O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning navbatdagi xalqaro norma ijodkorlik tashabbusi bilan 2020 yilda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiya BMT Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi 77-sessiyasida bir ovozdan ma’qullandi. Bu nimani anglatadi?

 

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusining BMT tomonidan e’tirofi

 

Birinchidan, dunyoning barcha qit’alaridagi 80 davlat, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Avstriya, Bangladesh, Bahrayn, Belgiya, Germaniya, Jazoir, Ispaniya, Indoneziya, Italiya, Kolumbiya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Misr, Niderlandiya, Norvegiya, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Singapur, Finlyandiya, Fransiya, XXR, Shvesiya, Yaponiya, Qatar va boshqalar mazkur xalqaro yumshoq huquq namunasi bo‘lmish hujjatning hammuallifi bo‘ldi.

Ikkinchidan, 179 milliy parlamentni birlashtirgan Parlamentlararo ittifoq – ushbu rezolyusiyani joriy yil sentyabrda bo‘lib o‘tadigan BRM (Barqaror rnivojlanish maqsadlari) bo‘yicha dunyo sammitiga tayyorgarlik yo‘lidagi muhim asos sifatida baholadi.

Parlamentlararo Ittifoq prezidenti Duarte Pacheko bugungi kunda ushbu tashkilot va jahon hamjamiyati O‘zbekiston Prezidentining mamlakatda “inklyuziv demokratiyani rivojlantirish, BRMga erishish milliy strategiyasini hayotga tatbiq etish, ayollar va yoshlarni mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga keng jalb etish, inson qadrini yuksaltirish kabi tashabbuslarini” nafaqat qo‘llab-quvvatlamoqda, balki ularni umuminsoniy qadriyatlarni ro‘yobga chiqarish borasidagi muhim qadam, deya baholayapti.

Shu o‘rinda u Barqaror rivojlanish maqsadlarining ijrosi yuzasidan so‘nggi yillarda yurtimizda o‘tkazilgan qator tadbirlarni, xususan, 2021 yil Buxoro shahrida tashkillashtirilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi parlament forumi, 2022 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitini eslatib o‘tdi. Ushbu xalqaro forumlar doirasida qabul qilingan va BMT, Parlamentlararo Ittifoqning hujjatlari sifatida tarqatilgan tegishli Buxoro va Toshkent deklaratsiyalari nafaqat BRMga erishish, balki ushbu jarayonlarda parlamentlarning rolini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Uchinchidan, so‘nggi 6 yilda BMT Bosh Assambleyasi o‘zining har bir sessiyasida dalatimiz rahbari tashabbusi va takliflari asosida xalqaro miqyosdagi huquqiy hujjat qabul qilib, amaliyotga tatbiq etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, hozirda jahon hamjamiyati yangi O‘zbekiston timsolida nafaqat mintaqada, balki xalqaro maydonda o‘ta dolzarb xalqaro huquqiy masalalarni hal etish borasida kun tartibini belgilab beruvchi tashabbuskor va faol davlatni ko‘rmoqda.

Ta’kidlash joizki, bu Prezidentimizning so‘nggi olti yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yettinchi tashabbusidir. Hozirga qadar, davlatimiz rahbarimizning milliy va umumbashariy muammolarni hal etishga qaratilgan tarixiy tashabbuslari bilan BMT Bosh Assambleyasining:

  1. “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” (22.06.2018 y.);
  2. “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” (12.12.2018 y.);
  3. “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” (19.12.2019 y.);
  4. “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish” (18.05.2021 y.);
  5. “Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash” (11.07.2022 y.);
  6. “Barqaror rivojlanish maksadlariga erishishni jadadallashitrishda parlamentlarning rolini kuchaytirish” (14.12.2022 y.) to‘g‘risidagi rezolyusiyalari;
  7. Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solishga oid (27.11.2018 y.) qarori qabul qilindi.

To‘rtinchidan, shubhasiz, davlatimiz rahbarining jahon darajasidagi tashabbuskor va yetuk siyosatchi, insoniyat oldida turgan mintaqaviy va global miqyosdagi murakkab va nozik muammolarni yechish borasida aniq va asosli yo‘l ko‘rsatadigan tajribali, yuksak salohiyatli shaxs sifatida ham tan olinayotgani isbotidir. Bu, shuningdek, uning pragmatik tashqi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik tashabbuslarining jahoniy e’tirofidir.

Beshinchidan, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan ushbu rezolyusiya – BMT tarixida qabul qilingan aynan dunyo mamlakatlari parlamentlariga oid ilk hujjatdir. Bunga qadar BMT hujjatlari asosan ijroiya hokimiyatiga taalluqli bo‘lgan. Bu, o‘z navbatida, Prezidentimizning ushbu tashabbuslariga bo‘lgan yuksak e’tibor va e’tirofdan dalolat beradi.

 

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusining asoslari

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Barqaror rivojlanish maksadlariga erishishni jadadallashitrishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyani qabul qilish borasidagi tashabbusini, xususan, quyidagi uchta asosini ko‘rsatish mumkin.

Birinchi asos. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 96-maqsadi mamlakatimizning BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirish, O‘zbekiston Rahbariyatining BMT doirasidagi tashabbuslarini amalga oshirishni ta’minlash, BMT va uning muassasalari bilan iqtisodiy-moliyaviy, madaniy-gumanitar va konsultativ hamkorlikni jadallashtirish, BMTning “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini ilgari surish uchun barcha sheriklar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishni nazarda tutadi.

BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari (BMT Taraqqiyot dasturi, YuNESKO, YuNISEF, YuNIDO, XMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, FAO va boshqalar) bilan jahon hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida yaqindan hamkorlik qilish va ular faoliyatini mamlakatimizning milliy manfaatlaridan kelib chiqib umumjahon, mintaqaviy va milliy ahamiyatlarga ega muammolarni hal etishga yo‘naltirish bo‘yicha turli tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish – Yangi O‘zbekiston ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Ikkinchi asos. BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil sentyabrda Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlari belgilandi va ularni izchil amalga oshirishga kirishildi.

Dunyo yetakchilarining ta’kidlashicha, mazkur “Global kun tartibi, bu – insoniyat, sayyoramiz va farovonlik yo‘lidagi harakat rejasi bo‘lib, dunyoda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik vaziyatni har tomonlama yaxshilash orqali butun insoniyatning hayot tarzini yaxshilash va turmush farovonligini oshirish, adolatli va barqaror jamiyat qurishga xizmat qiladi. U barqaror rivojlanishning uchta yo‘nalishi – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik muvozanatni, barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan”.

Global kun tartibida 17 Barqaror rivojlanish maqsadi (BRM) – BMT tomonidan qayd etilgan insoniyatning global muammolari, shuningdek, ushbu muammolarni hal qilish va ularga erishish yo‘llarini belgilaydigan 169 vazifa belgilangan. Mazkur xalqaro hujjat insoniyatning yaqin va uzoq kelajakdagi barqaror taraqqiyotini ta’minlashning mustahkam xalqaro huquqiy-tashkiliy zamini hisoblanadi.

BMTning BRMga muvofiq ravishda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasida 16 Milliy maqsad hamda ularga samarali erishish yo‘lida 126 vazifa belgilab berildi. Milliy Barqaror rivojlanish maqsadlarini kompleks, tarmoq va mintaqaviy rivojlanish strategiyasi va dasturlariga integratsiya qilish, Milliy BRMni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish, tarmoqlararo muvofiqlashtirish hamda ularga erishish yo‘lida kompleks yondashuvni ta’minlash bo‘yicha muntazam sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

O‘zbekistonda qabul qilingan va amalga oshirilayotgan mamlakatni rivojlantirishning ikkita strategik dasturi:

 

  • 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi;
  • 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiinson sha’ni va qadr-qimmati, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash va himoya qilish sohasida mamlakat o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni to‘liq qamrab olgan, shu bilan birga, Global kun tartibini amalga oshirishga ham hamohangdir.

 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, O‘zbekistonda “Inson qadri, manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar falsafasi inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlash g‘oyasiga asoslanadi. Ushbu ikki strategiya esa 2030 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatimizning Global kun tartibining BRMga erishishini ta’minlashga qaratilgan milliy faoliyat dasturidir.

“Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari davlat boshqaruvini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish va 2030 yilga borib aholisi o‘rtachadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olish, inklyuziv ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlash, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik va barqarorlikni mustahkamlash hisoblanadi. Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishish uchun keng ko‘lamli xalqaro sheriklikka, shu jumladan, “Janub – Janub” formatidagi hamkorlikka ochiqmiz va bu yo‘lga sodiqmiz”, deb ta’kidlaydi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan 2030 yilgacha mamlakatda kambag‘allik darajasini ikki barobarga qisqartirish, aholining eng kam ta’minlangan 40 foizi daromadlarining o‘sishini mamlakat bo‘yicha belgilangan o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lishiga erishish, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj ayollar va yoshlar yashaydigan kam ta’minlangan oilalarning ehtiyojlariga davlat tomonidan e’tibor qaratish amaliyoti (“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”) yo‘lga qo‘yildi. Bu borada yangi, yanada takomillashgan shart-sharoitlar yaratildi. Bu, o‘z navbatida, BMT Bosh kotibi A.Guterrishning “hech kimni ortda qoldirmaslik” chaqiruviga to‘la-to‘kis mos keladi.

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi ilk marta “Barqaror rivojlanish sohasida Global kun tartibi – 2030 ni amalga oshirish to‘g‘risida”gi Ixtiyoriy milliy hisobotini taqdim etdi.

Uchinchi asos. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda Milliy BRM va BRMga erishish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarda nafaqat hukumat, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlari, balki hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari, eng muhimi, jamiyatning barcha qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari sa’y-harakatlarini birlashtirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotida, jumladan, fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtiroki borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda parlament, barcha darajadagi vakillik hokimiyati organlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish borasida tizimli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Barqaror rivojlanish maqsadlari amalga oshirilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi

 

O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi. Bundagi asosiy maqsad – Milliy BRM va ularni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish, fuqarolar va davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mamlakatning boshqa tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ushbu masala bo‘yicha parlament va jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, shuningdek, har bir inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishga ko‘maklashishdir.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda BRMga erishish maqsadida “Parlament – fuqarolik jamiyati institutlari – biznes hamjamiyat – Hukumat” o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash Parlament komissiyasining ustuvor vazifasidir.

Parlament komissiyasi tuzilishi, xususan, barqaror rivojlanishni Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi paradigmasi – “Inson – jamiyat - davlat” tamoyili asosida amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarga yangicha sur’at berdi. Bugungi kungacha Parlament komissiyasi majlislarida 28 vazirlik va idora rahbarlarining hisoboti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Ularda aholining kam ta’minlanganlik darajasini pasaytirish, bandligini ta’minlash oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ovqatlanish ratsionini yaxshilash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholi salomatligini saqlash, sifatli ta’limni, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, barqaror infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarni joriy etish, shaharlar va aholi yashash punktlarining ochiqligi, xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash kabi ko‘plab muhim masalalar va aniqlangan muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi.

Parlament komissiyasi va uning a’zolari nafaqat respublika darajasida, balki viloyatlar va tumanlar kesimida ham Milliy BRMga erishish masalalarini ko‘rib chiqmoqda. Birgina 2022 yilda Parlament komissiyasi, uning a’zolari, siyosiy partiyalar tomonidan joylarda BRM sohasidagi Milliy maqsadlarga erishish, tegishli tarmoq va sohalardagi vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ularning natijalari parlament palatalari, mahalliy Xalq deputatlari kengashlari yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ta’kidlash joizki, Parlament komissiyasi O‘zbekiston tomonidan BRMga erishish bo‘yicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi va bu hozirda turli xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning mavqeini yuksaltirishga xizmat qilishi lozimligiga alohida urg‘u bermoqda.

Natijada, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va BRMga erishishga qaratilgan islohotlar xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham munosib baholanmoqda. Xususan, BMT va “Bertelsmann” jamg‘armasining Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingida mamlakatimiz joriy yilda 165 mamlakat orasida 77-o‘rinni egalladi.

 

Barqaror rivojlanish maksadlariga erishishda parlamentlar rolini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar

 

BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida qabul qilingan ushbu rezolyusiyani tahlil qilish asosida, undagi tavsiya va takliflar Yangi O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi islohotlari va izchil amalga oshirilayotgan Taraqqiyot strategiyasining eng muhim yo‘nalishlari ifodasi ekaniga guvoh bo‘lish mumkin.

Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi – inson qadri, uning huquqlari, erklinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan xalqchil dastur. Bu, o‘z navbatida, BMT tomonidan BRMga erishishning eng asosiy, zaruriy va muhim sharti, deb tan olingan.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining global darajadagi ahamiyati haqida so‘z yuritar ekanmiz, unda BMT organlari va institutlari, xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirish, xususan, iqlim, ekologiya, terrorizm, korrupsiya, migratsiya, kambag‘allik kabi global muammolarni hal etish borasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish ustuvor vazifa etib belgilanganini alohida qayd etish lozim. Jumladan, Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizdagi islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirishga, parlament faoliyatida yoshlar va ayollar ishtirokini faol ta’minlash, parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish, O‘zbekistonning BMT institutlaridagi, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi ishtirokini faollashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.

 

BMTning mazkur rezolyusiyasida milliy parlamentlarning ustuvor vazifalari belgilab berilgan, jumladan,

 

birinchidan, xalqaro huquqning “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyiliga amal qilgan holda, pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan eng kambag‘al va himoyasiz qatlamlar yashashi uchun barqaror va inklyuziv tiklanish strategiyalarini ishlab chiqish;

ikkinchidan, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan muvozanatli va kompleks barqaror rivojlanishga erishishda parlamentlarning institutsional salohiyatini mustahkamlash;

uchinchidan, parlamentlar milliy huquqiy bazalarining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shgan hissasini baholash;

to‘rtinchidan, BMTning yirik tadbirlarida, shu jumladan, Barqaror rivojlanish bo‘yicha oliy darajadagi siyosiy forumda parlament a’zolarining ishtirokini ta’minlash, bunda gender balansiga rioya etilishiga e’tibor qaratish;

beshinchidan, yoshlarning parlament jarayonlarida to‘liq, teng huquqli va ta’sirchan ishtirokini ta’minlash;

oltinchidan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlament va mustaqil nazorat qiluvchi organlar bilan mustahkam va konstruktiv munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy dasturlar va strategiyalarning bajarilishini monitoring qilish va baholashda mustaqil nazorat qiluvchi organlar faoliyatiga ko‘maklashish;

yettinchidan, keng aholi qatlamlarini parlament faoliyati, xususan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayoni monitoringida ishtirokini ta’minlash;

sakkizinchidan, parlamentlarni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini jadallashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlari markaziga gender tengligi va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini ta’minlash masalasini qo‘yish;

to‘qqizinchidan, parlamentlarda xotin-qizlarning to‘liq, teng, mazmunli ishtiroki va vakilligini rag‘batlantirish;

o‘ninchidan, milliy vakillik organlarini parlament faoliyatida yoshlarning to‘liq, teng va mazmunli ishtirokini ta’minlash choralarini ishlab chiqish;

o‘n birinchidan, BMT a’zo davlatlarini Barqaror rivojlanishning barcha 17 maqsadiga muvozanatli va integratsiyalashgan tarzda erishishni tezlashtirishda parlamentlar yetakchiligini rag‘batlantirish kabi qator masalalarga e’tibor berish tavsiya qilingan.

Mazkur rezolyusiyada milliy Parlamentlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni BRMga erishish bo‘yicha kelgusi faoliyat va ular erishilishini kuzatish jarayonlariga, ixtiyoriy milliy ma’ruzalarni tayyorlashga jalb qilish, milliy mas’uliyat, hisobdorlikni ta’minlash va kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

 

“Barqaror rivojlanish maksadlariga erishishni jadadallashitrishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyani hayotga tatbiq etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”

 

Ushbu rezolyusiyaning global va milliy ahamiyati, dunyodagi eng nufuzli tashkilot – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinganini e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi. Shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha 13 yo‘nalish bo‘yicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

 

Ushbu qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da quyidagi yo‘nalishlardagi chora-tadbirlar ko‘zda tutiladi:

 

  • milliy qonunchilik asoslarining Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarga mosligi nuqtai nazaridan baholash maqsadida normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarda gender tenglik prinsiplariga muvofiq bo‘lmagan qoidalarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • O‘zbekistonda BRMni amalga oshirish bo‘yicha milliy ma’ruzalarni tayyorlash, Oliy Majlis palatalarining majlislari, Parlament komissiyasi yig‘ilishlarida tegishli Bosh vazir o‘rinbosarlari, mas’ul vazirlik va idoralarning axborotlarini (xususan, BRM Milliy indikatorlari bo‘yicha) eshitib borish;
  • ayollar va qizlar, imkoniyati cheklangan shaxslar, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha parlament nazoratini kuchaytirish, parlament faoliyatiga yoshlarni faol jalb etish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari yoshlar elchilari”korpusini shakllantirish;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarini milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga jalb qilish maqsadida davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish hamda davlat granti tanlovlarini e’lon qilish;
  • rezolyusiyaning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari hamda “Yo‘l xaritasi” doirasida erishilgan natijalar haqida milliy va xalqaro jamoatchilikni xabardor qilib borish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.

Qo‘shma qarorda alohida diqqatga sazovor masala, bu – fuqarolik jamiyati institutlariga (xususan, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Barqaror rivojlanish markazi):

  • doimiy ravishda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni izchil amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb qilish, ular faoliyatiga tashkiliy-uslubiy va axborot jihatdan ko‘maklashish;
  • muntazam ravishda Milliy BRM doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash, yechimlari bo‘yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash kabi vazifalar yuklatildi.

“Yo‘l xaritasi”da Barqaror rivojlanish sohasiga oid hamkorlikdagi yirik harakatlar dasturlarini ishlab chiqish maqsadida Parlamentlararo Ittifoq orqali parlamentlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish va ta’lim olish mexanizmlarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma qaror Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan “inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” tamoyili bilan uyg‘un ekanini qayd etish lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qo‘shma qaror O‘zbekistonning BRM sohasidagi siyosatiga, BMT doirasida 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibini amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarga mos keladi. Unda belgilangan chora-tadbirlar parlament, fuqarolik jamiyati institutlari, ijroiya hokimiyati organlari – tegishli vazirlik va idoralar, biznes hamjamiyatning yurtimizni barqaror rivojlanishini ta’minlash borasidagi roli, ahamiyati va mas’uliyatini oshiradi. Oxir-oqibatda bu – fuqarolar farovonligi, yurtimizning xalqaro xamjamiyatda o‘zining munosib o‘rnini egallashi va mustahkamlashiga xizmat qiladi.

 

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Spikerining

birinchi o‘rinbosari

"Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2023-yil 11 yanvar 6-son

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech