Malayziyada o‘zbekistonlik fuqaro odam savdosi qurboniga aylangani aniqlandi

Malayziyada odam savdosi qurboniga aylangan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi.

Malayziyaga ishga borib, odam savdosi qurboniga aylangan 24 yoshli o‘zbekistonlik N.E.ga vatanga qaytishida O‘zbekiston elchixonasi xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. Fuqaro malayziyalik ish beruvchi tomonidan uning fuqarolik pasporti olib qo‘yilgani, maoshi to‘lanmagani hamda unga nisbatan jismoniy bosim o‘tkazilayotgani to‘g‘risida diplomatik vakolatxonaga murojaat qilgan.

Uning qonuniy haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida elchixona sa’y-harakatlari natijasida N.E.ning xorijga chiqish pasporti ish beruvchidan qaytarib olindi. Malayziya huquq-tartibot organlari fuqaro N.E.ning shikoyat arizasi asosida ish beruvchiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Mahalliy sud tomonidan fuqaroning ko‘rsatmalari olinib, unga O‘zbekistonga qaytishiga ruxsat berildi.

Mamlakat diplomatik vakolatxonasi vakillari va Malayziya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya departamenti vakillari ko‘magida N.E. Kuala-Lumpurdan Toshkentga qaytarildi.

Daryo.uz

Powered by GSpeech