi ustuvor yo‘nalish – inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish. Bu borada 3 ta konsepsiya, 1 ta milliy dastur, 2 ta kodeks va 13 ta qonun ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.
Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish: 3 ta konsepsiya, 2 ta kodeks va 10 ta qonun.
Uchinchi ustuvor yo‘nalish – milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash: 9 ta strategiya, 9 ta konsepsiya, 3 ta kodeks va 7 ta qonun.
To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish: 2 ta strategiya, 2 ta konsepsiya, 2 ta dastur, 4 ta kodeks va 1 ta qonun.
Beshinchi ustuvor yo‘nalish – ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish: 1 ta konsepsiya, 3 ta milliy va maxsus dasturlar, 1 ta qonun.
Oltinchi ustuvor yo‘nalish – milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish: 2 ta strategiya va 1 ta qonun.
Yettinchi ustuvor yo‘nalish – mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish: 2 ta strategiya, 2 ta (qo‘shma va mintaqaviy) dastur, 1 ta kodeks va 4 ta qonun.
Bu juda muhim hujjatlarni ishlab chiqish, qabul qilish, amalda tatbiq etish – ayni jarayonlarning barchasi, o‘z navbatida, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda “shaxs – jamiyat – davlat” tamoyilini mustahkamlashni talab etadi. Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirilmoqda.
Shu munosabat bilan hozirgi kunda – O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida oldimizda turgan dolzarb va murakkab vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishda mamlakatimiz parlamentida qonun ijodkorligi sohasida butunlay yangicha ish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, chinakam demokratiya maktabiga aylanmoqda.
Bunda “Qonunning yagona manbai va yaratuvchisi – xalqdir”, degan ezgu g‘oyani amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, Yangi O‘zbekiston davlati — xalqniki. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini himoya qilishdir.
Yangi O‘zbekiston kuchli parlamentarizm instituti amalda bo‘lgan va “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili amalga oshiriladigan davlatdir. Mamlaktimizda qonunlar insonlar va jamiyat hayotini yaxshilash, qonun ijodkorligi sifatini tubdan oshirish, qonunchilikni tizimlashtirish va kodlashtirish, qonunosti hujjatlar sonini keskin kamaytirish va “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini joriy etish uchun qabul qilinmoqda.
Milliy qonun ijodkorligi sohasida so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan Harakatlar strategiyasi hamda Taraqqiyot strategiyasi doirasida konstitutsiyaviy islohot g‘oyasining tug‘ilishi, rivojlanishi va amalga oshirilishi jarayonlari alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev, asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir. Davlat rahbari butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqirdi. Yurtboshimiz uqtirganidek, “Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo‘ladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib, Yangi O‘zbekistonni albatta birgalikda barpo etamiz”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jamiyatdagi bugungi real voqelikka moslashtirishni, aslida, mamlakatimizdagi izchil islohotlar taqozo etdi. Binobarin, atoqli fransuz siyosatchisi va davlat arbobi Sharl Andre de Goll ta’biri bilan aytganda, “Konstitutsiya bemalol o‘zgartirilishi mumkin. Uni mo‘miyodek qotirib qo‘yish kerak emas”.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ilgari surilayotgan keng ko‘lamli vazifalar, xususan, adolatli va xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi ulug‘vor maqsadlar bu borada zarur huquqiy asosni ta’minlovchi konstitutsiyaviy makonni yanada takomillashtirish ehtiyojini kun tartibiga qo‘ydi.
Shu asosda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi. Konstitutsiyaviy komissiya bugungi kunda faol ishlamoqda.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong bu haqda shunday deydi: “Konstitutsiya – xalq uchun yoziladi. Mamlakatingizda bo‘lib o‘tayotgan umumxalq muhokamasi va kelib tushayotgan ko‘psonli takliflarning e’tibor bilan hisobga olinishi natijasida xalqaro standartlarga, eng muhimi, O‘zbekiston xalqining xohish-irodasi va orzu-istaklariga to‘liq mos keladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi shakllantirilishi tayin. Parlamentlararo Ittifoq O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot jarayonlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Biz bu borada har qanday texnik ko‘mak ko‘rsatishga hamisha tayyormiz”.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda “bosh me’mori” Shavkat Mirziyoev hisoblanadigan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga juda ko‘plab misollar keltirish mumkin. Eng muhimi, bugungi kunda O‘zbekistonning izchil rivojlanayotgani va shu bois jahonda nufuzi o‘sib borayotgani — bu mamlakatda demokratik va bozor islohotlarini amalga oshirish, ushbu shiddatli yangilanishlarning mustahkam huquqiy asosini yaratishga qaratilgan zamonaviy qonun ijodkorligi borasida erishilayotgan yutuqlar tufayli hamdir.
Yangi O‘zbekiston rahbari — o‘z yo‘lidan borish huquqini izchil himoya qilayotgan zamonamizning sanoqli siyosatchilaridan biridir. Bu mustaqil taraqqiyot yo‘lining mohiyati:
birinchidan, jamiyatning o‘ziga xos tarixiy shartsharoitlari, uning milliy, diniy va madaniy xususiyatlari puxtalik bilan hisobga olinganida;
ikkinchidan, iqtisodiy rivojlanish hamda taraqqiyotning an’anaviy axloqiy va madaniy qadriyatlar bilan uyg‘unligida;
uchinchidan, eski sog‘lom fikrning tajribaga asoslanmagan nazariyalardan ustunligida;
to‘rtinchidan, mafkuralashgan konsepsiyalar ustidan vatanparvarlik, pragmatizm va ijodiy amaliyotning ustunligida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 23.07.2022
- Ko'rishlar: 4989
- Chop etish