28 sentyabr – Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni
Dunyo mamlakatlarida aholining axborot olish huquqi qanchalik ta’minlanganligini nazorat qilish vazifasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan YuNESKO zimmasiga yuklangan. Shuning uchun 28 sentyabr – Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni dastavval aynan YuNESKOning 2015 yildagi rezolyusiyasi asosida e’lon qilingan bo‘lsa, 2019 yilda BMT Bosh Assambleyasi uni xalqaro sanalar taqvimiga kiritgan.
BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlari tamoyillaridan kelib chiqqan holda, YuNISEF keng jamoatchilikning axborotdan erkin foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhimligiga alohida e’tibor qaratmoqda. Zero, axborot erkinligi – bugungi zamon demokratiyasining asosiy tayanchlaridan biridir.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq, “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi”.
Axborot erkinligi – insonning asosiy huquqi. U erkinlikning Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘z himoyasiga olgan barcha turlari uchun mezon sanaladi.
Ommaviy axborot vositalarining tinchlik va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlash, inson huquqlarini rivojlantirish va irqchilik hamda aparteid va urushga gijgijlashga qarshi kurashdagi hissasiga oid asosiy prinsiplar to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 2-moddasida qayd etilganidek, “inson huquqlari va asosiy erkinliklarining tarkibiy qismi sifatida e’tirof etiladigan fikr, uni ifodalash va axborot erkinligini amalga oshirish tinchlik va xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashning muhim omilidir”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 29-moddasida shunday normalar mustahkamlangan: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”.
Ma’lumki, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohot jarayonlari davom etmoqda. Konstitutsiyaviy komissiya ma’lumotlariga qaraganda, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi davomida fuqarolar tomonidan Konstitutsiyaga ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatiga aralashmaslik bilan bog‘liq normani kiritish yuzasidan ham takliflar bildirilgan.
Bu ham – axborot erkinligi taqozosidir. Binobarin, “Shohsen – ogohsen, ogohsen – shohsen,”, deydi donishlar. Ommaviy axborot vositalari butun dunyoda “To‘rtinchi hokimiyat” deya ta’riflanishi bejiz emas.
Nega deganda, axborot – hokimiyat, kuch-qudrat, salohiyat deganidir. Har bir shaxs axborotdan erkin xabardor bo‘lishining ta’minlanishi, o‘z navbatida, ochiq va barkamol, inklyuziv va ma’rifiy jamiyat barpo etishning tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 15 ta eng muhim yo‘nalishdagi islohotlari samaradorligiga nisbatan ekspertlar tomonidan berilgan baholar e’lon qilindi. Xususan, mamlakatimizda media muhitining kengaytirilishi, ommaviy axborot vositalari hukumatning jamiyat hayotiga taalluqli muhim qrorlarni qabul qilishidagi roli oshgani e’tirof etilgan. Bu bejiz emas.
Prezidentimiz qaerdaki ommaviy axborot vositalari ochiqligi haqida gap ketsa, soha vakillarini faol bo‘lishga da’vat etadi, doim axborot erkinligini qo‘llab-quvvatlashini, jurnalistlar haq-huquqlari himoya qilinishini ta’kidlaydi. Davlatimiz rahbarining joriy yilda mamlakatimiz matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida: “Biz barpo etayotgan huquqiy demokratik davlatda so‘z va matbuot erkinligi doimo Bosh qomusimiz va qonunlarimiz hamda Prezident himoyasida bo‘ladi” degan so‘zlari bu fikrning yaqqol tasdig‘idir.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashning yangi tizimi joriy etildi. Natijada keyingi davrda ko‘plab vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan, barcha tuman va shahar hokimliklarida esa birinchi marta tashkil etildi.
Aynan shu bugun mamlakatimizda YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan maxsus innovatsion axborot platformasi ishga tushirilgani ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Ishonchimiz komilki, «Yaxshi narsalar interneti» deb nomlangan ushbu veb-resurs bolalar, o‘smirlar, ota-onalarning sifatli, xavfsiz, xolis va foydali axborotdan erkin foydalanishini ta’minlash ishiga muhim hissa qo‘shadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni 2016 yildan buyon ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham keng nishonlanadi. Shu munosabat har yili ayni shu sana arafasida dunyoning turli davlatlarida axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilinadi.
Xususan, joriy yilda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda YuNESKO hamkorligida gibrid shaklda o‘tkazilgan “Global miqyosda axborotdan erkin foydalanish va sohani raqamlashtirish imkoniyatlari tahlili: yutuqlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro konferensiya ham ayni shu sanaga bag‘ishlandi.
Anjumanda mamlakatda axborot olish erkinligi, davlat organlari va tashkilotlaring xalq oldida hisobdorligini ta’minlash qonun bilan mustahkamlangani xususida fikr yuritildi. O‘zbekiston YuNEKSKOning axborotdan erkin foydalanish borasidagi barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
Shuningdek, "Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi: innovatsiyalar, inklyuziv va huquq" mavzusida davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan YuNESKO Bosh direktorining kommunikatsiya va axborot masalalari bo‘yicha yordamchisi Taufik Jelass qayd etganidek, XX asrning 90-yillarida dunyo bo‘yicha 14 ta davlatda axborot olish erkinligi to‘g‘risida qonun mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 135 taga yetgan, ya’ni deyarli o‘n baravarga oshgan.
Haqiqatan ham, mustaqillik yillarida so‘z erkinligi O‘zbekistonning Asosiy qonunida qat’iy kafolatlandi. Shu negizda o‘ndan ortiq qonunlar qabul qilindi. Ayni vaqtda Axborot to‘g‘risidagi kodeks loyihasini tayyorlash jarayoni davom etmoqda.
Ayniqsa, keyingi besh yilda Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyati qonunchilik negizida tubdan kuchaytirilgandi. Taraqqiyot strategiyasida ana shu tashkiliy-huquqiy asoslarni takomillashtirish ko‘zda tutilgani yangi davr talabidir.
Hozirgi kunda axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda. Bularning barchasi, bir tomondan, mamlakatimizda so‘z erkinligini to‘la ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ommaviy axborot vositalaridan ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashni ham taqozo etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish sohasidagi munosabatlar jadal taraqqiy etib hamda tobora globallashib borayotgan hozirgi davrda axborot erkinligi imkoniyatlaridan foydalanishning o‘ziga yarasha ijtimoiy yuki ham borligini unutmaslik darkor. Zotan, har qanday erkinlik, agar uni suiiste’mol qilinmasa, pirovardida tom ma’noda tinchlik va farovonlik, barqarorlik va taraqqiyot, hamkorlik va hamjihatlik omiliga aylanadi.
G‘ulom MIRZO,
Oydin IBROHIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimlari
- Qo'shildi: 28.09.2022
- Ko'rishlar: 6075
- Chop etish