Samarqand shahri yana bir yirik tadbirga mezbonlik qilishi kutilmoqda

5-6-dekabr kunlari Samarqand shahri yana bir yirik tadbirga mezbonlik qilishi kutilmoqda. Bu yerda “Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusida global forum boʻlib oʻtadi.

Forumdan koʻzlangan asosiy maqsad BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha jahon taʼlim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilishdan iborat.

Shuningdek, ayni sohadagi ilgʻor tajriba va innovatsion yondashuvlar taqdimotini tashkil etish, taʼlim tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Ushbu nufuzli forum BMT shafeligida gibrid formatda oʻtkaziladi. Unda dunyoning turli davlatlaridan inson huquqlari sohasidagi taʼlim mutaxassislari, xorijiy ekspertlar, davlat organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari — jami 120 dan ortiq chet ellik mehmon ishtirok etishi kutilyapti.

BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasiga muvofiq, 1948-yil 10-dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. 1950-yili BMT tomonidan 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlash belgilangan.

Deklaratsiya insonlarning barchasiga birdek tegishli huquqlarini oʻz ichiga olgan boʻlib, shu kungacha dunyoning 500 dan ortiq tiliga, jumladan, oʻzbek va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan. Mazkur xalqaro hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, eʼtiqod va soʻz erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, taʼlim, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat va sanʼat asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.

Butun dunyoda, jumladan, Oʻzbekistonda ham 2022-yil 10-dekabr kuni insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini eʼlon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi boshlanadi. Shu sana arafasida boʻlib oʻtadigan Samarqand global forumi jahon miqyosidagi ushbu muhim tadbirga start beradi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi eʼlon qilinganidan soʻng oʻtgan davrda jahon hamjamiyati ushbu huquq va erkinliklarga inson huquqlari boʻyicha xalqaro huquq normalari va mexanizmlari orqali dunyo miqyosida rioya etilishiga koʻmaklashmoqda.

Mazkur huquqlardan biri – taʼlim olish huquqi barcha inson huquqlaridan foydalanishga yoʻl ochadigan boshlangʻich nuqta. Taʼlim olish huquqi inson huquqlari boʻyicha taʼlimni hamda ushbu huquqlarni oʻrganish, shuningdek, jamiyatimizda inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish usullari, vositalarini ham oʻz ichiga oladi. Inson huquqlari boʻyicha taʼlim inson hayoti mobaynida davom etadigan va turli yoshdagi shaxslarga birdek tegishli boʻlgan maʼrifiy-huquqiy jarayondir.

Mamlakatimiz jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosi sifatida xalqaro shartnomalar, jumladan, inson huquqlari toʻgʻrisidagi bir qancha xalqaro hujjatni ratifikatsiya qildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Oʻzbekiston parlamenti istiqlolning ilk yillarida tasdiqlagan muhim xalqaro-huquqiy hujjat sanaladi.

Natijada mustaqil Oʻzbekiston davlati muayyan xalqaro majburiyatlarga rioya etish va ularni bajarish majburiyatini zimmasiga oldi. Boshqacha aytganda, navqiron davlatimiz va jamiyatimiz BMT nizomi talablari hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga qatʼiy amal qilib yashashga chogʻlandi.

Davlatimiz asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq boʻlib, oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni ogʻishmay bajarib kelmoqda. Ayniqsa, soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish masalasi eng ustuvor yoʻnalishga aylandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohot izchil davom etmoqda va ushbu muhim siyosiy-huquqiy jarayon – yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi obyektiv zaruratdir.

Haqiqatan ham, jadal oʻzgarib borayotgan zamonaviy talablarga javob beradigan Konstitutsiyaga ega boʻlish uchun, albatta, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga mos xatti-harakatlar va oʻzgarishlarni amalga oshirish talab qilinadi. Yangi Oʻzbekistonga muvofiq keladigan yangi konstitutsiyaviy prinsip va normalarni belgilash, avvalo, “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga tatbiq etishni taqozo etadi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi eʼlon qilingan kun – 10-dekabrda BMTning Inson huquqlari boʻyicha mukofotini topshirish yaxshi anʼanaga aylangan. Ushbu mukofot bundan 56 yil ilgari, yaʼni 1966-yilda inson huquqlarini himoya qilishga ulkan hissa qoʻshgan insonlarni taqdirlash uchun tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz ham inson huquqlari boʻyicha oʻz mukofotini taʼsis etdi. Soʻnggi yillarda Xalqaro inson huquqlari kunida “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni sovrindorlari aniqlanib, tantanali ravishda taqdirlab borilmoqda.

Samarqand global forumi doirasida “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni sovrindorlariga ham ushbu mukofot topshiriladi.

Lutfullo Suvonov

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech