“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi “Xalq — qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi” degan tamoyillarga asoslangan holda o‘tkazilmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiya – Yangi O‘zbekistonni barpo etishning huquqiy poydevori
Prezidentimiz joriy yilning iyun oyida Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Qayd etish lozimki, Prezidentimiz ilgari surgan “Inson qadri uchun” g‘oyasi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson — jamiyat — davlat” yondashuvini Konstitutsiyamiz mazmuniga chuqur singdirish “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini yaratishning ustuvor vazifasiga aylandi.
Konstitutsiyamiz yillar davomida yashayotgan davrimiz, islohotlar talabi va xalqimiz ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirib borildi. Hozir esa Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shuningdek, hozir dunyoda kechayotgan global muammolar va kun sayin o‘zgarib borayotgan xalqaro hayot mamlakatimizni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqaror taraqqiyotni ta’minlash, tashqi siyosatning huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi keng ko‘lamli masalalar borasida yechimini kechiktirib bo‘lmaydigan, yangi va o‘ta muhim hayotiy vazifalarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Bugun Yangi O‘zbekiston — maqsadi demokratik tamoyillar, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan prinsip va normalarga asoslangan, pirovard maqsadi xalq uchun erkin, obod hamda farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatga aylandi.
Qayd etish kerakki, har qanday islohot kuchli konstitutsiyaviyhuquqiy asosga tayansagina, ko‘zlangan ezgu maqsad va ulug‘vor vazifalarga, samarali natijalarga erishadi. Darhaqiqat, O‘zbekiston va dunyo tajribasiga nazar tashlansa, tub burilish davrida konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilgani hamda islohotlar xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlangani va xalqning orzu-umidini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilgandagina ortga qaytmas tus olishini kuzatish mumkin.
Yangilanayotgan Konstitutsiya – chinakam xalq Konstitutsiyasidir
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi”.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning asosiy muallifi va ijodkori tom ma’noda O‘zbekiston xalqi hisoblanadi. Ushbu xulosa quyidagilarga asoslanadi:
Birinchidan, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish g‘oyasi va uning davlat va jamiyat rivojidagi ahamiyati ilk marotaba aynan “Yangi O‘zbekistonga — Yangilangan Konstitutsiya lozim”, deb bilayotgan aholi hamda saylovchilar tomonidan taklif etildi.
Zero, 2021 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif —konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.
Bu, bir tomondan, Prezidentimizning Yangi O‘zbekiston strategiyasi doirasidagi demokratik islohotlar siyosati keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, ikkinchi tomondan, saylovchilar mamlakatdagi tub o‘zgarishlardan manfaatdor ekanidan dalolat beradi.
Ikkinchidan, xalq tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarni umumlashtirish, tizimlashtirish, chuqur tahlil etish hamda mamlakat taraqqiyotining ushbu bosqichida Yangi O‘zbekistonni va Uchinchi Renessans asoslarini yaratish, jamiyat va davlat boshqaruvi sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida Prezidentimiz konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab berdi.
Uchinchidan, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish ishlariga bevosita xalq tomonidan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlari boshchilik qilmoqda. Shuningdek, parlament tomonidan shakllantirilgan Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga akademik hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari kiritilgani ham konstitutsiyaviy islohotlarda xalq vakillari ishtiroki bilan bir qatorda, uning xalqchilligini hamda jahonda tan olingan demokratik tamoyillar va qoidalarga mosligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
To‘rtinchidan, konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq muhokamasida kollmarkaz, fuqarolarning bevosita qabuli orqali, “Meningkonstitutsiyam.uz” platformasi, an’anaviy murojaatlar hamda jamoaviy takliflar asosida 150 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Bu 1992 yildagi umumxalq muhokamasiga qaraganda 25 barobardan ko‘pdir. Ushbu takliflarning 56 foizi erkaklar, 40 foizi ayollar tomonidan, 4 foizi esa anonim tarzda bildirilgan. Unda xorijdagi vatandoshlar yuborgan takliflar ham inobatga olingan va ilmiy hamjamiyat ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etilgan.
Beshinchidan, joylardagi uchrashuvlarda fuqarolar bildirgan fikr-mulohazalar, tashabbus va takliflar tahlili ham xalqimizning Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga befarq emasligi, balki islohotlar, xususan, konstitutsiyaviy islohotlarning faol va manfaatdor ishtirokchisiga aylanayotganidan dalolat beradi.
Oltinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, “aql markazlari”ning konstitutsiyaviy islohotlardagi faol ishtirokini e’tirof etish lozim. Fuqarolik jamiyati institutlari Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatiga ham yaqindan ko‘mak ko‘rsatdi:
- BMT, YeXHT, ShHT, YeI, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida qabul qilingan 400 dan ortiq butundunyo va mintaqaviy konvensiyalar, deklaratsiyalar, rezolyusiyalar hamda konstitutsiyaviy rivojlanish borasidagi xalqaro tajriba o‘rganib chiqildi, 193 mamlakat konstitutsiyasi, konstitutsiyaviy islohotlari tizimli ravishda tahlil etildi;
- Xalqaro va xorijiy tajribani chuqur tahlil etish va o‘rganishlar asosida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyalari”, “Jahon konstitutsiyalari”, “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari taj ribasi” (5 jildlik) kabi 10 dan ziyod asar yaratildi. Ular asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlarga oid fikrmulohazalar, takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi. Fuqarolik jamiyati institutlari takliflari, jumladan, “inson sha’ni va qadrini ulug‘lash”, yangi “inson — jamiyat — davlat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish, xalqchil, adolatli va ijtimoiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy mustahkamlash, bolalar, xotin-qizlar va nogironligi bor shaxslar erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ekologik muammolarni hal etish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab oldi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba fuqarolik institutlarining bevosita ishtiroki va tashabbusi asosida jamoatchilik, gender, bola huquqlari, inson huquqlari, xususan, nogironligi bor shaxslarning, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy davlat qurish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulkni himoya qilish kabi qator yo‘nalishlar hamda aksilkorrupsiya va lingvistik ekspertizalardan o‘tkazildi. Jamoatchilik ekspertizalarida 300 dan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti ishtirok etdi.
Ochiqlik va oshkoralik – konstitutsiyaviy islohotlarning muhim tamoyili
Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga qat’iy tayangan holda olib bordi. Xususan, mazkur Komissiyaga konstitutsiyaviy islohotlarga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, mahallalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, sohaning milliy va xalqaro ekspertlari faol jalb etildi.
Bunda Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmatining faoliyati alohida o‘rin tutdi. Xususan, Matbuot xizmati oddiy fuqaro uchun sodda va tushunarli tilda konstitutsiyaviy islohotlarning, Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangiliklarning fuqarolarimiz uchun naqadar ahamiyatli ekani, ustuvorliklari va asosiy yo‘nalishlarini yetkazishda alohida faollik ko‘rsatmoqda. Aholiga konstitutsiyaviy qonun loyihasini keng tanishtirish, ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda har bir moddaning keng jamoatchilik muhokamasini tashkillashtirish, fuqarolar fikrini o‘rganish, bu borada aholi qatlamlari va Konstitutsiyaviy komissiya o‘rtasida mustahkam aloqalarni ta’minlash ishlarida jurnalistlar va blogerlarning ishtiroki ta’minlanmoqda.
Bunda Matbuot xizmati o‘z faoliyatini ikkita yo‘nalishda olib bormoqda:
- birinchidan, konstitutsiyaviy islohotlarni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritish:
- davlat va nodavlat telekanallarda 13 ming 824 lavha, intervyu, informatsion va maxsus ko‘rsatuvlar efirga uzatildi, radiokanallarda — 3730 informatsion va maxsus eshittirishlar tashkil qilindi;
- bosma nashrlarda 1303 maqola chop etilgan bo‘lsa, internet nashrlarida 7122 ta, “Telegram”, “Facebook”, “Instagram”, “YouTube” kabi ijtimoiy tarmoqlarda 49 ming 545 axborot materiali e’lon qilindi.
Birgina internetda e’lon qilingan axborot materiallari foydalanuvchilar tomonidan 245 million martadan ko‘p ko‘rilgan va 109 mingdan ortiq izohlar qoldirilgan. Shuningdek, Matbuot xizmatining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari va www.meningkonstitutsiyam.uz internet portaliga Komissiya faoliyati hamda konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan axborotlar joylashtirilmoqda. Shu kungacha jami 1000 dan ortiq axborot materiali (o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida) joylashtirildi. Bugungi kunda ushbu portaldan foydalanuvchilar soni keskin ortib, 73 ming 600 nafarni tashkil etmoqda. Fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarga portal foydalanuvchilari tomonidan 15 ming 872 ta izoh hamda 384 ta qo‘shimcha taklif qoldirilgan;
ikkinchidan, Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga ko‘maklashish:
- Konstitutsiyaviy komissiya va ishchi guruhlar faoliyatiga bag‘ishlangan brifing va matbuot anjumanlari tashkil etilishi tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi;
konstitutsiyaviy islohotlarni targ‘ib qilishga qaratilgan 490 dan ortiq reportaj, videoroliklar tayyorlanib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishi ta’minlanmoqda. Shuningdek, Komissiya faoliyati, komissiya huzuridagi guruhlarning ish jarayonlari, fuqarolardan takliflar kelib tushishi jarayonlari aks etgan maxsus o‘zbek va rus tillarida jami 77 ta “Backstage” reportajlar suratga olinib, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilinmoqda;
- konstitutsiyaviy islohotlar, ularning mazmunmohiyati bu boradagi soha mutaxassislarining, komissiya a’zolarining, qolaversa, faol jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalari bilan gazetalar mushtariylarini tanishtirib borish maqsadida “Konstitutsiyaviy islohotlar gazetalar nigohida” sarlavhali tahliliy sharhlarning 14 ta soni tayyorlandi va keng yoritilishi tashkil qilindi;
barcha mobil aloqa operatorlari orqali fuqarolarga o‘z takliflari bilan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol bo‘lishga qaratilgan SMS-xabarnomalar yuborilishi tashkil qilindi. Mazkur “SMS”lar 30 million abonentga yuborildi.
Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida siyosiy partiyalar sermahsul faoliyat olib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Tahlillarga ko‘ra, 5 ta siyosiy partiya tomonidan 17 mingdan ortiq tadbir o‘tkazilib, ularda 657 ming fuqaro ishtirok etgan va konstitutsiyaviy qonun loyihasini yanada takomillashtirish, mamlakatimizdagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan 24 mingdan ziyod taklif yig‘ilgan.
Eng muhimi, muhokamalarda “eng qiyin”, “noqulay”, avval “o‘ta nozik”, deb atalgan turli masalalar ham — bu iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy sohaga yoki ekologiya, gumanitar va boshqa sohalarga taalluqlimi, undan qat’iy nazar, o‘rtaga tashlandi, muhokama markaziga qo‘yildi. Jamiyatdagi fikrlar va g‘oyalar xilmaxilligi, ular orasidagi raqobat yaqqol namoyon etildi.
So‘zsiz, bularning barchasi o‘ziga xos demokratik indikator bo‘lib, O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasi haqiqiy xalq Konstitutsiyasi ekanini ta’minlashga hamda har bir moddani aholi fikrini inobatga olib sayqallashga xizmat qilmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi – xalqaro hamjamiyat e’tirofida
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini yaratishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish borasidagi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktda qayd etilgan tavsiyalar, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining “Yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi”, Yevropa Ittifoqining “Asosiy huquqlar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi xartiyasi”, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida jamiyatning barcha qatlamlari vakillarini davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish bo‘yicha qabul qilingan xalqaro va mintaqaviy huquqiy hujjatlar alohida hisobga olindi.
Davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar, akademik hamjamiyat, xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlar bilan hamkorlikda konstitutsiyaviy islohot hamda konstitutsiyaviy qonun loyihasining turli yangiliklariga bag‘ishlangan 100 dan ortiq milliy va 40 dan ziyod xalqaro forum, jumladan, xorijiy mamlakatlarda ham (AQSh, Buyuk Britaniya, Koreya, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Yaponiya, Hindiston kabi davlatlar) o‘tkazildi.
Ularda 500 dan ziyod xalqaro va xorijiy ekspert, parlament a’zolari, davlat va jamoat arboblari, siyosatshunoslar ishtirok etib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlar borasida o‘zlarining ijobiy fikr-mulohazalari hamda amaliy tavsiyalarini berdi.
Birgina BMTning Nyu-York shahridagi qarorgohida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbatida 40 dan ortiq a’zo davlatning Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika mintaqalaridagi missiyalari doimiy vakillari va ekspertlari, shuningdek, BMTning turli tuzilmalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston tarixidagi noyob tajriba — konstitutsiyaviy qonun umumxalq muhokamasidan o‘tkazilayotgani, konstitutsiyaviy islohotning millati, dini, yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, har bir fuqaroning manfaatlariga mos kelishi, islohotning inklyuzivligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etildi.
Xususan, Ozarbayjonning BMTdagi doimiy vakili Ya.Aliev va Yaponiyaning BMTdagi missiyasi eksperti Sh.Mitsuta konstitutsiyaviy qonun ijodkorligi sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rganish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini yuqori baholadi. U referendum orqali xalqning qo‘llab-quvvatlashi bilan konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli yakunlanishiga qat’iy ishonch bildirdi.
Germaniyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi maslahatchisi M.Koll Konstitutsiyani yangilashda O‘zbekiston tomonidan qo‘llanilayotgan yondashuv islohotlarning inklyuziv va keng qamrovliligini ta’minlash, davlat oldida turgan vazifalarni samarali hal etishning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.
Mazkur xalqaro davra suhbati ishtirochilari — Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish bo‘yicha kun tartibi maqsadlari bilan uyg‘un ekanini alohida qayd etdi.
Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong ta’kidlashicha, BMTning Jenevada (Shveysariya) joylashgan shtabkvartirasida tashkil etilgan “Konstitutsiyaviy islohotlar: inson qadr-qimmati va huquqlarini ta’minlash” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etgan 30 dan ortiq xalqaro tashkilot tomonidan mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar ijobiy baholangan va qo‘llab-quvvatlanmoqda.
M.Chungong konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ayollar va qizlarning qadrqimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlashning konstitutsiyaviyhuquqiy asoslarini yanada rivojlantirish ekaniga alohida e’tibor qaratdi. Konstitutsiyamizga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi norma hamda tamoyillariga to‘liq mosligiga urg‘u berdi.
Ta’kidlash joizki, mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining konstitutsiyaviy qonun loyihasiga rasmiy sharhlari va takliflari olindi.
Qator halqaro tashkilotlar va ekspertlar konstitutsiyaviy qonunning umumxalq muhokamasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish borasidagi tegishli tavsiyalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tegishli hujjatlari, dunyoda zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanishning ustuvor tendensiyalari, shuningdek, “Xalq — qonunlarning yagona manbai va muallifidir” ustuvor tamoyiliga to‘la-to‘kis rioya qilingan holda amalga oshirilgan, deb hisoblamoqda. Shu bilan birga, ushbu Konstitutsiyaviy qonunni umumxalq referendumi asosida qabul qilinishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlamoqda.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari
- Qo'shildi: 30.09.2022
- Ko'rishlar: 4820
- Chop etish