So‘z erkinligi – ijtimoiy tarmoqlarda dushmanlik kayfiyatini yoyish uchun bahona emas

Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yangiliklar sayti”da 2023 yil 6 yanvar kuni e’lon qilingan maqolada shu mavzuda fikr yuritilgan. Ya’ni, BMT Mustaqil ekspertlar guruhi “Tvitter” ijtimoiy tarmog‘i sohibi o‘zgarganidan so‘ng ushbu Internet-manba sahifalarida irqchilikka urg‘u berilgan axborotlar hajmi keskin ko‘payganidan tashvish bildirgan.

 Bu o‘rinda, xususan, kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan insonlarga nisbatan “Tvitter” ijtimoiy tarmog‘ida nomaqbul so‘zlar ishlatilishi tobora ortayotgani haqida so‘z bormoqda. Shu munosabat bilan BMT Mustaqil ekspertlar guruhi mediakorporatsiyalar rahbarlarini shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.

Ayni mavzudagi bayonot BMT Mustaqil ekspertlar guruhining o‘nlab a’zolari tomonidan imzolangan. Bayonotda qayd etilishicha, “Tvitter” ijtimoiy tarmog‘i sohibi o‘zgarganidan keyin dastlabki 12 soat ichida, AQShning Ratger universiteti huzuridagi Tadqiqot instituti ma’lumotlariga qaraganda,  mazkur ijtimoiy tarmoqda kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan insonlarga nisbatan “n” harfi bilan boshlanadigan nomaqbul so‘zni ishlatish holatlari besh barobarga oshgan.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu holat “Tvitter” ijtimoiy tarmog‘idagi trolling, ya’ni muayyan jamoatlar tomonidan va noma’lum holda ishlatiladigan ijtimoiy provakatsiya yoki onlayn muloqotdagi bezorilik bilan bog‘liq. Aslida, ayni tarmoqda nafratni targ‘ib etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shunga qaramay, ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda hozirgi vaqtda kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan insonlarga nisbatan dushmanlik kayfiyatini kuchaytiradigan axborot tarqatilayotgani chuqur tashvish uyg‘otmoqda. Shu munosabat bilan bunday nosog‘lom xatti-harakatlarga nisbatan inson huquqlari mezonlariga mutanosib ravishda tezkor javob choralari ko‘rilishi talab etiladi.

Dushmanlik kayfiyatini keng yoyish – milliy, irqiy yoki diniy mansublikdan kelib chiqadigan zo‘ravonlikning o‘ziga xos salbiy ifodasidir. Bu, o‘z navbatida, ijtimoiy tarmoqlarda irqiy  nafrat alanga olishiga sabab bo‘ladi. BMT Mustaqil ekspertlar guruhi vakillari qayd etishlariga qaraganda, bunday holat nafaqat “Tvitter”, balki Internetning “Meta” kompaniyasiga qarashli boshqa ijtimoiy tarmoqlarga ham taalluqlidir.

Tabiiyki, ayrim korporatsiyalar mutasaddilari irqiy  nafrat targ‘ibotiga qarshi izchil kurash olib borilayotganini uqtirmoqda. Ammo, BMT mustaqil ekspertlari bu borada ezgu so‘z bilan ezgu amal bir-biriga mos kelmayapti, deb hisoblaydi.

Bunday nomatlub voqeliklar, ayniqsa, saylovlar arafasida “Feysbuk” sahifalarida provakatsiya, ya’ni shaxslarni salbiy oqibatlarga olib keladigan muayyan harakatlarga undashga qaratilgan reklamalarning joylashtirilishi, dezinformatsiya – yolg‘on axborot e’lon qilinishi, shuningdek, fitna nazariyasining mukkadan ketgancha targ‘ib etilishi kabi holatlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Xususan, “Global Witness” va “SumOfUs” tashkilotlari o‘tkazgan tadqiqotlar natijasida “Meta” kompaniyasi o‘zi tomonidan yaqindagina e’lon qilingan shubhali mazmundagi reklamani bloklab qo‘yishga layoqati yetmasligini amalda bildirib qo‘ygani aniqlandi. Natijada ko‘psonli shikoyatlarga javob tariqasida mazkur kompaniya qat’iy qadamlar qo‘yishiga – 2020 yili Kuzatuv kengashini ta’sis etishiga to‘g‘ri keldi.

Kuzatuv kengashidan joy olgan turli soha bo‘yicha ekspertlar zimmasiga, birinchi navbatda, “Feysbuk” va “Instagram” sahifalarida joylashtirilayotgan ma’lumotlarga nisbatan, xolis va mustaqil yondashgan holda, fikrni ifoda etish erkinligi prinsipi talablarini tatbiq etish vazifasi yuklandi. Shuningdek, kompaniyaning ayni yo‘nalishdagi samarali siyosatiga oid umumiy tavsiyalarni ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu asosda Kuzatuv kengashi qariyb ikki millionta murojaatni o‘rganib chiqdi va bir qator tavsiyalarini e’lon qildi. Lekin, ekspertlarning taxminicha, Kuzatuv kengashi ishining samaradorligini baholash uchun anchagina uzoq vaqt kerak bo‘ladi.

Qolaversa, ushbu Kengash faoliyati ijtimoiy tarmoqlar rahbarlarining nafrat va dushmanlik kayfiyatiga qarshi kurashish uchun mavjud mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish va yangicha talablarga moslashga nechog‘lik tayyor ekaniga bevosita bog‘liqdir. BMT inson huquqlari himoyachilarining xavotirlariga ko‘ra, bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlarga foyda olishga taalluqli bo‘lgan tor manfaatlar xalal berishi ehtimoli yo‘q emas.

Shu ma’noda, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk yaqinda “Tvitter” ijtimoiy tarmog‘i rahbari Ilon Maskka maktub yo‘llab, matbuot erkinligi prinsipi xavfli uydirma ma’lumotlarni tarqatish uchun indulgensiya, ya’ni o‘ziga xos ruxsatnoma bo‘lib xizmat qilishi mumkin emasligi haqida uni ogohlantirgani bejiz emas. F.Tyurk ta’kidlaganidek, inson huquqlari sohasidagi normalarga ko‘ra, kamsitish va zo‘ravonliklar “oloviga o‘tin qalaydigan” nafrat va dushmanlikni targ‘ib etuvchi axborotning tarqatilishini taqiqlash masalasi ayrim hollarda fikrni ifoda etish erkinligiga nisbatan ustuvor ahamiyat kasb etadi.

O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari bu boradagi siyosatni belgilab olishda BMTning Irqiy kamsitish bo‘yicha xalqaro konvensiyasi, Fuqarolik va iqtisodiy huquqlar bo‘yicha xalqaro pakt, shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatining inson huquqlari sohasi bilan bog‘liq rahbariy prinsiplari normalariga tayanishni tavsiya etdi.

Shu o‘rinda 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berilgani zamirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev olib borayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilanganini alohida ta’kidlash lozim.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”.

Albatta, butun dunyoda radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kuchayib bormoqda va, afsuski, bunday xatarlar bizni ham chetlab o‘tmayapti. Hozirgi shunday murakkab davrda mamlakatimizda millatlararo do‘stlik, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlik, ijtimoiy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun davlatimiz va jamiyatimiz bor kuch-imkoniyatlarini safarbar etmoqda.

O‘zbekistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq holat qanday? Rostini aytganda, so‘nggi yillarda bu borada yo‘limizda to‘g‘anoq bo‘lib turgan ulkan xarsanglar joyidan jildi.

Bu haqda so‘z borganda, xususan, keyingi davrda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining alohida rezolyusiyasi bilan Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligi asosiy inson huquqlariga tenglashtirilganini alohida ta’kidlash zarur. Bunda 2017 yili 20 ta mamlakatga mansub 10 ming nafar Internet foydalanuvchisi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda so‘ralganlarning 83 foizi Internet tarmog‘idan foydalanish erkinligi asosiy inson huquqlaridan biri sifatida e’tirof etilishini ma’qullagani muhim ahamiyat kasb etdi.

Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida keng jamoatchiligimizdan fikr, so‘z, va matbuot erkinligi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga oid ko‘plab taklif va tavsiyalar kelib tushdi. Ayni vaqtida ushbu takliflar Asosiy Qonunimiz matnida o‘z aksini topmoqda.

Yana bir muhim jihat: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida Axborot kodeksini ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Ushbu Kodeks loyihasi axborot olish erkinligi, insonning axborot makonidagi huquqlari, kiberxavfsizlikni ta’minlash, mediamadaniyat va onlayn-gigienaga oid bir qator qonunlarni o‘zida mujassam etishi hamda tizimlashtirishi lozim.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasi Axborot kodeksi loyihasi Internetda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilindi. Yaqin orada ayni Kodeksning har tomonlama yuksak talablarga mos hamda mutanosib holda qabul qilinishi Vatanimizda inson qadri yanada yuksalishida, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishiga shubha yo‘q.

 

G‘ulom MIRZO

O‘zA

Powered by GSpeech