Milliy markazga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi beriladi

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun ko'rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Qonunda fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi sub'ektlar doirasi kengaytirilmoqda.

Shu munosabat bilan 17 fevral` kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo'mitasi Ishchi guruhining yig'ilishi bo'lib o'tdi, deyiladi senat.uz sayti xabarida. Unda senatorlar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining Qonuniylikni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish doimiy komissiyalari a'zolari, hamda ekspertlar, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari ishtirokida videokonferentsaloqa tizimi orqali mazkur qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Muhokamalarda ta'kidlanganidek, “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining qabul qilinishi inson huquqlarini kengroq himoya qilishga xizmat qiladi.

Jumladan, hozirgi kunda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun bilan tartibga
solinadi. Biroq Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning o'zi tomonidan tasdiqlangan Reglament bilan belgilab berilgan.

Aksariyat mamlakatlar Konstitutsiyaviy sudlari to'g'risidagi qonun hujjatlarida bunday qoidalarni Konstitutsiyaviy sud tomonidan emas, balki qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Chunki ish yuritishning protsessual qoidalari bevosita inson huquqlarini amalga oshirish bilan bog'liq va shuning uchun ham ular qonun bilan belgilanishi lozim. 

Bundan tashqari, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotining tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim bo'lgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini ko'rsatmoqda.

Xususan, mamlakatimizda 2017-2020 yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yanada demokratlashtirishni taqozo etmoqda. Bunday demokratlashtirishning yo'nalishlaridan biri – inson huquqlarini himoya qilishda samarali vosita sifatida konstitutsiyaviy shikoyat institutini joriy etish, ya'ni fuqarolar va yuridik shaxslarga ularning konstitutsiyaviy huquqlari Konstitutsiyaga muvofiq bo'lmagan qonunlar bilan buzilganligi sababli ularning konstitutsiyaviyligini aniqlash yuzasidan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqining berilishidir.

Shu ma'noda, ishchi guruh yig'ilishida qayd etilganidek,  “O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to'g'risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning qabul qilinishi konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yangi bosqichga ko'taradi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech