SHAXSGA DOIR MA’LUMOTLAR: Maxfiy, daxlsiz va qonun himoyasida

28 yanvar – Xalqaro shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish kuni

 

 Butun dunyoda 2007 yildan buyon har yili 28 yanvar – Xalqaro shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish kuni (Data Protection Day) sifatida nishonlanadi.

Ayrim mamlakatlarda u «Maxfiylik kuni» (Data Privacy Day) degan nom bilan ham bayram qilinadi. Ushbu sana Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar bu boradagi odob-axloq qoidalariga amal qilishlari virtual va real hayot xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashishini unutmasliklari uchun ta’sis etilgan.

 

Ushbu xalqaro sananing tarixi va ahamiyati

 

Ayni kunni nishonlash to‘g‘risidagi qaror Yevropa Kengashining Vazirlar qo‘mitasi tomonidan 2006 yil 26 aprelda qabul qilingan. Binobarin, u Yevropa Kengashining Shaxslarni shaxsga doir ma’lumotlariga avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berilishi munosabati bilan himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilingan 1981 yil 28 yanvar kuniga muvofiq ravishda tanlangan.

Mazkur Konvensiya shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish sohasida majburiyat yuklaydigan birinchi xalqaro vosita hisoblanadi. Unda, shaxsiy hayot daxlsizligini nazarda tutgan holda, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlari belgilab berilgan. Shuningdek,  “shaxsga doir ma’lumotlar” tushunchasiga aniqlik kiritilgan.

Shaxsga doir ma’lumotlar – inson haqidagi har qanday ma’lumotlardan iboratdir. Shaxsga doir ma’lumotlar uch turga:

birinchidan, umumiy ma’lumotlar;

ikkinchidan, maxsus ma’lumotlar;

uchinchidan, biometrik ma’lumotlarga bo‘linadi.

Umumiy ma’lumotlar qatoriga insonning ism-familiyasi, pasporti va boshqa shaxsiy hujjatlaridagi qaydlar, tug‘ilgan sanasi va joyi, e-mail manzili, yashash, o‘qish va ishlash joylari, oilaviy, ijtimoiy va mulkiy holati, qaerda ta’lim olgani, qaysi kasb egasi ekanligi, daromadi qanchaligi kabi ma’lumotlar kiradi.

Telefon raqamlari faqat egasining ism-familiyasi bilan birga qayd etilgan hollardagina shaxsga doir ma’lumotlar toifasiga mansub bo‘ladi. Transport vositasining davlat raqami, kommunal-turarjoy xo‘jaligining hisob raqami kabilar esa shaxsga doir ma’lumot hisoblanmaydi. Chunki ulardan birinchisi – bevosita avtomobilga tegishli bo‘lsa, ikkinchisi – uy-joyga taalluqlidir.

Maxsus ma’lumotlar deganda, shaxsning irqiy va milliy mansubligi, siyosiy, diniy va falsafiy qarashlari, sog‘ligining holati, intim, ya’ni maishiy hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlar tushuniladi.

Biometrik ma’lumotlar – insonning shaxsini aniqlash imkonini beradigan fiziologik va biologik xususiyatga ega shaxsiy ma’lumotlardir. Masalan, shaxsning DNKsi, ovozi, ko‘z qorachig‘i, barmoq izlari, yuz qiyofasi, bo‘yi, vazni bilan bog‘liq ma’lumotlar shular jumlasiga kiradi.

 

“Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish” nima degani?

 

Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish – shaxsga doir ma’lumotlarga nisbatan amalga oshiriladigan har qanday xatti-harakatlarni o‘zida qamraydi. Shaxsga doir ma’lumotlarni:

  • to‘plash;
  • yozish;
  • tizimlashtirish;
  • jamg‘arish;
  • saqlash;
  • aniqlashtirish – yangilash va o‘zgartirishlar kiritish;
  • ko‘chirma olish;
  • foydalanish;
  • uzatish, ya’ni tarqatish, taqdim etish, tanishish imkonini yaratish;
  • shuningdek, shaxssizlantirish;
  • bloklash;
  • o‘chirib tashlash;
  • yo‘q qilish shular jumlasidandir.

Misol uchun, ish beruvchi o‘z xodimi bilan mehnat shartnomasini tuzishi asnosida kadrlar bo‘limida o‘sha xodimning shaxsiy hujjatlaridan nusxalar jamlangan “papka” yuzaga keladi. Demak, ish beruvchi shaxsga doir ma’lumotlarni to‘plash, yozish va saqlash bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshiradi.

Ish beruvchi o‘z xodimining tashrif qog‘oziga buyurtma berish uchun uning shaxsga doir ma’lumotlarini bosmaxonaga yubordi, deylik. Bunda u shaxsga doir ma’lumotlarni uzatgan bo‘ladi.

Yana bir misol: sotuvchi o‘z xaridorlariga oid ma’lumotlar jamlangan hujjatlarni yoqib yuborar ekan, shaxsga doir ma’lumotlarni yo‘q qiladi.

Yoki bo‘lmasa, sotuvchi va xaridor Internet orqali mahsulot savdosi jarayonida sayt egasiga o‘zlarining shaxsga doir ma’lumotlari – ism-familiya, manzil, pochta va telefon raqamlarini taqdim etganiga to‘xtalaylik. Bu ma’lumotlar o‘sha saytning elektron xotirasida saqlanadi – demak, sayt egasi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, yozish va saqlash bilan shug‘ullangan bo‘ladi.

Ushbu misollardan yana bir oddiy haqiqat ayon bo‘lmoqda. Ya’ni, shaxsga doir ma’lumotlar nafaqat qog‘ozda, balki elektron manbalarda ham saqlanishi mumkin.

 

Xalqaro huquq va Konstitutsiya normalari

 

Xalqaro shartnomalarning aksariyatida shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz noqonuniy yig‘ish yoki hammaga oshkor qilish yoxud bu xabarlarni jamoat oldida so‘zga chiqishda, ommaviy namoyish qilinuvchi asarda yoki ommaviy axborot vositalarida tarqatish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanishini ko‘zda tutadigan tegishli normalar mavjud.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 12-moddasiga muvofiq: “Hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomusi va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida: “Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas”, deb belgilangan.

Ushbu modda matnidagi aynan “shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish” hamda “yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas” degan iboralar zamirida shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishga oid konstitutsiyaviy talablar o‘z mujassamini topgan. Shu ma’noda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot asnosida ayni moddani inson huquqlarini, jumladan, shaxsga doir ma’lumotlarni yanada keng darajada himoyalaydigan normalar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida shu modda quyidagi mazmunda taklif etilmoqda:

“27-modda. Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega. Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish huquqiga ega.

Har bir shaxs yozishmalarni, telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali so‘zlashuvlarni, pochta-telegraf jo‘natmalarini hamda boshqa xabarlarni amalga oshirish erkinligi va ularning sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Hech kim shaxsning uy-joyiga yoki boshqa mol-mulkiga qonunda nazarda tutilganidan boshqacha holda va tartibda kirishga, tintuv o‘tkazishni yoki ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga haqli emas”.

E’tibor bering: loyihada insonning shaxsiy hayoti daxlsizligini, ya’ni har bir jismoniy shaxsning o‘zi haqidagi axborot, shaxsiga doir ma’lumotlar, shaxsiga, ahli oilasiga oid xabarlar uning roziligisiz oshkor etilmasligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafolatlaydigan yangi konstitutsiyaviy normalar taklif qilingan.

Bu haqda so‘z borganda, Asosiy qonunimizni takomillashtirish ishlari doirasida bugungi kunga qadar 220 mingdan ziyod taklif kelib tushganini ham ta’kidlash lozim. Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan, jumladan, vijdon erkinligi, fikr va so‘z erkinligi, shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligi huquqi bo‘yicha sharh va takliflar taqdim qilingan.

Joriy konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida inson qadrini ulug‘lash, avvalo, har bir insonning shaxsiy huquq va erkinliklari, xususan, shaxsiy hayoti, sha’ni, qadr-qimmati, obro‘si, ishchanlik darajasi, jamiyatda tutgan mavqeini yuksaltirish hamda shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan bunday sa’y-harakatlarning mohiyati ham, ahamiyati ham kattadir.

Binobarin, Prezidentimiz iboralari bilan aytganda, “ma’no-mazmuni inson qadrini ulug‘lash ruhi bilan boyitilgan, kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, Yangi O‘zbekistonga mos bo‘lgan Konstitutsiyani har tomonlama o‘ylab, shoshilmasdan ishlab chiqishimiz kerak”.

 

Shaxsga doir ma’lumotlar va milliy qonunchilik

 

Tabiiyki, yaqin kelajakda Konstitutsiyamizga kiritiladigan yangilanishlar asosida milliy qonunchilik ham takomillashtiriladi. Hozircha amaldagi qonunlarimizda shaxsga doir ma’lumotlar masalasi qay taxlit o‘z aksini topgan?

Bu o‘rinda mamlakatimizda, birinchi navbatda, 2019 yil 1 oktyabrdan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirganini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Bu qonunga binoan:

“Shaxsga doir ma’lumotlar jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot hisoblanadi”.

Qonuning ayrim eng muhim normalariga to‘xtalamiz. Xususan:

  • Hukumat huzuridagi Davlat personallashtirish markazi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilangan;
  • shaxsga doir ma’lumotlar bazalari davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim;
  • davlat shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi;
  • jismoniy shaxsning roziligisiz yoki boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmagani holda shaxsga doir ma’lumotlarni oshkor etish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Prezidenti 2021 yil 14 yanvar kuni «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Shu asosda amaldagi qonun «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashning alohida shartlari» nomli 27-1-modda bilan to‘ldirildi.

Bunga qadar – 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida shaxsning axborot borasidagi xavfsizligiga oid normalar belgilangan. Xususan: Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi uning axborotdan erkin foydalanishi zarur sharoitlari va kafolatlarini yaratish, shaxsiy hayotiga taalluqli sirlarini saqlash, axborot vositasida qonunga xilof ravishda ruhiy ta’sir ko‘rsatilishidan himoya qilish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma’lumotlar maxfiy axborot toifasiga kiradi.

Jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilikda belgilangan hollar bundan mustasno.

Jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi axborotdan ularga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida foydalanish taqiqlanadi.

Fuqarolar to‘g‘risida axborot oluvchi, bunday axborotga egalik qiluvchi hamda undan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar bu axborotdan foydalanish tartibini buzganlik uchun qonunda nazarda tutilgan tarzda javobgar bo‘ladilar.

Ommaviy axborot vositalari axborot manbaini yoki taxallusini qo‘ygan muallifni ularning roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Axborot manbai yoki muallif nomi faqat sud qarori bilan oshkor etilishi mumkin”.

Bugungi globallashuv jarayonlarida shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish holatlari bot-bot kuzatilmoqda. Ayrim ommaviy axborot vositalari yoki ba’zi bir blogerlar shaxsning obro‘si, sha’ni va qadr-qimmatini tushiradigan axborot tarqatganligi uchun sud oldida javobgar bo‘layotgani ham statistik ma’lumotlarda ko‘rinib qolmoqda.

Bunday holatlar nimadan dalolat beradi? Demak, 28 yanvar – Xalqaro shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish kuni o‘tgan 16 yillik muddat ichida nafaqat o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, balki yanada dolzarblashib bormoqda. Shunday ekan,  har birimiz ushbu muhim xalqaro sananing mohiyati va ahamiyatini targ‘ib etishdek ezgu ishga imkon qadar hissa qo‘shaylik.

 

G‘ulom MIRZO

"Kuch-adolatda" gazetasi 2023 yil 27 yanvar 4-son

Gazetalar sharhi

Powered by GSpeech