O‘tgan yil butun dunyo, shu jumladan, O‘zbekiston uchun ham g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida qayd etganlaridek, “Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”.
Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi – 2023 yildagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani alohida ta’kidlandi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
– Avvalambor, davlatimiz rahbarining “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”, degan fikrlariga e’tiborni qaratmoqchiman, – dedi A.Saidov. – Prezidentimizning aynan shunday qat’iy va oqilona siyosati tufayli, pandemiya va global inqirozning salbiy ta’sirlariga qaramasdan, 2022 yilda O‘zbekistonda inson huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlash bo‘yicha islohotlar izchil davom etdi.
Albatta, “Yakuniga yetgan 2022 yil bo‘yicha jahon miqyosida bu boradagi ahvol qanday?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, pandemiya oqibatlarini to‘la bartaraf etishga ulgurmasdan, jahon mintaqalarida ro‘y berayotgan mojarolar yangi global inqirozning boshlanishiga olib keldi.
Sayyoramizning turli hududlarida oziq-ovqat mahsulotlari, energiya va o‘g‘itlarga narx-navoning keskin oshib ketishidan, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlar katta zarar ko‘rmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, mojarolar alangasi “tengsizlik, nochorlik va moliyalashtirishdagi yetishmovchiliklar bilan yanada avj olayapti”.
Bundan ham achinarlisi, o‘tgan yili 1.2 mlrd. aholi yashaydigan 74 ta rivojlanayotgan mamlakatdagi inqiroz oqibatida inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq ahvol keskin yomonlashdi. Shunday murakkab va sinovli davrda O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan qator tadbirlar amalga oshirilgani va o‘z samaralarini bergani diqqatga loyiqdir.
- Shu amaliy tadbirlardan ayrimlarini sanab o‘tsangiz?
– Birinchidan, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmlar tatbiq etildi. Shu orqali qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarimizni qiynab kelgan muammolarni hal etish, qiynoqlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, so‘z erkinligini mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda ijobiy natijalarga erishildi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining rais o‘rinbosarligiga saylandi. Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklariga oid xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimiz o‘rnini yaxshilashga birinchi darajali ahamiyat berildi.
Uchinchidan, 2021-2022 yillarda qonun ustuvorligi, norma ijodkorligi sifati, hukumat faoliyati samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, biznesni olib borish shart-sharoitlari kabi reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilash bo‘yicha muayyan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Umuman olganda, 2022 yilda jami 24 ta reytingning 15 tasida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi, 3 tasida ilk marotaba e’tirof etildi.
To‘rtinchidan, ayrim xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz o‘rni nisbatan pastladi. Qarang, qiziq paradoks: Jahon odil sudlov loyihasi tashkilotining “Huquq ustuvorligi” indeksida mamlakatimiz 7 pog‘ona yuqorilab, umumiy reytingda 140 ta mamlakat ichida 78-o‘ringa ko‘tarildi. Ammo, “Sud faoliyati samaradorligi“ indeksida O‘zbekiston 50,8 balldan 13,1 ballgacha, ya’ni 37,7 ball pastlagan.
Beshinchidan, 2023 yilda ayni yo‘nalishdagi islohotlar samaradorligini izchil oshirish taqozo etiladi. Nega deganda, so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ish qilganimizga qaramay, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “odil sudlovni ta’minlash bo‘yicha hali qo‘limiz yetib bormagan masalalar bor. Afsuski, hozir ham tergov sifati pastligi, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolayotgani bilan bog‘liq holatlar uchramoqda”.
– Ushbu sohani takomillashtirishga oid eng muhim chora-tadbirlar ham Milliy markaz tomonidan ijrosi muntazam monitoring qilib borilayotgan dasturiy hujjat – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida o‘z aksini topgan, shunday emasmi?
– Albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan mazkur Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 62 bandidagi ishlar ijro muddati doirasida yakunlandi. Ya’ni, bugungi kunga qadar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarning 85 fozi bajarilgan.
Ayniqsa, 2022 yilda Milliy strategiya doirasida 1 ta kodeks, 1 ta qonun, Prezidentimizning 5 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 1 ta qarori qabul qilingani hamda 1 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilinib, ularning ilg‘or normalari hayotimizning turli sohalarida allaqachon qo‘llanayotgani juda ham muhim. Milliy strategiya “Yo‘l xaritasi” bilan belgilangan bandlarning bajarilishi sur’atlari, shubhasiz, ushbu dasturilamal hujjatda ko‘rsatilgan dolzarb vazifalar ijrosining umumiy holatini ijobiy baholashga imkon beradi.
– Monitoring asnosida Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani bajarish borasida qandaydir muammo va kamchiliklar ham aniqlandimiz?
– Milliy strategiyani amalga oshirishdagi yutuqlarni e’tirof etgan holda, ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jumladan, Milliy strategiya “Yo‘l xaritasi”ning 6 ta bandi bo‘yicha ijro muddati uzaytirilgan. Sodda qilib aytganda, Milliy strategiya doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish muddatlarining cho‘zib yuborilishi holatlari mavjud.
Birinchidan, Milliy strategiyada belgilangan “Ommaviy tadbirlar”, “Sudyalar hamjamiyati organlari”, “Xususiylashtirish”, “Ijtimoiy tadbirkorlik”, “Majburiy tibbiy sug‘urta”, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi”, “Advokatura va advokatlik faoliyati”, “Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida”gi, “Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish ishlari yakunlangan bo‘lsa-da, ular haligacha qabul qilinmagan. Shuningdek, Axborot kodeksi va Sog‘liqni saqlash kodeksi loyihalarini tayyorlashda belgilangan muddatlarga amal qilinmagan.
Ikkinchidan, Milliy strategiya “Yo‘l xaritasi”ning qonunchilikni takomillashtirish bilan bog‘liq ayrim bandlari yuzasidan qonun loyihalari lozim darajada tayyorlanmaganligi uchun Oliy Majlis Senati tomonidan rad etilgan. Jumladan, Uy-joy kodeksining yangi tahriri, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi hamda «Ijtimoiy tadbirkorlik asoslari to‘g‘risida»gi qonunlar ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi va huquqshunos olimlar fikrlarini chuqur tahlil etgan holda takomillashtirish uchun qaytarilgan.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidentining qonun talablari va inson huquqlariga qat’iy amal qilinishini ta’minlashga qaratilgan fikrlari nihoyatda dolzarb va ulkan ahamiyatga ega. Yurtboshimiz Murojaatnomada ilgari surilgan bu boradagi barcha tashabbuslarni Konstitutsiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhrlab qo‘yish lozimligiga urg‘u berganlari bejiz emas.
– Murojaatnomada ilgari surilgan qonun ustuvorligi hamda adolat tamoyillarini qaror toptirishga oid tashabbuslarning mazmun-mohiyatiga ham muxtasar to‘xtalsangiz.
– Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda adolat tamoyillarini qaror toptirish huquqiy, demokratik va xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zaruriy shartidir. Shu bois sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Konstitutsiyamiz prinsiplariga tayanib, sud hokimiyati mustaqilligi, sud jarayoni va jazoning adolatliligi va insonparvarligini ta’minlash, adolatli sud qarorlarini qabul qilish kabi masalalarga katta e’tibor qaratilmoqda.
Sudga qadar bo‘lgan ish yuritish bosqichida sud nazoratini mustahkamlash, “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohalarini kengaytirish, sudlov ochiqligini ta’minlash, ayrim huquqbuzarliklarni jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish yo‘li bilan jinoyat qonunchiligini demokratlashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Shu bilan birga, odil sudlovni ta’minlash, tergov sifatini oshirish, sudlarda odamlarning ovoragarchiligi, sud qarorlari ijro etilmay qolishiga chek qo‘yish kabi yechimini kutayotgan ko‘plab masalalar bor. Shu maqsadda Murojaatnomaga ko‘ra:
- adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati hamda mas’uliyatini yanada oshirish;
- tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazish;
- tergov sifatini oshirish va tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashini ta’minlash;
- sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusini shakllantirish, ularni maxsus o‘qitish;
- odil sudlovni ta’minlashda himoyachining huquqlari va vakolatlarini kengaytirish, xususan, advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilishini ta’minlash va sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinishi tartibini belgilash;
- ma’muriy sudlarga hokim qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilingan taqdirda, ishlarni eksterritorial tartibda – boshqa hududda ham ko‘rish amaliyotini joriy qilish kabi tashabbuslarni Konstitutsiyamizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhrlab qo‘yish lozim.
Eng muhimi, bundan buyon “O‘zbekistonda mulk va investitsiyaning himoyachisi qaysidir hokim yoki vazir emas, faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘ladi”, degan g‘oya hayotga tatbiq etilishida keng jamoatchilik, ayniqsa, barcha deputatlar va senatorlar faol bo‘lishi darkor.
– Prezidentimiz taraqqiyotimiz kushandasi bo‘lmish korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilganini alohida ta’kidlar ekan, bu borada ham g‘oyat muhim vazifalarni belgilab berdilar…
– Juda to‘g‘ri, o‘tgan ikki yilning o‘zida 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaga doir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilgan. Ayonki, bunda aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilangina cheklanib qolinmayapti.
Bu borada tizimli preventiv choralar ko‘rilmoqda. Ya’ni, jinoyatchilikning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan amaliyot qo‘llanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash borasida har bir vazir va tashkilot rahbarining o‘zi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha shaxsiy javobgarligini oshirish zarur. Murojaatnomada sun’iy monopoliyaga, yopiq sxemalarga, umuman, korrupsiyaga imkon yaratadigan barcha bo‘shliqlarga barham berish kabi amaliy ta’sirchan choralar istiqbolli dolzarb masalalar sifatida qayd etildi.
Ayniqsa, deputat va senatorlar, mahalliy Kengashlar aniq sohalarni tizimli tahlil qilishi, o‘z okrugidagi byudjet hisobidan amalga oshirilayotgan qurilishlar, ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar bajarilishi monitoringini kuchaytirishi korrupsiyani bartaraf etishning muhim omilidir. Shu nuqtai nazardan, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida alohida qonunlar qabul qilinib, konstitutsiyaviy-huquqiy asoslar yaratilishi belgilangani katta ahamiyat kasb etadi.
Ya’ni, “Endi amaliy ishlarni kuchaytirish kerak”. Davlatimiz rahbari uqtirganlaridek, “Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi pog‘onaga olib chiqish uchun boshqaruv ham, qonunchilik ham, jamiyatimiz ham o‘zgarishi kerak. Agar shunday qilmasak, muammolarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olsak, zamondan orqada qolamiz. Xalqimiz, yosh avlodimiz bizdan rozi bo‘lmaydi”.
– O‘tgan yili Milliy markaz tomonidan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
– Bu yo‘nalishda, birinchi navbatda, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini tayyorlash va BMTning shartnomaviy qo‘mitalarida ko‘rib chiqish natijalarini deputatlar va senatorlar tomonidan muntazam eshitib borish, shartnomaviy qo‘mitalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejalarini Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanishi amaliyoti takomillashganiga e’tibor qaratish lozim. Ushbu ilg‘or demokratik huquqiy jarayon joriy yilda ham davom ettiriladi.
O‘tgan yilda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 3 ta milliy ma’ruzasi BMT shartnomaviy qo‘mitalarida eshitildi:
birinchisi – BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning Oltinchi milliy ma’ruzasi;
ikkinchisi – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarish bo‘yicha Uchinchi milliy ma’ruza;
uchinchisi – Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi bo‘yicha Beshinchi milliy ma’ruza.
Milliy ma’ruzalar muhokamasida ilk bor Markaz tomonidan o‘ndan ortiq nodavlat notijorat tashkilotining on-layn ishtiroki ta’minlandi. Milliy ma’ruzalar bo‘yicha yakuniy mulohazalarda o‘z ifodasini topgan tavsiyalarni amalga oshirish uchun Milliy harakatlar rejalarining loyihalari manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi hamda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasiga taqdim qilindi.
– Shu mas’uliyatli ishlar o‘zining qanday amaliy natijalarini bermoqda?
– Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining bu boradagi tegishli qo‘shma qarorlari qabul qilindi. Ushbu qarorlarga muvofiq:
birinchidan, “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi” tasdiqlandi. Milliy harakatlar rejasi uch yil davomida amalga oshiriladigan 69 ta chora-tadbirni o‘z ichiga olgan;
ikkinchidan, “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning amalga oshirilishi to‘g‘risidagi Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi. Mazkur hujjatda ko‘zda tutilgan 34 ta chora-tadbir besh yil davomida amalga oshiriladi;
uchinchidan, “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi” tasdiqlandi. Mazkur Milliy harakatlar rejasi 43 ta muhim chora-tadbirni o‘zida qamragan.
Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi to‘g‘risidagi Beshinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirishga oid Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Tez orada uni ham tasdiqlash va ijroga qaratish jarayonlari boshlanadi.
Ushbu yo‘nalishdagi yana bir muhim hujjat – BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasidir. Ayni loyiha xalqaro hujjatlarga qo‘shilish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida huquqiy asoslarni, sud tizimini mustahkamlash, inson huquqlari va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, qochoqlar maqomi, repatriatsiya va reintegratsiya kabi yo‘nalishlar doirasida tayyorlangan.
Loyihani ishlab chiqishda Adliya, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Moliya, Mudofaa vazirliklari, Oliy sud, Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatining fikr-mulohazalari inobatga olindi. Shuningdek, Milliy harakatlar rejasi loyihasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo‘linmasiga ekspertiza uchun yuborildi.
– 2022 yilda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida Milliy markaz tomonidan nimalar qilindi?
– O‘tgan yilda bu borada qabul qilingan qonunlarning hududlardagi ijrosini monitoring qilish alohida e’tiborimizda turdi. Ayni yo‘nalishda muayyan natijalarga erishilgani va ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Masalan, 2022 yil may oyida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi holati monitoring qilindi. Monitoring o‘tkazish maqsadida 30 ga yaqin davlat organi hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga tegishli savolnomalar yuborildi.
Monitoring natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq bir qator muammolar aniqlandi. Xususan:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tashkilotlari va xususiy sektorning salohiyatli xodimlari sifatida emas, balki asosan xayriya va reabilitatsiya yordamini oluvchilar sifatida qarash saqlanib qolmoqda;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmagan;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi samarali ishlamayapti;
- oliy ta’lim muassasalari va maktablar binolari nogironligi bo‘lgan shaxslarning mustaqil harakatlanishi uchun qulay emas;
- ta’lim muassasalarida Brayl alifbosidagi darsliklar yetishmaydi;
- ayrim metro bekatlarida platforma va vagon o‘rtasida katta bo‘shliq mavjud bo‘lib, bu nogironlar aravachasidan foydalanuvchilarga poezd vagoniga mustaqil kirib-chiqishiga qo‘shimcha to‘siqlar yaratmoqda. Shuningdek, litsenziyalangan 7 ming 79 ta avtobusdan atigi 690 tasi, ya’ni 10 foizga yaqinigina nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan;
- metro va avtobus bekatlarini qurish bo‘yicha loyiha hujjatlari qulay jismoniy muhitni yaratish yuzasidan nogironlar jamoat tashkilotlari tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmagan.
Monitoring xulosalariga asosan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun quyidagilar tavsiya etildi:
birinchidan, “Qulay jismoniy muhit” Davlat dasturini ishlab chiqish;
ikkinchidan, oliy o‘quv yurtlarida inklyuziv ta’lim va qulay jismoniy muhit masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashlarini tashkil etish;
uchinchidan, BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Birinchi milliy ma’ruzasini taqdim qilish;
to‘rtinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar va ularni hal qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirish va jamoatchilik muhokamalari o‘tkazish amaliyotini kengaytirish lozim.
Bu borada, yuqorida qayd etganimdek, Parlament palatalari Kengashlarining 2022 yil 19 dekabrdagi Qo‘shma qarori bilan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi tasdiqlangani juda maqbul ish bo‘ldi. Endilikda ushbu hujjat negizida ham ayni sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar natijadorligini izchil kuzatib boramiz.
– Milliy markazning shu sohadagi faoliyatiga yana misollar keltira olasizmi?
– Milliy markaz tomonidan, shuningdek, 2022 yil 13-14 oktyabr kunlari Toshkent viloyati va 20-21 oktyabr kunlari Farg‘ona viloyatida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya asosida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosi o‘rganildi. Natijada mazkur viloyatlarda ham ayni yo‘nlishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Jumladan, mutasaddi kadrlarning malakasini oshirish, fuqarolarning xabardorligini oshirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmagan. Toshkent viloyatida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan, jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari samarasi past. Farg‘ona viloyatida esa vakolatli organlar va tashkilotlar o‘rtasida xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tezkor axborot almashinish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishga oid takliflarimizni taqdim etdik. Jumladan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga psixologik, huquqiy, tibbiy, ijtimoiy yordamni kengaytirish maqsadida barcha tumanlarda “Ijtimoiy moslashuv maslahatxonalari”ni tashkil etish tavsiya qilinmoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan yili jazoni ijro etish muassasalarida sud hukmi bilan tayinlangan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha monitoring tashriflari amalga oshirildi. Jumladan, 26-27 aprel kunlari Toshkent viloyatida hamda 24-27 oktyabr kunlari Navoiy viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarida monitoring tashrifi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar davomida, ayniqsa, pensiya yoshidagi, nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatsiz bo‘lgan mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar yaqindan o‘rganildi. Jumladan, mahkumlarning davolanishi, dam olishi, oziq-ovqatining sifati, mehnat sharoitlari, muassasa xodimlarining ularga nisbatan muomalasi, tazyiq va zo‘ravonliklar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalar o‘rganilganda, bir qancha muammo va kamchiliklar aniqlandi.
Xususan, 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan mahkumlarning ayrimlarida jazoni o‘tashiga to‘sqinlik qiladigan doimiy davolanishga muhtoj kasalliklar mavjud bo‘lib, mazkur kasalliklar “Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxati”ga kiritilmagan. Davolash- profilaktika yordami ko‘rsatish xodimlari yetarli emas, ularga to‘lanadigan maosh miqdori ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga nisbatan kam.
Jazoni ijro etish muassasalaridagi davolash punktlarining moddiy-texnika bazasi lozim darajada emas. Masalan, rentgen, UZI apparatlari mavjud emas, shuningdek, ular nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilmagan.
Ushbu muassasalardagi ishlab chiqarish binolari, ishlab chiqarish sexlaridagi dastgohlar jismonan va ma’naviy eskirgan bo‘lib, ularni yangilash zarur. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasidan – “lex.uz”, shuningdek, “advice.uz” huquqiy axborot portalidan foydalangan holda, mahkumlarga kerakli huquqiy axborotni taqdim etish imkoniyatini yaratish lozim, degan fikrdamiz.
– Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilishning yana qanday jihatlari bor?
– Ayni vaqtda Milliy markaz tomonidan inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Agar 2021 yilda 104 ta normativ huquqiy-hujjat loyihasi inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lsa, o‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 95 tani tashkil etdi.
Jumladan, 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Fuqarolik-protsessual, Iqtisodiy-protsessual, Oila, Soliq, Ma’muriy sud ishlarini yuritish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi 22 ta qonun loyihasi hamda Jazoni ijro etish kodeksi loyihasi inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilgan.
Yana bir jihat: “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalardagi xalqaro majburiyatlardan kelib chiqib tayyorlangan xulosasi taqdim etildi. Xulosa mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasining inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi nuqtai nazaridan tayyorlangan.
Shuningdek, Loyiha yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan vijdon erkinligi, fikr va so‘z erkinligi, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi, erkin harakatlanish, yig‘ilishlar o‘tkazish va uyushish huquqi bo‘yicha sharh va takliflar taqdim qilindi.
Bu sa’y-harakatlarning mohiyati ham, ahamiyati ham katta, albatta. Binobarin, Prezidentimiz iboralari bilan aytganda, “ma’no-mazmuni inson qadrini ulug‘lash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan Konstitutsiyani har tomonlama o‘ylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak”.
- Konstitutsiyaviy islohot va inson huquqlari: suhbatimizni shu muhim mavzu doirasida davom ettirsak maylimi?
– Bugungi kunda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohot izchil davom etmoqda va ushbu muhim siyosiy-huquqiy jarayon – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ob’ektiv zaruratdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” fundamental mualliflik monografiyasida bu boradagi ikkita muhim masalaga alohida e’tibor qaratilgan.
Birinchi muhim masala: “Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish – konstitutsiyaviy islohotlarning ajralmas qismi bo‘lib, bir qator davlatlarning Konstitutsiyalarida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy shartnomalardagi normalar o‘z aksini topgan”.
Ikkinchi muhim masala: “Inson huquqlarini himoya qilishning samarali tizimini mustahkamlash maqsadida Konstitutsiyada bolalar mehnatiga barham berish, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini himoya qilish masalalarini mustahkamlab qo‘yish, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi va vakolatlari to‘g‘risidagi qoidalar o‘z aksini topishi kerak”.
Haqiqatan ham, jadal o‘zgarib borayotgan zamonaviy talablarga javob beradigan Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun, albatta, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga mos xatti-harakatlar va o‘zgarishlarni amalga oshirish talab qilinadi. Yangi O‘zbekistonga muvofiq keladigan yangi konstitutsiyaviy prinsip va normalarni belgilash, avvalo, “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyilini hayotga tatbiq etishni taqozo etadi.
Eng asosiysi, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak. Hozirgi kundagi jiddiy sinovlar va bashorat qilib bo‘lmaydigan xavf-xatarlarni yengib o‘tishga qodir bo‘lgan milliy davlatchiligimiz asoslarini mustahkamlashimiz zarur.
Shularni e’tiborga olgan holda, Asosiy qonunimizni takomillashtirish ishlari davom ettirilayotgani Murojaatnomada alohida qayd etilgani bejiz emas. Negaki, ushbu islohotdan xalqimiz katta o‘zgarishlar kutmoqda. Bugungi kunga qadar bu borada 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani ham buning yaqqol dalilidir.
Poyoniga yetgan yilda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan xalqaro hamjamiyatni tanishtirish maqsadida xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning turli jabhalariga bag‘ishlangan 100 dan ortiq milliy va 40 dan ortiq xalqaro forum va jamoatchilik maslahatlashuvlari o‘tkazildi.
- Ushbu milliy va xalqaro tadbirlarning amaliy ahamiyati nimada, deb hisoblaysiz?
– Shu jarayonlarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va ularda inson huquqlari himoyasining o‘rni bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Xususan:
- inson huquqlari sohasidagi milliy rivojlanish dasturlarini kengaytirish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmati va huquqlari himoyasini kuchaytirish, ularning salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash;
- jamiyatda so‘z va fikr erkinligi uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirish;
- fuqarolik jamiyati institutlarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash;
- davlatlar va mintaqalarning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi mintaqaviy mexanizmlarni yaratish, bu sohada muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish;
- referendumda fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro kuzatuvchilar, saylovchilarning inklyuziv ishtirokini rag‘batlantirishga oid amaliy takliflar shular jumlasidandir.
- Inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish borasidagi xalqaro tajriba va milliy amaliyot xususida ham ma’lumot bersangiz?
– Inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlarini butun dunyo miqyosida qo‘llab-quvvatlash va barchaning inson huquqlariga rioya etishiga erishish borasida nihoyatda ulkan ahamiyatga ega. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida qayd etilganidek, “Ta’lim inson shaxsini to‘la barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmog‘i lozim. Ta’lim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar o‘rtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va do‘stlikka xizmat qilishi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yordam berishi kerak”.
- Inson huquqlari sohasidagi ta’limning mohiyatini ta’riflab bersangiz?
- Bu haqda fikr yuritganda, xususan:
birinchidan, barcha insonlar inson huquqlari o‘zi nima ekani, bu huquqlar qanday kafolatlanishi yoki ta’minlanishi haqida yetarlicha bilim olishlari lozim;
ikkinchidan, inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlariga oid qadriyatlarga mos va muvofiq holda amalga oshirilishiga hamda bu sohadagi ta’limning nafaqat jarayoni, balki mazmun-mohiyati ham juda muhimligiga jiddiy e’tibor qaratish kerak;
uchinchidan, inson huquqlari talablaridan kelib chiqqan holda, inson huquqlari sohasida ta’lim berish, o‘z navbatida, ta’lim olayotgan shaxslarga inson huquqlariga oid qadriyatlarni o‘z hayotida qo‘llash, shuningdek, inson huquqlarini mustaqil ravishda yoki jamoatchilik bilan birgalikda rag‘batlantirish va himoya qilish uchun juda qo‘l kelishini unutmaslik zarur.
- Bu borada Samarqand Global forumi qanday o‘rin tutdi?
– Ma’lumki, 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgandi.
Global forumda 120 nafardan ortiq xalqaro ekspert va 2 mingdan ziyod milliy mutaxassis ishtirok etdi. Ishtirokchilar tomonidan keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni takomillashtirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish sohalarida keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani e’tirof etildi.
Samarqand Global forumi, bir tomondan, bashariyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlashga qaratilgan “Qadr-qimmat, erkinlik va adolat – hamma uchun” kampaniyasini boshlab berdi. Shu bilan birga, Global forum BMT Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasining 11 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarning debochasi – dastlabkisi bo‘ldi.
Global forum yakunida qabul qilingan Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirish bo‘yicha Samarqand Harakatlar rejasi, Forum ishtirokchilarining fikricha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish ishiga qo‘shilgan katta hissa bo‘ldi. Binobarin, Jahon ta’lim dasturining o‘zi – Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiruvchi global Harakatlar rejasi, deganidir.
– Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshta bosqichi, deganda nimalarni tushunmoq kerak?
– O‘tgan davrda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining ketma-ket uchta bosqichi izchillik bilan amalga oshirildi. O‘z navbatida, 2020 yilda boshlangan to‘rtinchi bosqich 2024 yilda nihoyasiga yetadi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022 yil 6 oktyabrdagi Rezolyusiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirishga mas’ul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi.
Rezolyusiyada BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini so‘rab olish tavsiya etildi. Shu ma’noda, «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forumda, jumladan, Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha takliflarning muhokama qilingani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Inson huquqlari sohasida ta’limga oid milliy amaliyotga yana ikkita ixcham dalil keltiraman.
Birinchi dalil – bugungi kunda Markazda inson huquqlari sohasida elektron kurslarini joriy qilish maqsadida elektron platformani ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Elektron platformada inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha materiallar joylashtiriladi.
Ikkinchi dalil – 2022 yil davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan 40 dan ziyod amaliy qo‘llanma, sharh va uslubiy adabiyotlar nashr etildi. Ushbu kitoblar Milliy markaz tomonidan 80 dan ortiq davlat organi va nodavlat notijorat tashkilotlariga beg‘araz tarqatildi.
– Hurmatli Akmal Xolmatovich, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida 2022 yilda Siz rahbarlik qilayotgan Milliy markazda qanday ishlar amalga oshirildi?
– Xalqaro hamkorlik aloqalari turli shakllarda amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarga qo‘shilish va ularni ratifikatsiya qilish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda ikki tomonlama tadbirlarni tashkil qilish, memorandumlar imzolash hamda inson huquqlariga rioya qilish masalalarini o‘rganish bo‘yicha monitoringlar o‘tkazish shular jumlasidandir.
Dastavval, xalqaro hamkorligimiz mahsuli hisoblanuvchi quyidagi to‘rtta amaliy-huquqiy qadamga e’tiboringizni qarataman.
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 2020 yildagi 75-sessiyasida bildirgan taklifga muvofiq, 2022 yil 14 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish tug‘risida”gi rezolyusiya bir ovozdan ma’qullandi.
Rezolyusiyada COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslikni ta’minlashda parlamentlarning muhim o‘rni qayd etilgan. Jumladan, unda xotin-qizlarning qonun chiqaruvchi organlar ishida hamda parlament jarayonlarida to‘liq, teng huquqli va ta’sirchan ishtirokiga ko‘maklashish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishga e’tibor qaratildi.
Ikkinchidan, yoshlar huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida qator xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar, maslahatlashuvlar tashkil qilindi. Xususan, 2022 yil 4 oktyabrda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 51-sessiyasida “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyasi qabul qilindi.
Ushbu Rezolyusiya 41 ta davlat, jumladan O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan. Unda yoshlarning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtirokini kengaytirish, navqiron avlod uchun teng imkoniyatlar yaratish, yoshlarni raqamli tahdidlardan himoya qilish, yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, yoshlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar o‘z ifodasini topdi.
Uchinchidan, 2022 yil 7 fevralda Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigienasi to‘g‘risidagi 167-sonli konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat xavfsizligi va gigienasi bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashni boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risidagi Gaaga konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishining maqsadga muvofiqligi bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Hozirgi kunda mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilish bo‘yicha qonun loyihasini belgilangan tartibda kelishish jarayonlari bormoqda.
– Bu borada erishilgan yana qanday natijalarga to‘xtalmoqchisiz?
– Xorijiy davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumlari tuzilgan. Ushbu memorandumlarni 2023 yilda yangilash va yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Hamkorlik memorandumlarida inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilish yo‘nalishidagi faoliyatni birgalikda qo‘llab-quvvatlash, muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazish, inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma o‘quvlar va seminarlar, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish sohasida xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarda hamkorlik qilish nazarda tutilgan.
O‘tgan yili xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston fuqarolari, jumladan mehnat migrantlari huquqlarining himoya qilinganligi holatini o‘rganish maqsadida monitoring tashriflari ham amalga oshirildi.
Xususan, Rossiya, Turkiya va Qozog‘istonga monitoring tashriflari asnosida ushbu mamlakatlarda yashayotgan va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, o‘zbekistonlik migrantlardan ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish bilan ta’minlanish, moddiy yordam, fuqarolikni rasmiylashtirish kabi masalalarda murojaatlar qabul qilib olindi. O‘zbekistonlik migrantlarning ayrim muammolari joyida tezkor hal qilindi.
- 2023 yildagi rejalaringiz qanday?
– O‘tgan yili jahon miqyosidagi iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, COVID-19 pandemiyasi va iqlim o‘zgarishi oqibatlari, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga qaramasdan, O‘zbekistonda insonning huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Bunda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha bir qator nufuzli va samarador tadbirlar amalga oshirilgani ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.
Yutuqlar – o‘zimizniki. Joriy yilda ularning salmog‘ini yanada oshirishimiz darkor.
Bu borada 2023 yili Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Inson huquqlari soxasidagi Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi qabul qilinganining 30 yilligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng nishonlanishi, albatta, biz uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.
Ya’ni, shu muhim olamshumul voqeliklar bilan bog‘liq holda, xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazamiz, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarimizni yanada takomillashtiramiz. Shuningdek, aholi, yoshlar va bolalar uchun inson huquqlariga oid darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash o‘ziga xos dolzarb vazifalarimizdan hisoblanadi.
- Ushbu rejalarni amalga oshirishga oid amaliy takliflaringiz bormi?
– Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tavsiyalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni samarali bajarish amaliyotimizga joriy yilda ham sodiq qolishimiz maqsadga muvofiqdir. Shuning uchun, jumladan:
- Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy kodeksi loyihasini ishlab chiqish;
- Axborot kodeksi va Sog‘liqni saqlash kodeksi qabul qilinishini jadallashtirish;
- “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;
- ta’limga oid qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirib, Ta’lim kodeksi loyihasini ishlab chiqish;
- ijtimoiy ob’ektlar, madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlar va sport inshootlaridan nogironlarning foydalanishi uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratish, piyodalar yo‘laklari, yo‘lovchilar uchun bekatlar va piyodalar o‘tish joylarida ovoz va yoritish moslamalarini o‘rnatishni tartibga solish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi “Qulay jismoniy muhit” davlat dasturini tasdiqlash;
- yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishni deinstitutsionalizatsiya qilish bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqish hamda “Etim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish;
- BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasi tavsiyasiga asosan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni va boshqa tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirish, qonunga “oiladagi zo‘ravonlik” tushunchasini kiritish va oiladagi zo‘ravonlik uchun alohida jinoyat tarkibi sifatida javobgarlik belgilash;
- Xalqaro mehnat tashkilotining 1981 yilgi Oilaviy mas’uliyati bor ishchilar to‘g‘risidagi (156-son) konvensiyasini ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish;
- xususiy kompaniyalar faoliyatida inson huquqlariga rioya etish va himoya qilish asoslari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish uchun axborot kampaniyasini hamda tadbirkorlar uchun tegishli o‘quv kurslarini tashkil qilish;
- BMTning “Inson huquqlari nuqtai nazaridan tadbirkorlik faoliyatining dasturilamal tamoyillari”ni amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini qabul qilish;
- sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalarni qo‘llash amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishga oid takliflarimiz ro‘yobga chiqishi uchun astoydil sa’y-harakat qilamiz.
Xulosa qilib aytganda, hech kim chetdan kelib, bizga bu ishlarni hal qilib bermaydi. Bunda biz yurtdoshlarimizning tashabbusi, shijoati va salohiyatiga tayanamiz. Prezident ta’kidlaganlaridek, “Xalqimizga qancha imkoniyat yaratsak, buning foydasi jamiyatimizga o‘n karra, yuz karra bo‘lib qaytadi”.
G‘ulom Mirzo suhbatlashdi
"Kuch-adolatda" gazetasi 13 yanvar. №1-2
OʼZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNCHILIK PALATASI
- Qo'shildi: 13.01.2023
- Ko'rishlar: 5611
- Chop etish