Sifatli ta’lim – tinchlik, barqarorlik va taraqqiyot kafolati

24 yanvar – Xalqaro ta’lim kuni

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2018 yil 3 dekabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 24 yanvar – Xalqaro ta’lim kuni deb e’lon qilingan. Bu muhim qaror xalqaro hamjamiyat tomonidan ta’limning tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyati nechog‘lik yuksak e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir.

Ushbu xalqaro sana joriy yilda beshinchi bor nishonlanmoqda. Ayni tadbirdan ko‘zlangan maqsad nafaqat insoniyatning ilm-ma’rifatga tashnaligini e’tirof etish, balki dunyo davlatlari hukumatlari va jamiyatlari e’tiborini ta’lim sohasida mavjud muammolarga, jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit ta’lim dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish kabi masalalarga qaratishdan iboratdir.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ushbu sana munosabati bilan yo‘llagan videomurojaatida ta’kidlanganidek, ta’lim olish huquqi insonning asosiy huquqlari sirasiga kiradi. Ammo sayyoramizning barcha aholisi sifatli ta’lim olishini ta’minlash uchun ancha-muncha mablag‘ sarflash talab etiladi.

A.Guterrishning fikricha, ta’lim – jamiyat, iqtisodiyot va har bir inson salohiyatining asosi hisoblanadi. Lekin talab darajasida investitsiya jalb etilmas ekan, ana shu salohiyatdan hech qanday foyda bo‘lmaydi. «Aksariyat hukumatlarning siyosatida va xalqaro hamkorlik doirasidagi hujjatlarda ta’limga nihoyatda kam e’tibor qaratilgani meni doim qattiq xavotirga soladi, – dedi BMT Bosh kotibi. – Bu yilgi  Xalqaro ta’lim kunining mavzusi ham investitsiyalar yo‘naltirish asnosida ta’limga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligini qat’iy eslatib turibdi». Investitsiyalar, A.Guterrish ishonch bilan uqtirganidek, Barqaror taraqqiyot sohasidagi 4-maqsadga erishishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtai nazardan, butun dunyoda pandemiya inqirozi oqibatlari tufayli ta’lim sohasida ko‘plab muammoli vaziyatlar kuzatilayotgan murakkab bir davrda O‘zbekistonda yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida diqqatni tortadi. Mamlakatimizda bolalar va yoshlarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish jarayonlari “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g‘oyasi asosida tubdan takomillashtirilayotgani bu fikrning amaliy ifodasidir.

So‘nggi olti yilda yurtimizda qo‘shimcha 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetdi. Hozirgi vaqtda yana 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni yaratish bo‘yicha ishlar jadal davom ettirilmoqda.

O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad etib belgilangan. Shu ulug‘vor maqsad yo‘lida qabul qilingan Taraqqiyot strategiyasi doirasida 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani juda muhim.

Davlatimiz va jamiyatimiz, birinchi navbatda, e’tiborni Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu borada oldimizda turgan eng asosiy vazifalar belgilab berildi.

Birinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalarida maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning umumiy savodini chiqarish, bolalarda Vatanni sevish, u bilan g‘ururlanish hissini uyg‘otish, dunyoqarashini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi olti yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga yetishi natijasida bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bog‘chaga bormoqda.

Shu bilan birga, kelgusi besh yilda qamrovni 80 foizga yetkazish uchun 600 ming yangi bog‘cha o‘rni kerak. Bu – juda katta marra ekanini qayd etar ekan, Yurtboshimiz bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilish hamda bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratish zarurligiga e’tiborni qaratdi.

Ikkinchidan, maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalardandir. Ayni yo‘nalishda:

  • o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash;
  • boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitishni yo‘lga qo‘yish;
  • bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishiga erishish;
  • farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirish;
  • o‘quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarur.

Mamlakatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, Mana, maktablarimizga qanday muhit kirib kelishi kerak!

Yanada muhimi, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanmoqda. Bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilg‘or ta’lim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil etiladi.

Joriy yilda 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelgusi besh yilda ularning soni 1 mingtaga yetkaziladi.

O‘tgan yili Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilishi hisobiga bu borada yetarli tajriba orttirildi. Yangi o‘quv yilidan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi.

Uchinchidan, yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Bunda maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotganini hisobga olgan holda,  700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur, dedi Prezidentimiz.

Shu maqsadda 2023 yildan boshlab har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etilishini ko‘zda tutadigan yangi dastur amalga oshiriladi. Kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinishi shart.

Ayni chog‘da, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash qamrovi kengaytiriladi. Kimyo sanoati, elektr texnikasi, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinadi. Bu, o‘z navbatida,  mutlaqo yangicha tizim – yangi zamon injenerlarini tayyorlash tizimini yaratishga asos bo‘ladi.

To‘rtinchidan, oliy ta’lim sohasidagi islohotlar izchil davom ettiriladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari soni 2,5 barobar ko‘paydi va 198 taga yetdi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi.

Asosiysi, raqamlar izidan quvish emas, balki ta’lim sifatini oshirishdir. Bu borada 41 ta oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi, ularda transformatsiya ofislari ochildi. Davlatimiz rahbari uqtirganlaridek, Oliygoh rektorlari, professor va o‘qituvchilar bu jarayonlarda faol bo‘lishlari, yangi, ilg‘or metodikalarni joriy qilishlari kerak.

Joriy yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytiriladi. Bu degani – ayni maqsad uchun 1,7 trillion so‘m ajratilishini anglatadi.

Beshinchidan, Yangi O‘zbekiston — insonning rivojlanishi va iste’dodi qadrlanadigan mamlakat. Bugungi kunda ilm­fan, ta’lim, innovatsiya, texnologiya va kadrlar zamonaviy demokratik jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Mamlakatimiz taraqqiyotini zamon talablariga mos ravishda ilm­fansiz tasavvur etish qiyin.

Binobarin, 2022 yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,5 trillion so‘m, ya’ni 2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirildi.

Bularning barchasi hisobidan nano va biotexnologiyalar, raqamli geologiya kabi 18 ta yangi ilmiy yo‘nalish tashkil etildi. Joriy yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Taraqqiyot strategiyasi doirasida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarida amalga oshirilayotgan salmoqli va ko‘lamdor ishlar bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ham ta’limni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech