Одил судловдан барчанинг фойдаланишини таъминлаш йўлида

Odil sudlovdan barchaning teng foydalanishini ta'minlash uchun talab etiladigan shart-sharoitlar 2021 yil 26 iyul` kuni «O'zbekiston Respublikasida odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Grats tavsiyalari” mavzuida o'tkazilgan davra suhbati doirasida muhokamaqilindi.

Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissari ofisi hamda YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Odil sudlov va milliy ozchiliklarga doir Grats tavsiyalari o'zida muayyan xalqaro tajribani mujassam etgan. Bu ijobiy tajriba O'zbekiston davlat organlari vakillari uchun qiziqarli ekani tabiiydir.

Grats tavsiyalarida sudga va inson huquqlarini himoya qiluvchi milliy muassasalarga murojaat qilish bilan bog'liq masalalar o'z aksini topgan. Hujjatda milliy ozchiliklar yoki etnik hamjamiyatlarning odil sudlovdan foydalanishiga doir masalalar bo'yicha ishlab chiqilgan amaliy yondashuvlar jamlangan.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov anjuman ishtirokchilarini qutlar ekan, agar mamlakatimizdagi barcha etnik guruhlarning odil sudlov tizimiga nisbatan ishonchini mustahkamlashni istar ekanmiz, ayniqsa, sud`yalar o'z vazifalarini ado etish asnosida adolatga naqadar amal qilishlarini yaqqol namoyon etishlari zarurligini ta'kidladi. Har birimizning ana shunday alohida sa'y-harakatlarimiz, o'z navbatida, odil sudlov tizimiga nisbatan jamiyat ishonchini shakllantirishi mumkin.

Davra suhbatida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissari Elchi Kayrat Abdraxmanov, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi – Elchi, doktor Pyer fon Arks ham so'zga chiqdi.

Tadbir ishtirokchilari ta'kidlaganlaridek, Grats tavsiyalarining Toshkentdagi ushbu taqdimoti O'zbekiston davlat organlari vakillari bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo'yicha oliy komissari uchun etnik hamjamiyatlarning barcha vakillari odil sudlovdan teng foydalanishiga doir dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini yaratdi.

Bu masalalar, jumladan, qonun ustuvorligi, kamsitishga yo'l qo'ymaslik va tenglikni, shu jumladan gender tenglikni ta'minlash printsiplarini, mustaqil odil sudlov organi tomonidan oqilona muddatlarda adolatli ravishda muhokama qilinish huquqi hamda yuridik yordam ko'rsatish huquqini o'z ichiga olgan.

Anjuman doirasida odil sudlovdan foydalanilishini yaxshilash borasidagi xalqaro tajriba chuqur o'rganildi. Sudlarda o'z huquqlaridan foydalanishda hammaga to'liq teng imkoniyatlar yaratilishini rag'batlantirish strategiyasi xususida ham so'z yuritildi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalqaro ekspertlar, mamlakatimiz vazirliklari va davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining O'zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi,  BMTTDning Toshkentdagi ofisi vakillari hamda Shvetsiya Qirolligining O'zbekistondagi Elchisi ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech