Mamlakatimizda qiynoqlarning har qanday ko'rinishiga mutlaqo yo'l qo'yilmaydi

Aslida, insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha'nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo'rlashdir. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a'zosi hisoblanuvchi O'zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalariga nisbatan qo'llanadigan eng g'ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.

Xalqaro huquqqa ko'ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat'iyan taqiqlanadi va qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday yo'l qo'yilmaydi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga ko'ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

Bu haqda so'z borganda, BMT Bosh Assambleyasi 1997 yilda  26 iyun` – Qiynoq qurbonlarini qo'llab-quvvatlash xalqaro kuni, deb e'lon qilganini alohida ta'kidlash lozim. Mazkur xalqaro sanada dunyo miqyosida qiynoqlarga butunlay barham berish hamda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashga qarshi konventsiyasi yanada samarador ishlashini ta'minlashga qaratilgan turli tadbirlar o'tkaziladi.

Mamlakatimizda ham ushbu sana har yili nishonlanadi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini joriy yilning xuddi shu kuni qabul qilgani kelgusida mazkur sananing biz uchun milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Binobarin, O'zbekiston Prezidenti o'zining ushbu Qarorini aynan butun dunyoda, jumladan, O'zbekistonda ham 26 iyun` – Qiynoq qurbonlarini qo'llab-quvvatlash xalqaro kuni nishonlanayotgan muhim sanada imzolagani bejiz emas. Bu voqelik O'zbekiston inson huquqlari sohasida shiddatli va aniq tizimli islohotlarni amalga oshirish asnosida, mazkur yo'nalishdagi sinovdan o'tgan xalqaro tajriba hamda dunyo andozalariga har tomonlama uyg'unlashishga qat'iyat bilan intilayotganining yana bir yaqqol dalolatidir.

O'zbekiston Prezidenti 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilishini ta'kidlar ekan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligiga e'tiborni qaratgandi. Nega deganda, afsuski, mazkur sohada qiynoqqa solish holatlari hali ham uchrab turibdi.

Masalan, qiynoqqa solish jinoyati 2017 yilda – 7 ta, 2018 yilda – 10 ta, 2019 yilda –16 ta, 2020 yilda ham 16 ta qayd etilgan. Bu achinarli hol fuqarolarda jiddiy e'tirozlarni keltirib chiqarayotgani va mamlakatimizning xalqaro nufuziga salbiy ta'sir ko'rsatayotgani ayni haqiqat bo'lib, Yurtboshimiz bunga befarq qarab turolmasdi.

Davlat rahbari, avvalambor, Oliy Majlis palatalari va Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz zimmasiga qiynoqlarning oldini olish bo'yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, shuningdek jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan o'z takliflarini ishlab chiqish vazifalarini yukladi. Bunda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o'tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yo'lga qo'yilishi zarurligiga e'tibor qaratildi.

Shuningdek, Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo'yicha ma'ruzasini eshitib, bu illatga butunlay barham berish bo'yicha zarur chora-tadbirlarni belgilashi ko'rsatib o'tildi.

Bu muhim vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, 2020 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) jamoatchilik faollari bilan birgalikda karantin majmualari, tibbiy muassasalar, jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarining ta'minlanishi holatini o'rganish maqsadida 76 ta monitoring tadbirini amalga oshirgan. Bu tadbirlarda Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz mutaxassislari ham muntazam ishtirok etib kelmoqda.

Eng asosiysi, so'nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash holatlariga mutlaqo yo'l qo'ymaslik maqsadida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, islohotlarning amaldagi bosqichi qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog'liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko'rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo'yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlarini davom ettirish masalasini kun tartibiga qo'ydi.

Mazkur dolzarb masala Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida o'z aksini topdi. Mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham bu borada aniq vazifalar nazarda tutildi.

 Ya'ni, ushbu Qaror Prezidentimizning dasturiy ma'ruza va nutqlari, shuningdek Milliy strategiya hamda Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qabul qilingan. Qarordan ko'zlangan maqsad – BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, qiynoqqa solishning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat.

Prezidentimiz Qarorida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo'yicha quyidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi:

birinchidan, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umume'tirof etilgan printsiplari va normalariga muvofiqlashtirish;

ikkinchidan, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan inson huquqlari bo'yicha milliy institutlarga yuborilgan murojaatlarni muassasa ma'muriyati tomonidan ko'zdan kechirilmasligini hamda qabul qiluvchiga zudlik bilan yuborilishini qat'iy ta'minlash;

uchinchidan, qiynoqqa solish holatlari to'g'risidagi murojaatlarning tezkor va xolisona ko'rib chiqilishi hamda aybdor shaxslarning muqarrar javobgarlikka tortilishi mexanizmini takomillashtirish;

to'rtinchidan, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko'rsatilishini hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta'minlash;

beshinchidan, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish faoliyatiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish hamda ularning davlat organlari bilan samarali hamkorligini ta'minlash;

oltinchidan, qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha faoliyat natijalari to'g'risidagi ma'lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazish;

yettinchidan, qiynoqqa solishning oldini olish borasida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning milliy institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish.

Bu o'rinda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) huzurida tuziladigan Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhlari haqida alohida to'xtalish joiz, deb hisoblayman. Jamoatchilik guruhlari tarkibiga Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz ekspertlari, tibbiyot xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari jalb etiladi.

Bunda ana shu mutaxassislarning monitoring tashriflarini amalga oshirish uchun kasbiy malakasi va amaliy bilimlarga ega bo'lishi hamda gender tengligi ta'minlanishi hisobga olinadi.

Jamoatchilik guruhlarining asosiy vazifalari ham Prezident Qarorida ko'zda tutilgan. Bular, asosan, gauptvaxta, maxsus qabulxona, vaqtincha saqlash hibsxonasi, tergov hibsxonasi, jazoni ijro etish muassasasi, intizomiy qism, majburiy davolash muassasalarida qiynoqqa solishning oldini olish bo'yicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirishdan iboratdir.

E'tibor bering: Qarorda ushbu maxsus muassasalarga nisbatan “harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar” degan yagona atama qo'llangan.

Endilikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga joylashtirilgan shaxslarning yagona elektron reestrini yuritish amaliyoti yo'lga qo'yiladi. Binobarin, “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yaqin qarindoshi, qonuniy vakili va advokati shaxs saqlab turilgan joy va vaqt bilan bog'liq ma'lumotlarni olishini ta'minlaydi.

Bunday amaliyot, shuningdek harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni belgilangan muddatdan ortiqcha vaqt davomida ushlab turish, ushlab turish boshlangan vaqtni kechiktirib ko'rsatish, g'ayriqonuniy ravishda ushlab turish kabi salbiy illatlarning oldini olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar tomonidan qiynoqlar bo'yicha amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda, advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali murojaat qilish amaliyoti yanada takomillashtiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 fevralda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida O'zbekiston Respublikasi Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakul`tativ protokolini ratifikatsiya qilishi haqida bayonot bergandi. Qarorda bu borada bir qator muhim vazifalar ko'zda tutilgan.

Xususan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Ombudsman va Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokoliga O'zbekiston Respublikasining qo'shilishi masalasi bo'yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarurligi belgilangan.

Ma'lumki, N`yu-Yorkda 2002 yil 18 dekabrda qabul qilingan Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashga qarshi konventsiyaning Fakul`tativ protokolini o'tgan davrda dunyoning 91 ta davlati ratifikatsiya qilgan. O'z navbatida, Armaniston, Ozarbayjon, Estoniya, Gruziya, Litva, Moldova, Ukraina, Qirg'iziston, Qozog'iston, Afg'oniston, Chexiya, Finlyandiya, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Ispaniya, Turkiya kabi o'ndan ortiq davlat ushbu xalqaro-huquqiy hujjatni imzolagan.

Shu ma'noda, O'zbekiston Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori O'zbekistonda qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy tizimni umume'tirof etilgan xalqaro-huquqiy standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

O'zbekiston bugungi kunda BMT Taraqqiyot dasturining Inson kamoloti indeksida 106-o'rinni, Jahon bankining boshqaruv sifati indikatorlarining siyosiy barqarorlik va zo'ravonlik yo'qligi subindikatori bo'yicha 136-o'rinni, “Jahon odil sudlov loyihasi” xalqaro nohukumat tashkilotining huquq ustuvorligi indeksining asosiy huquqlarning ta'minlanganligi indikatori bo'yicha esa 110-o'rinni egallab turibdi.

Prezidentimiz qarorida nazarda tutilgan yangilanishlar amaliyotga o'z vaqtida va to'liq joriy qilinishi, shubhasiz, mamlakatimizning ushbu yo'nalishdagi islohotlariga xalqaro hamjamiyatning ijobiy fikrlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Binobarin, bir tomondan, yurtimizda qiynoqqa solish holatlariga uzil-kesil barham berilsa, ikkinchi tomondan, O'zbekistonning xalqaro imiji yanada ortadi.

Shunday qilib, O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, “Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo'lgan qiynoqlarning har qanday ko'rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo'l qo'ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat'i nazar, ular uchun jazo muqarrardir”.

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

Powered by GSpeech