O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rafiqasi bilan birga 2022 yil 21-22 noyabr kunlari Fransiyaga rasmiy tashrif buyurdi. Oliy darajadagi tashrif Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan amalga oshirildi.
Ikki kunlik rasmiy tashrif davomida O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 14 ta hujjat imzolandi. Eng muhimi, davlatlarimiz o‘rtasida to‘rtta asosiy yo‘nalishda – iqtisodiy aloqalar, parlamentlararo hamkorlik, siyosat va madaniyat sohalaridagi o‘zaro munosabatlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish imkoniyatlari yaratildi.
Oliy darajadagi tarixiy tashrif va samimiy muloqotlar
Fransiya Prezidentining qarorgohi Parijdagi Yelisey saroyida joylashgan. Yelisey saroyi 1718-1722 yillarda qurilgan bo‘lib, bu yerda Fransiya Prezidenti xorijiy davlatlar rahbarlarini qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari 22 noyabr kuni xuddi shu muhtasham tarixiy saroyda bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar va munosabatlarni yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklikka olib chiqishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Prezidenti Yangi O‘zbekistonni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlari haqida qisqacha to‘xtaldi. Bu boradagi keng qamrovli islohotlarning hozirgi bosqichida uchrayotgan ayrim muammo va qiyinchiliklar, ularni hal etish yo‘lida ko‘rilayotgan amaliy choralar xususida so‘z yuritdi.
Prezidentlar O‘zbekiston va Fransiyaning konstitutsiyaviy islohotlar sohasidagi tajribalari to‘g‘risida ham fikr almashdilar. Bugungi kunda mamlakatimizda ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan yangilanishlarga to‘xtaldilar.
Fransiya Prezidenti so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasining do‘stona muloqot va yaratuvchanlik makoniga aylanib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi. Bunda Prezident Sh.Mirziyoevning irodasi va sa’y-harakatlari alohida ahamiyatga egaligini e’tirof etdi.
“Fransiya bunday muhim iroda va intilishlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi Emmanuel Makron Shavkat Mirziyoev bilan muloqoti chog‘ida. – Biz Siz bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga tayyormiz”.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda ikki tomonlama aloqalar jadal sur’at bilan rivojlanib borayotganini qayd etdilar. Xususan, keng siyosiy muloqot chuqurlashib, xalqaro tashkilotlar doirasida tomonlar o‘zaro ko‘maklashayotgani, parlamentlararo muloqot kengaygani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
Ikki davlat liderlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashdilar. Xavfsizlik sohasida, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish borasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi.
Davlat rahbarlari yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish maqsadida Qo‘shma bayonot qabul qildilar. Shuningdek, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha sheriklik to‘g‘risidagi bitim hamda Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasidagi 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Fransiya – Yevropaning yetakchi davlatlaridan biri sifatida “Katta yettilik” va “Katta yigirmatalik” mamlakatlari guruhlariga kiradi. Fransiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi, Yevropa Ittifoqining hammuassisidir.
O‘z navbatida, Prezident Sh.Mirziyoev bundan to‘rt yil ilgari Yevropa davlatlariga o‘zining ilk tashrifini aynan Fransiya safaridan boshlagandi. Davlatimiz rahbari “ko‘hna qit’a”ning boshqa hech bir davlatiga bunday qisqa muddatda ikkinchi bor tashrif buyurmagan.
Ushbu rasmiy tashrif doirasidagi oliy darajali uchrashuv ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi. Muloqot yakunida Shavkat Mirziyoev Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi. Fransiya Prezidenti O‘zbekiston Prezidentining taklifini bajonudil qabul qilar ekan: “Biz, albatta, boramiz”, deb javob qaytardi.
Tomonlar fikri yakdil: Parlament – xalq uyi
Fransiya Parlamenti ikki palatali bo‘lib, Senat va Milliy majlisdan iborat. Milliy majlisga oxirgi saylovlar 2022 yil 12 va 19 iyun kunlari ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi. Quyi palata deputatlari 577 nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 noyabr kuni Parijdagi Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi Raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashdi. Muloqotda parlamentlarimiz o‘rtasidagi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotni yanada demokratlashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish borasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari haqida so‘z bordi.
Prezident Sh.Mirziyoev o‘z faoliyati davomida 15 yil O‘zbekiston parlamentining deputati bo‘lgani haqida so‘zladi. Shu ma’noda, tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot va hamkorlik masalalarida parlamentlarning alohida o‘rin tutishidan amalda xabardorligini qayd etdi. So‘nggi yillarda Oliy Majlis palatalarining vakolatlari izchil kengaytirib borilayotgani bejiz emas.
Fransiya Milliy majlisi rahbari O‘zbekistonda, shu jumladan parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish, gender tenglikni ilgari surish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli hamda shiddatli demokratik yangilanishlarning borishini yuksak baholadi.
Gender tenglikni ta’minlash jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishgani, mamlakatimizda xotin-qizlar qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat idoralarida, tadbirkorlik va ijtimoiy sohada munosib o‘rin egallayotgani qayd etildi. Xususan, bugungi kunda xotin-qizlar vakillari Qonunchilik palatasida – 32 foiz, Senatda – 25 foizni tashkil etmoqda.
Mamlakatimizda ayollar va qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu borada tegishli qonunlar qabul qilindi. Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi.
Shuningdek, 2022 yil sentyabr oyida mamlakatimizda ilk bor jahon parlamentlari yetakchi ayollarining 14-sammiti o‘tkazildi. Yetakchi ayollarning rolini oshirish to‘g‘risida Parlamentlararo Ittifoqning Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Uchrashuvda o‘lim jazosini bekor qilish, inson huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, ekologik muammolarni hal etish to‘g‘risidagi normalar va boshqa muhim qoidalarni mustahkamlab qo‘yish ko‘zda tutilgan konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishga tayyorgarlik borasidagi asosiy yondashuvlar muhokama qilindi.
Parlamentlararo do‘stlik guruhining uchrashuvlarini o‘tkazish, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi, Yevropa Parlamenti, Parlamentlararo Ittifoq, YeXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi. Zero, Parlamentlararo hamkorlik O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarining muhim bo‘lagi hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida Prezidentimiz Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi. Shuningdek, Fransiya Milliy majlisi Raisini o‘zi uchun qulay vaqtda tashrif bilan mamlakatimizga borishga taklif etdi.
Muloqot asnosida parlamentning ahamiyati borasidagi yondashuvlar uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Har ikki tomonning ham fikricha, parlament – xalq uyidir.
Iqtisodiyot – keng qamrovli va o‘zaro manfaatli hamkorlik asosi
Prezidentlar muloqotida mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, tovar ayirboshlash hajmini, ilg‘or texnologiyalarni jalb qilgan holda qo‘shma loyiha va dasturlarni ko‘paytirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Oliy darajadagi uchrashuvga qadar, 21 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Fransiya yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda «MEDEF» Fransiya korxonalari harakati bosh direktori Filipp Gote, «Airbus», «Orano», «Suez», «Alstom», «Total Eren», «EDF», «Schneider Electric», «Natixis» kabi 20 taga yaqin yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Tashrif arafasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlari, ularning doirasida umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan savdo-iqtisodiy bitim va shartnomalar imzolangani yuksak baholandi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, bu O‘zbekiston muhim va ishonchli hamkorimiz – Fransiya bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga intilishi qat’iyligidan yana bir bor dalolat beradi.
Haqiqatan ham, ikki tomonning iqtisodiy hamkorligi jozibadorligi va ishonchliligi bilan ajralib turadi. Bunda, ayniqsa, Prezident Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy valyuta ayirboshlash amalda joriy etilgani, bojxona to‘lovlari soddalashtirilgani va monopoliyaga barham berilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Mamlakatimizning jozibadorligi Markaziy Osiyoda aholi soni bo‘yicha eng yirik davlat ekani, mahsulotlarimiz MDHning ulkan bozoriga bojsiz yetkazib berilayotgani bilan ham izohlanadi.
O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga 2018 yilgi birinchi tashrifi doirasidayoq 5 milliard yevrodan ziyod miqdorda ikki tomonlama bitimlar tuzilgandi. Ayni vaqtda “Total”, “Orane (Areva)”, “Suez”, “Eyrbas”, “Buig”, “Tales” kabi ko‘plab yetakchi korporatsiyalar bilan hamkorlik kelishuvlari o‘z samaralarini bermoqda.
Muloqotlar chog‘ida Fransiyaning O‘zbekiston bilan ko‘p tomonlama hamkorlikka qiziqishi tobora ortib borayotganligi e’tirof etildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni iqtisodiy qudrati bo‘yicha – Yevropada ikkinchi, dunyoda esa yettinchi o‘rinni egallab kelayotgan Fransiya bilan har tomonlama aloqalarni mustahkamlash va yanada kengaytirishdan manfaatdorligi ta’kidlandi.
Eng asosiysi, rasmiy Parij Prezident Sh.Mirziyoev rahbarligida O‘zbekiston davlat tizimining barcha sohalarini isloh etish borasida izchil rivojlanish ko‘zga tashlanayotganiga e’tiborni qaratdi. Mamlakat yangilanishlarning maqbul yo‘lidan odimlayotgani va ushbu yo‘nalishdagi siyosatni qat’iy davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Madaniyat diplomatiyasining samaralari
O‘zbekiston va Fransiya Prezidentlarining Yelisey saroyidagi muzokaralarida ikki mamlakat o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati qayd etildi. Tomonlar Samarqandda Fransiya alyansining filiallari ochilishini qo‘llab-quvvatladilar.
Joriy yil 27-28 noyabr kunlari Parijda ikkinchi O‘zbekiston-Fransiya ta’lim forumining o‘tkazilishi olqishlandi. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Yangi kelishuvlarning ahamiyatini teranroq tasavvur qilish uchun ayrim raqamlarga to‘xtalamiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda 700 dan ortiq maktab, kollej va litsey, shuningdek, 12 ta oliy ta’lim muassasasida 200 ming nafardan ziyod o‘quvchi-talaba fransuz tilini o‘rganmoqda. Ikki mamlakatning 40 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng madaniy diplomatiya samaralaridan bahra olish fursati keldi. Prezidentlar rafiqalari bilan birgalikda Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazmalar bilan tanishdilar.
Luvr – dunyodagi eng katta va eng ko‘p tashrif qilinadigan muzeylardan biri bo‘lib, eng yirik va qimmatli badiiy asarlar to‘plamiga ega. Har yili Luvrga 10 millionga yaqin sayyoh keladi.
Bu yerda davlatimiz rahbarining rasmiy tashrifi arafasida “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi ochildi. Xalqimizning boy madaniy merosiga bag‘ishlangan ushbu ko‘rgazma 2023 yil 6 mart kuniga qadar davom etadi.
Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil oktyabr oyida Fransiyaga amalga oshirilgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga asosan tashkil etildi. O‘shanda O‘zbekiston va Fransiya muzeylari hamkorligida ko‘rgazmalar tashkil etish, mamlakatlarimiz o‘rtasida ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish zarurligi qayd etilgandi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Luvr muzeyi o‘rtasida imzolangan tegishli memorandum asosida keyingi uch yilda ko‘rgazmalarga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. O‘zbekiston va Fransiyaning birgalikdagi bir nechta ekspeditsiyasi uyushtirilib, ko‘plab arxeologik topilmalar kashf qilindi.
Natijada Luvrning Rishele zali va Islom bo‘limida xronologik ketma-ketlikda joylashtirilgan beshta bo‘limdan iborat katta ko‘rgazma makoni yaratildi. Yurtimiz tarixining 1500 yildan ortiq davrini qamrab olgan ko‘rgazma mamlakatimizning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo, shu jumladan ko‘rgazma uchun maxsus restavratsiya qilingan 70 ta eksponatdan iborat. Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQShning yirik muzeylaridan keltirilgan 31 ta buyum ko‘rgazmadan joy oldi.
Ko‘rgazmaning ilk mehmonlari bo‘lgan O‘zbekiston va Fransiya yetakchilari Dalvarzintepa va Xolchayon yodgorliklaridan topilgan eksponatlar, Varaxshadagi qizil rangli xonadan devoriy surat, Kofirqal’adan o‘ymakor panno, Katta Langar Qur’oni sahifalari, Amir Temur maqbarasidan qo‘shtavaqali eshik, Afrosiyobdagi elchilar tasviri tushirilgan devoriy surat va boshqa eksponatlar bilan tanishdilar. Ularning yaratilishi va topilishi, ular bilan bog‘liq tarixiy davrlar va shaxslar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Davlat rahbarlari ko‘rgazma yuksak darajada tashkil etilgani va unda o‘ziga xos muhit yaratilganini ta’kidlab, ikki mamlakatning madaniy hayotida muhim o‘rin tutuvchi ushbu tadbirni tayyorlashga hissa qo‘shganlarga minnatdorlik bildirdilar. Luvrdagi ko‘rgazma nafaqat O‘zbekiston va Fransiya xalqlari, balki butun Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi azaliy tarixiy aloqalarni, do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Parijdagi Arab dunyosi institutida esa O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari” nomli ko‘rgazma tashkil etildi. Joriy yilning 23 noyabr kunidan 2023 yil 4 iyun kuniga qadar ilk bor Fransiyada keng xalqaro jamoatchilik e’tiboriga O‘zbekistonning XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid boy moddiy madaniyatiga taalluqli 300 dan ortiq eksponat havola etilmoqda.
Ko‘rgazmadan yurtimizning 9 ta muzeyi, jumladan, Nukus, Samarqand, Buxoro va Toshkent muzeylaridan keltirilgan to‘qimachilik buyumlari, libos va poyabzallar, bosh kiyim to‘plamlari, shuningdek, Turkiston avangardi yo‘nalishiga mansub 24 ta mo‘yqalam asari o‘rin olgan. Tayyorgarlik doirasida 89 ta zargarlik buyumi restavratsiya qilindi.
Prezidentlar uchun ko‘rgazma bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi, eksponatlar to‘g‘risida batafsil so‘zlab berildi. Hunarmand ajdodlarimizning yuksak ijodiy tafakkuri va mahoratidan dalolat beruvchi ushbu buyumlarning rang-barangligi va nafosati Fransiya Prezidenti va Birinchi xonimida cheksiz hayrat uyg‘otdi.
Luvrdagi ko‘rgazma ilmiy kuratori Rokko Rantening so‘zlariga qaraganda, Parijdagi ushbu ko‘rgazmalar Yevropa va Fransiya jamiyati uchun Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonni yanada yaqindan bilishda ulkan ilmiy ahamiyatga ega. Zotan, mazkur mintaqa va mamlakat madaniyati muhim tarixiy shaxslarga boyligi, qolaversa, Yevropa mamlakatlari bilan uyg‘un tarixiy voqealari ko‘pligi bilan alohida o‘rin tutadi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari o‘zining ochiqligi, samimiyati va beqiyos g‘ayrat-shijoati bilan fransuzlar qalbini zabt etdi. Zero, fransiyaliklar o‘zaro muloqotu muzokaralarda aynan ochiqlik va samimiyatni yuksak qadrlaydilar. Ayniqsa, O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlikka alohida manfaatdorlik, ulkan ishonch va juda katta qiziqish bilan qaraydilar.
Eng asosiysi, O‘zbekiston Prezidenti barcha muloqotlarda Fransiya tarixi va bugungi kunini yaxshi bilishini, ayniqsa, hamkor mamlakatning milliy manfaatlari va yondashuvlari haqida chuqur tushunchaga egaligini yorqin namoyon etdi. Shu asosda Fransiya liderlarini O‘zbekiston bilan har tomonlama yaqin hamkorlikning muhimligi va zarurligiga to‘la inontirdi.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, rasmiy tashrif davomida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar tez orada muhim samaralarini berishining o‘ziga xos tasdig‘i va kafolatidir. Buni xalqimiz ham, jahon jamoatchiligi ham yaqqol ko‘rib-bilib turibdi.
Binobarin, Yevroparlamentning Markaziy Osiyo bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi o‘rinbosari Andris Ameriks ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston Prezidentining Yevropa Ittifoqi davlatlariga har bir tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi ekanini tasdiqlaydi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida ishonchli va sodiq ittifoqchi hisoblanadi. O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga tashrifi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, kelgusida hamkorlik uchun yanada keng imkoniyatlar ochadi”.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 25.11.2022
- Ko'rishlar: 5104
- Chop etish