O‘zbekiston Konstitutsiyasi va odil sudlov huquqi

So‘nggi yillarda keng qamrovli demokratik islohotlar natijasida jadal rivojlanayotgan Yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘si va nufuzi yuksalib bormoqda. Har bir sohada adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, inson qadrini yuksaltirish, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud tizimida odillik va shaffoflik mezonlarini yanada mustahkamlash – amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan eng asosiy maqsadlardan sanaladi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Mustaqil va kuchli sud hokimiyati inson huquqlari, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirishning asosiy shartidir”.

 

Mustaqil sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari

 

Istiqlolning dastlabki yillaridanoq demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan mamlakatimizda hokimiyatlar bo‘linishi va mustaqil sud hokimiyatining vujudga kelishi eng ulkan qadamlardan bo‘ldi. 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasining 11-moddasida belgilanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi”.

Konstitutsiyaning alohida bir bobi bevosita sud tizimiga bag‘ishlangan. Ushbu XXII bob “O‘zbekiston Respublikasining sud hokimiyati” deb nomlanadi va 11 ta (106-116-moddalar) moddani o‘zida qamraydi.

Konstitutsiyaning 112-moddasiga ko‘ra: “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi”.

Mamlakatimizda sud hokimiyati va sudyalar mustaqilligining huquqiy-tashkiliy asoslari yaratilgan. Xususan, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasi “Sudyalarning mustaqilligi” deb nomlangan.

Eng muhimi, O‘zbekiston Konstitutsiyasida «Inson va uning qadr-qimmati» degan ulug‘ tushuncha – huquqiy qadriyat markaziy o‘ringa qo‘yilgan. Bosh qomusimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro hujjatlar talablariga to‘la mos holda, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlarini kafolatlab berdi.

 

“Sudlarni adolat qo‘rg‘oniga aylantiraylik”

 

Mustaqillik yillarida yurtimizda sud tizimini liberallashtirish va insonparvarlashtirishga qaratilgan tub islohotlar, o‘lim jazosini bekor qilish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, “xabeas korpus” institutini joriy qilish, advokatura rolini oshirish sohalarida muhim qadamlar qo‘yildi. Ayniqsa, Prezident Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi doirasida ayni yo‘nalishda ulkan tarixiy natijalarga erishildi.

Bu haqda so‘z borganda, davlat rahbarining 2017 yil 13 iyunda mamlakatimiz sudyalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi – tarixda ilk bor O‘zbekiston Prezidentmning mamlakat sudyalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvini alohida ta’kidlash lozim. Zero, aynan ushbu uchrashuvda yurtimizning 1 ming 300 nafar sudyasi oldiga «Sudlarni adolat qo‘rg‘oniga aylantiraylik», degan talab qo‘yildi.

Prezidentimiz «Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak!», degan g‘oyani ham xuddi shu muloqot asnosida ilgari surdi. Binobarin, ushbu chorlov ulug‘ ajdodimiz Amir Temur tomonidan Oqsaroyida muhrlangan “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shiori!”, degan shiorning nafaqat hamohang, ayni chog‘da, yanada chuqur mazmundagi ifodasidir.

Davlatimiz rahbari tomonidan sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi lozim, degan haqli talab kun tartibiga qo‘yildi. Buning uchun har qanday bahsli masalaga adolatli yechim faqat odil sud tomonidan topilishi kerak.

Sudyalar ishiga har qanday aralashuv keskin jazolanishi, ularning xavotirsiz ishlashlari uchun barcha zarur sharoit yaratilishi darkor. Sud tizimidagi islohotlar davom ettirilishi borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar sudyalar hamjamiyati uchun dasturilamal bo‘lishi shart.

Shu negizda O‘zbekiston sud tizimida shiddatli o‘zgarishlar boshlanib ketdi. Avvalambor, so‘nggi yillarda sudlarning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi.

Sud va sudyalar faoliyatining turli sohalarida yechimini kutayotgan bir qator muammolar bor. Bu muammolar soha ekspertlari tomonidan o‘rganildi va ularni hal etish bo‘yicha muayyan amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur shartidir. O‘tgan davrda O‘zbekistonda bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Ayni vaqtda odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini ta’minlash, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, ushbu sohalar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha oldimizda ko‘pgina vazifalar turibdi”.

 

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va odil sudlovga erishish istiqbollari

 

 Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi Harakatlar strategiyasining uzviy davomidir. Unda bugungi global o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi, hayot talabi va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda yettita ustuvor yo‘nalishdagi maqsad va vazifalar belgilangan.

 Taraqqiyot strategiyasidagi har bir vazifa va maqsad 2021 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi jarayonlarida bevosita fuqarolarimiz ishtirokida muhokamadan o‘tkazilib, hayotiy taklif va tashabbuslar bilan to‘ldirilgan, boshqacha aytganda, xalqimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan. Shu ma’noda, islohotlarni yangi bosqichda davom ettirish, avvalo, xalqimizning xohish-irodasidir.

       Taraqqiyot strategiyasi 100 ta ustuvor maqsadni o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, shundan sud islohotlari bilan bog‘liq bandlar bevosita ikkinchi yo‘nalish doirasida belgilangan. Bu ustuvor yo‘nalish  “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” deb nomlangan.

 Xususan, “Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish” nomli 15-maqsadga erishish uchun:

  • ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish;
  • “Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish;
  • sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro‘yobga chiqarish;
  • sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish;
  • sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish;
  • nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish;
  • sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish;
  • sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish;
  • Sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borish singari muhim vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun 2022 yil – «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan jami 398 ta chora-tadbir va ularni bajarish muddatlari Davlat dasturida aniq qilib belgilab qo‘yilgan.

Davlat dasturida O‘zbekiston Resublikasi Oliy sudiga yuklatilgan jami 9 ta banddagi chora-tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida, to‘laqonli, puxta va samarali ta’minlash alohida diqqat markazida turibdi.

Ushbu vazifalar hayotimizga chuqur tatbiq etilishi natijasida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi amalga oshadi. Jumladan, bunda sud tizimining roli va mas’uliyati yanada kuchayadi.

Sud va fuqarolik jamiyati

Bu o‘rinda dastlab sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarishiga taalluqli muammolarga to‘xtalish lozim, deb o‘ylayman. Yanada aniq qilib aytganda, “Sudyalar hamjamiyati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish lozim, degan fikrdaman.

Bunday yangi qonun asosida sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tartibi va shakllari joriy qilish mumkin bo‘ladi. Qonunda, jumladan, Sudyalar s’ezdi, konferensiyasi, kengashi, umumiy yig‘ilishi, malaka hay’ati haqidagi normalar o‘z aksini topadi.

Ma’lumki, 1997 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi joriy yilda tashkil topganining 25 yilligi nishonlamoqda. Ushbu NNT sudyalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sud hokimiyatining nufuzini oshirishda muhim o‘ringa ega. O‘tgan davrda Assotsiatsiya sud hokimiyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘sha oladigan mustaqil jamoat tashkiloti sifatida shakllandi.

Eng asosiysi, mamlakatimiz sud-huquq tizimida Prezident Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan boshlangan tarixiy islohotlarni amalga oshirish, odil sudlov sifati va samaradorligini ta’minlash, malakali sudyalar korpusini shakllantirish, sud hokimiyatining nufuzini yuksaltirish, bir so‘z bilan aytganda, sudlarni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishda o‘z safida mingdan ortiq a’zoni jamlagan O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining ham munosib o‘rni bor.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining VI s’ezdida Assotsiatsiya raisligiga ko‘p yillar davomida shu lavozimda faoliyat yuritib kelayotgan Ubaydulla Mingboev nomzodi ma’qullandi. S’ezdning 16 nafar delegati Assotsiatsiya Markaziy kengashiga a’zo, yana 3 nafar nomzod Taftish komissiyasi a’zosi bo‘ldilar. Ushbu yangilangan rahbariy tarkib O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasining rivojlanish strategiyasini tayyorlash masalasini ko‘rib chiqish kerak, degan fikrdamiz.

Shuningdek, O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi kelgusi yil 70-yilligini nishonlaydigan Sudyalarning xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirishi zarur. Bularning barchasi, o‘z navbatida, Assotsiatsiyaning “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirishga ko‘maklashishi hamda sudyalar faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirishi uchun yanada keng yo‘l ochadi.

Binobarin, sudyalarni vatanparvar, adolatni chuqur his etadigan va unga o‘z faoliyatida doimo qat’iy amal qiladigan ruhda tarbiyalash, ularning bilimi va kasbiy mahoratini muntazam ravishda oshirib borishni tashkillashtirish nihoyatda dolzarb masaladir. Buni ng uchun, jumladan, sudyalar hamjamiyati organlarining sud tizimini takomillashtirish borasidagi harakatlarini izchil uyg‘unlashtirish va yagona maqsadga yo‘naltirish, aholi o‘rtasida sud hokimiyatining nufuzi va obro‘-e’tiborini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish taqozo etiladi.

Navbatdagi muammo – sudyalarning o‘rtacha ish hajmi ortib ketganiga borib taqaladi. Bu muammoni hal qilish uchun sudyalar sonini bosqichma-bosqich oshirib borish tavsiya etilmoqda.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi bunday yechim asosli ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, ayni vaqtda 100 ming aholiga sudyalar soni Germaniyada – 24 nafar, Rossiyada – 18 nafar, Qozog‘istonda – 16 nafar, Qrg‘izistonda – 7,3 nafar, Tojikistonda esa 5 nafarni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘ratkich 3,7 nafardan iborat, xolos.

Qolaversa, mamlakatimizda sud faoliyatini raqamli texnologiyalar yordamida onlayn tahlil qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan. Bu muammoga yaqin yillarda Oliy sud binosida Vaziyatli markaz yaratish yo‘li bilan maqbul yechim topish mumkin.

Hozirga qadar yurtimizda sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari yetishmaydi. Yuridik jurnalistika davr talablari darajasida rivojlanmagan. Shuning uchun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha maxsus kafedra hamda Toshkent davlat yuridik universitetida Odil sudlov kafedrasi tashkil etish muhim ahamiyatga ega.

Bunday kafedraning faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga doir ma’lumotlarni aholiga malakali tarzda yetkazish imkoniyati tug‘iladi. Shu bilan birga, jurnalistlarning ushbu sohadagi ko‘nikmasini oshirishga yo‘l ochiladi.

Odil sudlov va xalqaro huquq

Mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirishga qaratilgan xalqaro huquq normalarini bajarish masalasi alohida e’tiborda turibdi. So‘nggi yillarda bu borada:

birinchidan, yurtimizda Biznes-Ombudsman va Bolalar Ombudsmani tashkil etildi. Biznes-ombudsmanga iqtisodiy ishlar bo‘yicha shuningdek, ma’muriy ishlar bo‘yicha birinchi instansiya sudining tadbirkorlar faoliyati bilan bog‘liq qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati taqdim qilish huquqi berildi. Endilikda kassatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilinganidan keyin 1 yil ichida berilishi mumkin;

ikkinchidan, sud hokimiyatini demokratlashtirish, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etish, sud hokimiyatining mustaqilligini, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, “Xabeas korpus” institutini kengaytirish, sud tizimini mustahkamlash, shuningdek, tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rildi;

uchinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, nizolarni sudgacha hal etish, taraflarni yarashtirishda advokatlarning vakolatlari sezilarli darajada kengaydi. Sud ishlarining adolatliligi, ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash uchun “elektron adolat” tizimi joriy etildi;

to‘rtinchidan, jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini tuzishga yo‘l ochildi, sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va chora-tadbirlari belgilandi. Bugungi kunda tintuv, voqea joyida olingan ko‘rsatmalarni tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni videotasvirga olish orqali majburiy qayd etish talablari qonun bilan mustahkamlangan;

beshinchidan, ma’muriy, jinoiy, jinoiy-protsessual, jinoiy-ijroiya, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilik takomillashtirilmoqda. Jamoat birlashmalari kafolati ostida shaxslarni afv etish va jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. “Jasliq” ixtisoslashtirilgan koloniyasining yopilishi muhim voqea bo‘ldi;

oltinchidan, fuqarolarimiz huquqlari va manfaatlarini, qaerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, himoya qilish va ularning O‘zbekistonga qaytishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Misol sifatida Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar hududlaridan 541 nafar fuqaro, asosan, ayollar va bolalarning Vatanimizga qaytarib keltirilganini aytish mumkin.

Konstitutsiyaviy islohot va sud tizimi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va izchil demokratik islohotlar natijasida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning mustahkam siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va ma’naviy-madaniy asoslari yaratildi.

Kundalik hayotimizda “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” kabi fundamental demokratik tushunchalar va qadriyatlar real voqelikka aylandi. Jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarmoqda.

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Dastlab Prezidentimiz Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida Konstitutsiyamiz normalari yanada takomillashtirildi.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbari ilgari surgan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ni amalga oshirish asnosida izchil konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Sh.Mirziyoev, asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.

Bularning barchasi bejiz emas. Chunki zamonaviy globallashuv sharoitida butun dunyo mamlakatlari jadal tarzda konstitutsiyaviy rivojlanishning o‘z modelini izlamoqda. Shu bilan birga, Konstitutsiya davlatning siyosiy va ijtimoiy barqarorligini ta’minlashning asosiy omillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bunda konstitutsiyaviy tamoyillar:

birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini kengaytirish (shaxs konstitutsiyasi);

ikkinchidan, “jamoat huquqlari”, “umumjamiyat huquqlar”ning himoyasini mustahkamlash, ya’ni fuqarolik jamiyati institutlarini muvofiqlashtirish, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish (jamiyat konstitutsiyasi);

uchinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimini tashkillashtirish, bevosita demokratiya shakllari bilan uyg‘unlashgan vakillik demokratiyasini (saylov, referendum, umumxalq muhokama) takomillashtirish, hokimiyat vakolatlarini bo‘lish, jumladan, qonunchilik va ijroiya hokimiyati o‘rtasidagi o‘zaro nazorat va muvozanatni saqlash hamda sud organlari mustaqilligi tamoyilini qo‘llash, mansabdor shaxslarning mas’uliyati va hisobdorligini yanada oshirish (davlat konstitutsiyasi) mezzonlarini ko‘zda tutadi.

Konstitutsiyaviy islohot hozirgi va kelajak barqaror rivojlanishning zarur yuridik zaminidir. Xususan, u hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro nazorat va muvozanatni saqlash tizimini mustahkamlashga, hisobdorlik, shaffoflik, ishtirok va kelajakni ko‘ra bilishni oshirishga ko‘maklashuvchi konstitutsiyaviy “qoidalar”ni o‘zgartirish yo‘li bilan “samarali boshqaruvning” hayotiy ahamiyatga ega instrumenti bo‘lishi mumkin.

Boshqaruvning sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgarishlar siyosiy tizim barqarorligiga imkon beradi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyot uchun foydali bo‘lib, investitsiya va taraqqiyot uchun barqaror zamin yaratadi.

Dunyodagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni o‘rganish o‘ziga xos jihatni — davlat Bosh qonunini zamon talablariga moslashtirish, uning vujudga kelayotgan da’vatlarga javob berish qobiliyatini oshirish zaruratini namoyon qilmoqda. Jahon zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanishining ustuvor tendensiyalari quyidagilarga jamlanmoqda:

  • konstitutsiyaviy islohotlarning tizimliligi. Ular siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar sohalar, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar bilan modernizatsiya jarayonlarining o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro shartlanganligi;
  • konstitutsiyaviy tartibga solishning kengayishi, davlat hokimiyati mexanizmini isloh qilish va boshqaruv shaklini o‘zgartirish;
  • konstitutsiyaviy ko‘lam sohasini rivojlantirish, huquqiy suverenitetni mustahkamlash va davlat konstitutsiyaviy o‘ziga xosligini belgilash;
  • inson huquq va erkinliklarining sud himoyasini oshirish, konstitutsiyaviy odil sudlov vakolatini kengaytirish, fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqini berish;
  • konstitutsiyaviy huquq ijodkorligining globallashuvi, dunyo davlatlari konstitutsiyalarida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va normalarini aks ettirish;
  • davlat va jamiyatning konstitutsiyaviy rivojlanishini ekologiyalashtirish, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish prinsipini amalga oshirish;
  • raqamli huquqlarni mustahkamlash va rivojlantirish, axborot jamiyatini institutlashtirish, kiberxavfsizlikni huquqiy jihatdan tartibga solish.

E’tibor berilsa, ushbu tendensiyalarning barchasi, shubhasiz, mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘undir. Eng muhimi, Yangi O‘zbekistonda sud tizimi mustaqilligining yangicha konstitutsiyaviy asoslari shu kabi ilg‘or omillarga tayanadi.

 

 

 

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining birinchi o‘rinbosari 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech