Milliy strategiya – inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning samarali vositasi

Ijtimoiy hayotni yaxshilashga qaratilgan texnologiyalar jadal rivojlanayotgan, resurslarga bo'lgan talab tobora oshib borayotgan, iqlimning keskin o'zgarishi kuzatilayotgan bugungi global makon va zamonda inson huquqlarini ta'minlash, himoya qilish hamda rag'batlantirish masalalari davlatlar zimasiga ulkan mas'uliyat yuklamoqda.

Shunday murakkab davrda O'zbekiston inson huquqlarini, jumladan, gender tenglikni ta'minlash, ayollar, bolalar va nogironlar huquqlarini himoya qilish borasida muhim natijalarga erishmoqda. Shu ma'noda, mamlakatimiz tarixda ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo etib saylangani bejiz emas.

Hozirgi vaqtda O'zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo'shilgan. Mamlakatimiz ana shu xalqaro-huquqiy hujjatlar bo'yicha zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan BMTning tegishli shartnomaviy qo'mitalariga muntazam ravishda milliy ma'ruzalar taqdim etib kelmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida so'zlagan nutqida ta'kidlanganidek, 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlashni ko'zda tutadigan “hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlangani bu borada rivojlanishning tubdan yangi bosqichini boshlab berdi. Shu o'rinda ushbu hujjat xalqaro ekspertlar, xususan, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi mutaxassislarining faol ishtirokida ishlab chiqilganini ta'kidlash lozim.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi timsolidagi ushbu sohaga talluqli muhim dasturiy hujjat mamlakatimizda ilk bor qabul qilindi. Bu, bir tomondan, inson huquqlarini har tomonlama himoya qilishga doir keng ko'lamli ishlarni aniq tizimga solgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, O'zbekistonning xalqaro maydondagi mavqei yanada oshishiga olib keldi.

Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro'si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reytingi hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda Milliy strategiya ijrosining doimiy monitoringi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan izchil amalga oshirilmoqda.

Jasur Mamadaliev,
Markazning Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni implemetatsiya qilish bo'limi
yetakchi mutaxassisi

Powered by GSpeech