Tajribadan ma’lumki, Konstitutsiya qonun-qoidalariga qat’iy amal etilishini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyaviy sudlar tashkil etiladi. Birorta Konstitutsiya qonunchilik bilan tartibga soladigan ijtimoiy hayotning barcha holatlarini belgilashga qodir emas. Shuning uchun mamlakatlarning Konstitutsiyasi bilan bir qatorda boshqa qonunlar ham mavjud bo‘ladi.
Ularda har bir davlatning Asosiy qonunida o‘z ifodasini topmagan munosabatlarni tartibga solish qoidalari mujassamlashadi. Shu bilan bir qatorda ana shu qonunlarning birortasi Konstitutsiya talablariga aslo zid bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun ham mamlakatlarda konstitutsiyaviy sudlar tashkil etilgan.
Umuman Konstitutsiya qoidalari to‘g‘ri amalga oshirilishini nazorat qilish zarurati Buyuk Britaniyada XVII asr boshlarida Yashirinn kengash nomini olgan organni joriy qilishga olib kelgan. U mamlakatdagi barcha qonunchilik hujjatlari bo‘yicha xulosalar chiqarish huquqiga ega bo‘lgan.
Ana shunday konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish AQShda yo‘lga qo‘yilgan. 1803 yilda ushbu davlatning Oliy sudi mamlakatdagi 1989 yilgi sud tuzilishi to‘g‘risidagi hujjat Konstitutsiyaga zid ekanligini bildirgan.
Bunday konstitutsiyaviy sudlar 1920 yilda Avstriya va Chexoslavakiyada ta’sis qilingan edi. Ikkinchi jahon urushidan keyin esa 1951 yilda Germaniya Federativ Respublikasida, 1958 yilda Fransiyada, so‘ng boshqa mamlakatlarda ham paydo bo‘ldi. Hozirgi paytda jahonda ularning soni ko‘p. Ular turlicha nomlanadi. Jumladan Polshada konstitutsiyaviy tribunal, Germaniyada federal konstitutsiyaviy sud, Misrda esa oliy konstitutsiyaviy suddir.
Konstitutsiyaviy sud davlat hokimiyatining sud tarmog‘iga taalluqli bo‘lib, uning vakolatiga huquqiy normalarning Konstitutsiyaga muvofiqligini baholash kiradi. Konstitutsiyaviy sud barcha boshqa sudlardan farqli ravishda qonunlar yoki boshqa huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga nomuvofiqligi holatlarida ularni bekor qilish huquqiga egadir.
Jumladan, Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudining asosiy vazifasi davlat yoki yirik korporatsiyalar mamlakatning Asosiy qonunini buzilmayotganligini tekshirishdan iboratdir. Bunda asosiy e’tibor fuqarolarning asosiy – inson qadr-qimmati, kasbni va ish joyini erkin tanlash, mol-mulkka ega bo‘lish kabi huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudining tarkibi har biriga 8 tadan sudya kiradigan ikki senatdan iboratdir. Senatlar bir-biriga bo‘ysunmaydi. Federal konstitutsiyaviy sud sudyalari siyosiy partiyalarning takliflari asosida qayta saylanish huquqisiz 12 yilga saylanadi. Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudining har ikki senati yiliga 6 mingtaga yaqin arizalar qabul qiladi. U ta’sis etilgandan o‘tgan 60 yil davomida ana shunday 137 mingta ishni ko‘rib chiqqan.
Shu bilan birga ayrim mamlakatlarda Konstitutsiyaviy kengashlar mavjuddir. Xususan, Fransiyaning Konstitutsiyaviy kengashi 1958 yilda tashkil etilgan. Uning vazifalari boshqa davlatlardagi konstitutsiyaviy sudlarga o‘xshash, biroq vakolatlar va vazifalarda jiddiy tafovutlar mavjuddir. Masalan, Kengash amaldagi qonunlarni bekor qilish huquqiga ega emas. Shuningdek, Konstitutsiyaviy kengash qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini o‘z tashabbusi bo‘yicha tekshira olmaydi. Bu masala bo‘yicha faqat mamlakat Prezidenti, Bosh vaziri, Senat va Milliy kengash raislarigina konstitutsiyaga muvofiqlikni tekshirish to‘g‘risida so‘rov berish huquqiga egalar.
Kengash huquqiy hujjatlar – qonunlar yoki qonunosti xujjatlar maqomi hamda qonunchilik va ijro hokimiyati o‘rtasidagi vakolatlarni chegaralash masalalarini hal qiladi, mamlakat Prezidenti saylovlari o‘tkazilishini nazorat qiladi. U mazkur saylovlarning yakunini belgilaydi, Prezident adolatli saylanganligini e’lon qiladi, ana shu lavozim bo‘sh bo‘lgan holatlarda davlat rahbarini belgilash tartibini hal etadi. Shu bilan birga Kengash referendumlarni o‘tkazadi va ular yakunlarini chiqaradi, deputatlar va senatorlar to‘g‘ri saylanganligi to‘g‘risida qarorlar chiqaradi. Shu bilan birga Konstitutsiyaviy kengash Fransiya Prezidentini mamlakatda favqulodda holat e’lon qilish masalasi yuzasidan maslahatlar beradi.
Yuqorida qayd etilganlardan Konstitutsiyaviy kengash Konstitutsiyaga amal etilishini ta’minlash kafolatiga egaligini anglatmaydi. Chunki bu huquq Fransiya Konstitutsiyasining 5-moddasiga muvofiq mamlakat Prezidenti vakolatiga kiradi. Shu bilan birga Konstitutsiyaviy kengashning qarorlari bekor qilinishi mumkin emas, bu qarorlar hokimiyat, ma’muriy sud organlari uchun majburiydir.
Yuqoridagi xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi vakolatlarini kengaytirish masalasini kiritish maqsadga muvofiq, degan fikrdamiz. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi amaldagi Qonunda Konstitutsiyaviy sudning Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari, davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlar normalariga sharh berish, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish vakolatlari berilgan.
Biz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi vakolatlarini mamlakat Prezidenti saylovlari o‘tkazilishini nazorat qilish, mazkur saylovlarning yakunini belgilash, Prezident adolatli saylanganligini e’lon qilish, umumxalq referendumlarini o‘tkazish va ular yakunlarini chiqarish, deputatlar va senatorlar to‘g‘ri saylanganligi to‘g‘risida qarorlar chiqartshni kiritishni taklif qilamiz.
Erkin ERNAZAROV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining bosh muhariri,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 27.07.2022
- Ko'rishlar: 5791
- Chop etish