Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasi ma'qullandi

18 may kuni bo'lib o'tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilish haqida (N`yu-York, 2006 yil 13 dekabr`)”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokama qilindi.

Yalpi majlisda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillabaev so'zga chiqdi. Yalpi majlis ishtirokchilari Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilish haqida (N`yu-York, 2006 yil 13 dekabr`)”gi Qonun loyihasi mazmuni bilan tanishtirildi.

Ta'kidlanganidek, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. Konventsiya bilan bir paytda unga Fakultativ protokol qabul qilingan. 2021 yil fevral holatiga ko'ra Konventsiyada 182 davlat ishtirok etmoqda. Konventsiya 50 ta moddadan iborat. O'zbekiston Respublikasi BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini 2009 yil 27 fevralda imzolagan.

Konventsiya dunyodagi nogironligi bo'lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga ko'ra, dunyo aholisining 15 foizi (global aholi soni baholanishiga muvofiq) nogironlikning qandaydir shakllari bilan yashaydi.

Konventsiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati printsiplarini o'zida mujassamlashtirgan. Uning asosiy g'oyasi shundan iboratki, nogironligi bo'lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak.

Konventsiyaning 4-moddasi nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlash, rag'batlantirish va himoya qilish, nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur qonunchilik, ma'muriy va boshqa choralarni ko'rish, nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni o'zgartirish yoki bekor qilish bo'yicha umumiy majburiyatlarni belgilaydi.

O'zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga qo'shilishi to'g'risidagi masala Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida;

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”da;

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 fevralda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida so'zlagan nutqida nazarda tutilgan.

Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilish mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash va amalga oshirishga xizmat qiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan “Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilish haqidagi (N`yu-York, 2006 yil 13 dekabr`)” O'zbekiston Respublikasi Qonuni qo'llab- quvvatlandi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech