Bugungi kunda Yangi O’zbekistonning barcha sohalardagi taraqqiyot bosqichi Uchinchi Renessans davri bilan hamohang tarzda amalga oshmoqda. Bunday murakkab ijtimoiy-huquqiy jarayonlarda, eng avvalo, fanlarning o’zaro integrasiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan o’zbek huquqshunosligi mustaqillik yillarida tubdan shakllanib, tadrijiy tarzda rivojlanishi, aynan boshqa fanlar bilan uyg’unlashib, yanada takomillashayotgani diqqatga sazovor.
Bu borada yaqinda professor Shuhrat Ko’chimovning Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan chop qilingan “Qonun tili lingvistikasi” nomli ilmiy risolasi (monografiyasi) fikrimiz dalilidir. Mazkur ilmiy kitobning quyidagi ilmiy yangiliklarini qayd etish mumkin.
Birinchidan, O’zbekiston qonunlarining tili, yuridik terminologiya, qonunchilik uslubiyati masalalari ilk marotaba lingvistik jihatdan tadqiq etilib, o’zbek huquqshunosligi muhim ilmiy asar bilan boyidi. O’zbek qonunchilik tili, qonunchilik uslubiyati, uning funksional uslublari, yuridik terminologiya masalalarini lingvistik jihatdan ilmiy-nazariy tahlil qilish, uning lingvo-yuridik qoidalarini aniqlash va shu asosda qonun tiliga qo’yiladigan talablarni ishlab chiqishda muhim manba hisoblanadi.
Ikkinchidan, hozirda huquqshunoslik va uning boshqa ijtimoiy fanlar bilan integrasiyasi davlat va fuqarolik jamiyati rivojida muhim manba hisoblanadi. Boshqacha aytganda, huquqshunoslik va tilshunoslik fanlari integrasiyasi, ya’ni huquqning tilga, o’z navbatida, tilning huquqqa ta’siri masalalari mamlakatimiz mustaqilligidan keyin paydo bo’lgan yangi ilmiy yo’nalish deyishga to’la asoslar bor.
Uchinchidan, har qanday qonun huquqiy nuqtai nazardan qanchalik adolatli bo’lmasin, til va uslub jihatdan mukammal bo’lmas ekan, o’z oldiga qo’ygan strategik maqsad va taktik vazifalarini to’liq bajara olmaydi. Bunda, ayniqsa, qonun va davlat tili, qonun ijodkorligi faoliyatida til va uslubning tutgan o’rni masalalari muhim ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
To’rtinchidan, qonunshunoslik tili yo’nalishida, mustaqillikdan so’ng, mamlakatimiz huquqshunos va tilshunos olimlari tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, turli darajadagi dissertasiyalar himoya qilinib, risolalar nashr etildi, lug’at va ilmiy maqolalar yaratildi. Biroq ushbu kitob sohaning o’ta murakkab va nozikligini inobatga olib, unda fanlararo ilmiy yo’nalish bo’lgani bois o’zbek huquqshunosligi va tilshunosligini integrativ tarzda, ya’ni obrazli aytganda, “tarozining pallasini teng saqlash” talab etadigan murakkab ilmiy-amaliy tadqiqot hisoblanadi.
Kitobda qonunchilik uslubiyati masalalari ilmiy jihatdan, jumladan, qonun tilining leksik-semantik, grammatik, sintaktik va morfologik xususiyatlari tadqiq qilingani amaldagi qonunlarimizni sifat jihatdan takomillashtirish va unga baho berish imkonini beradi.
Beshinchidan, jahon ilm-fanida “Yurislingvistika” deb nomlangan yangi maxsus fanlararo ilmiy yo’nalishning Yangi O’zbekistonda ham rivojlanishiga muhim hissa qo’shadi. Natijada mamlakatimiz qonunchilik tizimini takomillashtirish, norma ijodkorligida normativ-huquqiy hujjatlarni ham huquqiy, ham lisoniy yondashuvlar asosida qiyosiy tahlil etish imkonini beradi.
O’zbekistonda qonun ijodkorligi, sud lingvistikasi ekspertizasi, lingvokriminalistik ekspertiza sohalarining tom ma’noda rivojlanishi uchun aynan huquq va til integrasiyasi, ya’ni yurislingvistikaga asoslangan ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashni yo’lga qo’yishga xizmat qiladi.
Mazkur ilmiy monografiyada o’zbek olimi professor Sh.Ko’chimov o’z tadqiqoti natijasida, jumladan, “Qonun tili har jihatdan mukammal bo’lishi uchun, avvalambor, ular o’zbek tilida yaratilishi, o’zbek tilining mavjud grammatik qonun-qoidalariga to’la bo’ysunishi shart. Shundan so’nggina boshqa xalqlarning tillariga tarjima qilinishi kerak” hamda “Konstitusiyamiz nafaqat yuridik jihatdan, balki ifoda usuli nuqtai nazaridan ham boshqa qonunlarga yuridik tilning yagona ilmiy-amaliy andozasi (etaloni) bo’lib xizmat qilishi lozim”, deb qayd etilgan xulosalari juda muhim hisoblanadi.
Akmal SAIDOV,
akademik
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 09.09.2022
- Ko'rishlar: 5592
- Chop etish