2021 yil 15 noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mamlakatdagi xotin-qizlar axloq tuzatish muassasalarining xodimlari uchun uch kunlik trening o‘tkazishga kirishdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mahbus ayollar bilan muomala qilish va huquqbuzar ayollar uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralarini qo‘llashga taalluqli qoidalariga (“Bangkok qoidalari”ga) bag‘ishlangan ushbu trening, koronavrus sharoitlarini hisobga olgan holda, onlayn va oflayn shakllarda bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Daniya qiynoqlarga qarshi instituti (DIGNITY) hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur trening “Inson huquqlari oyligi” hamda Milliy markaz bilan YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining “O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish” mavzusidagi qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.
BMTning “Bangkok qoidalari” qamoqda saqlanayotgan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish borasidagi eng muhim hujjat hisoblanadi. Unda qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati organlari vakillari, shuningdek qamoqxonalar xodimlari uchun nihoyatda zarur uslubiy tavsiyalar bayon etilgan.
Hujjatda qamoqda saqlanayotgan xotin-qizlarning hayot tarziga bevosita taalluqli bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish tartib-taomillari atroflicha aks ettirilgan. Bundan tashqari, muqobil qarorlar qabul qilish yo‘li bilan qamoqda saqlanadigan ayollar sonini kamaytirishga doir muhim yo‘l-yo‘riqlar qayd etilgan.
Ayni chog‘da, “Bangkok qoidalari” qamoqda o‘z ota-onalari bilan birga saqlanayotgan bolalarning ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan ilk xalqaro hujjat hisoblandi.
Bu hujjat normalari amaldagi BMTning Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari va Qamoqda saqlash bilan bog‘liq bo‘lmagan choralarga doir minimal standart qoidalari (“Tokio qoidalari”) talablariga qo‘shimchadir.
“Bangkok qoidalari”da qamoq rejimi bilan bog‘liq keng ko‘lamdagi masalalar: sog‘liqni saqlash, reabilitatsiya dasturi, yaqinlar bilan ko‘rishish huquqi, qamoqxona xodimlarini o‘qitish kabi sohalarga oid uslubiy prinsiplar qamrab olingan.
Trening davomida ishtirokchilar “Bangkok qoidalari”ni ish jarayonida qo‘llash va qamoqxonalarni gender bilan bog‘liq xususiyatlarni hisobga olgan holda boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshiradi. Sohada uchrayotgan huquqbuzarliklar hamda mahbuslarni qiynoq va shafqatsiz muomaladan himoya qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
O‘z navbatida, ushbu trening “Bangkok qoidalari”ni amaliyotga tatbiq etish borasida o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni kuchaytirish istiqbollarini belgilab olishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.11.2021
- Ko'rishlar: 3498
- Chop etish