Yuvenal adliya tizimini rivojlantirish, huquqiy va ijtimoiy jihatlarni qamrab oluvchi kompleks yondashuvni qo‘llash hamda idoralararo samarali hamkorlikni taʼminlash maqsadida Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan tajribali mutaxassislardan iborat idoralararo ishchi guruh tashkil etildi.
Ushbu guruhning asosiy vazifasi bolalarga nisbatan odil sudlov sohasida milliy qonunchilikning xalqaro standartlarga muvofiqligini tahlil qilish hamda idoralararo hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.
Bugun ishchi guruhning dastlabki yig‘ilishi tashkil etilib, unda odil sudlov sohasida milliy qonunchilikni tahlil etish, xalqaro standart va tajribalarni o‘rganish, maqbulini implementatsiya qilish, ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni belgilash va uni amalga oshirish kabi masalalar muhokama etildi.
Yig‘ilish davomida YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bolalar himoyasi bo‘yicha mutaxassisining mavzuga doir taqdimoti o‘tkazildi hamda ishchi guruh aʼzolarining fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi.
Bildirilgan takliflardan kelib chiqib, ishchi guruhning chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 04.07.2025
- Ko'rishlar: 696
- Chop etish