Mamlakatimiz inson hyqyqlapi sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat'iy sodiq qoladi

O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjat, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgan.

Yangi O'zbekiston jahonda inson huquqlarini rag'batlantirish, himoya qilish va ularga amal qilishni davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylantirgan, ushbu sohada yangi-yangi xalqaro tashabbuslar muallifiga aylangan davlat sifatida tanilmoqda va e'tirof etilmoqda. Buning samarasi o'laroq, mamlakatimiz tarixda birinchi marta BMT tizimidagi eng nufuzli hukumatlararo organlardan biri —  Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi etib saylandi.

2021 yil 22 fevralda vatandoshlarimiz yana bir tarixiy voqeaning guvohi bo'ldi —O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari bo'yicha kengashning 46-sessiyasida nutq so'zladi. Davlatimiz rahbari o'zbek tilida jahon hamjamiyatiga qarata “O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umume'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi”, deb ishonch bildirdi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-  va 75-sessiyalarida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini, Ma'rifat va diniy bag'rikenglik, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risidagi rezolyutsiyalarni, pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to'g'risidagi xalqaro kodeksni qabul qilish yuzasidan bildirgan tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi va qo'llab-quvvatlandi.

Buni BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida O'zbekiston tashabbusi bilan Ma'rifat va diniy bag'rikenglik to'g'risidagi rezolyutsiya qabul qilingani ham isbotlab turibdi.

Bu gal ham davlatimiz rahbari o'z nutqida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha qat'iy choralar ko'rish to'g'risidagi taklifini qo'llab-quvvatlagan holda,  inson huquqlari sohasida yangi g'oyalarni ilgari surdi. Xususan, Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab  Oliy komissar boshqarmasi bilan birga global forum o'tkazish, Inson huquqlari bo'yicha kengash tomonidan Sud`yalar kengashlari faoliyatining universal printsiplarini ishlab chiqish taklifi o'rtaga tashlandi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga birinchi darajali e'tibor berilayotgani tasodif emas. Buyuk alloma Alisher Navoiy ta'lim berganidek: “Bu gulshan aro yo'qdir baqo guliga sabot, Ajab saodat erur gar yaxshilik birla qolsa ot”. YA'ni, buyuk yurtni komil insonlar  bunyod etadi. Ular ham o'qimishli va bilimdon, ham tashabbuskor va yurtparvar bo'lishlari uchun eng taraqqiy etgan davlatlardagi kabi barcha huquq va erkinliklarga ega bo'lishi kerak.

Shu maqsadda 2020 yilda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi.  Bu tarixiy hujjatda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha izchil davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va yo'nalishlari belgilab berildi.

Mamlakatimizda Inson huquqlari bo'yicha vakil (ombudsman) va Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz faoliyati tubdan takomillashtirilmoqda. O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil va Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimlari joriy qilingan. 2021 yil — Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar ombudsmani to'g'risidagi qonunni qabul qilish belgilangan.

O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjat, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgan. Ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va shartnomaviy qo'mitalariga muntazam ravishda milliy ma'ruzalarni taqdim etib kelmoqda.

Inson huquq va erkinliklarini ta'minlashda O'zbekiston Prezidentining Xalq va Virtual qabulxonalari, shuningdek, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish bo'yicha qabulxonalarining tashkil etilishi nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Bu “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”  g'oyasini hayotga tatbiq etishning amaliy ko'rinishi bo'ldi.

Sud-huquq sohasida ham chuqur islohotlarga kirishildi. Qonun oldida tenglik, insonparvarlik, adolatlilik qaror topa boshladi. Natijada  aholining odil sudlovga bo'lgan ishonchi ortmoqda. Inson huquq va erkinliklarini ta'minlashda, nizolarni sudgacha hal qilishda va taraflarni yarashtirishda advokatlarning vakolatlari sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Afv etish va jamoat birlashmalarining kafilligi ostida shaxslarni jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi. 2020 yilning o'zida 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgani,   sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazolar tayinlangani, jazo muddatini o'tayotgan va tuzalish yo'liga qat'iy kirgan 616 nafar fuqaro afv etilgani buni yaqqol isbotlab turibdi.

Mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelib, O'zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo'lmagan 50 mingga yaqin yurtdoshimizning ana shu muammosi hal etilib, ularni O'zbekiston fuqarolari sifatida tan olishning qonuniy choralari ko'rildi.

Vijdon erkinligi huquqini ta'minlash sohasidagi ishlar ham keng ko'lamli. Bugungi kunda mamlakatimizda 16 ta konfessiyaning 2 277 ta diniy tashkiloti faoliyat yuritmoqda. “Jaholatga qarshi ma'rifat” g'oyasini amalga oshirishga, diniy ta'lim va ma'rifat tizimini rivojlantirishga, diniy xodimlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Shu vaqtgacha majburiy mehnat, bolalar mehnati masalasida ko'p jihatdan jiddiy  tanqid eshitishimizga to'g'ri keldi. Avvalgi tuzumdan meros bo'lib qolgan  amaldagi qonunlarga zid ushbu holatga barham berishning imkoniyati yo'qdek tuyulardi. Davlatimiz rahbari Inson huquqlari bo'yicha kengashning 46-sessiyasi onlayn majlisida: “Biz Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha katta ishlarni amalga oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo'ldi”, deb ta'kidladi.

Haqiqatan, Xalqaro mehnat tashkilotining “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi doirasida 2020 yilgi paxta terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnat holatlarini aniqlash bo'yicha o'tkazilgan monitoring natijalariga ko'ra, O'zbekistonda bolalar mehnatidan umuman foydalanilmagan, degan xulosaga kelindi hamda fuqarolarni majburiy tarzda mehnat qilishga jalb etish holatlari kuzatilmagani qayd etildi.

Yurtimizda keng ko'lamli demokratik islohotlar natijasida ayollarning siyosiy-ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki tobora kengayib bormoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Milliy parlamentimiz tarixida birinchi marta ayol kishi Senatni boshqarmoqda. SHuningdek, O'zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga etdi. Mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlar soni bo'yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o'rtasida 37-o'ringa ko'tarildi. Holbuki, bundan 5 yil avval biz bu borada 128-o'rinda edik.

Davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 380 nafardan ziyod xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. O'zbekistonning barcha hududlarida xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilgan. Ular tomonidan 28 mingga yaqin opa-singillarimizga tadbirkorlik, hunarmandlik, kasbga qayta tayyorlash, bandlikni ta'minlash yuzasidan amaliy yordam ko'rsatilmoqda. SHuningdek, besh muhim tashabbus doirasida 21 ming 500 nafar qiz qisqa muddatli kasb-hunar kurslarida o'qitildi. Ana shunday imkoniyatlar tufayli tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'ygan ayollar soni bir yilda qariyb 45 ming nafarga ko'payib, ular tomonidan minglab yangi ish o'rinlari yaratilmoqda. Shu bilan birga, oliy o'quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni 2 barobar ko'paytirilib, 2 mingtaga etkazilmoqda. Bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish maqsadida O'zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes forumini o'tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari ta'limi sohasidagi butunjahon dasturida ham faol ishtirok etmoqda. Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish kontseptsiyasi va BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo'yicha Milliy harakat dasturining ijrosi yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ta'lim muassasalari aholi orasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va unga rioya etish tamoyillarini ommalashtirishga, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini ta'minlash jarayoniga keng jalb etilgan.

O'zbekiston bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish tashabbuskori ham hisoblanadi. Inson huquqlari bo'yicha “Yoshlar — 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida o'tgan yili Samarqandda bo'lib o'tgan veb-forum bevosita ushbu masalaga bag'ishlandi. Unda BMT va uning muassasalari, Parlamentlararo ittifoq, Evropa Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyo parlament assambleyasi, Afrika Ittifoqi namoyandalari bilan birga jahondagi 30 dan ziyod yoshlar tashkilotining 1000 nafardan ziyod vakili ishtirok etdi.

Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari va manfaatlarini muhofazalash bugun jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Bu borada Prezidentimizning nutqida ilgari surilgan ezgu g'oya va tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz aholisining, balki butun insoniyatning farovonligini ta'minlash, kelajak avlodlarga musaffo osmon,  nurafshon manzillarni meros qoldirishda muhim omil bo'lib xizmat qiladi.

Qalandar ABDURAHMONOV,

O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi

Manba: yangi O`zbekiston

Powered by GSpeech