PARLAMENT FORUMI: Nogironlar huquqlari himoyasini kuchaytirish va qiynoqlarga qarshi kurashish istiqbollari

2-3 iyun kunlari Toshkentda “Inson huquqlarini himoya qilish va targ'ib qilishda parlamentning roli: nogironlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va qiynoqlarga qarshi kurashish” mavzuida Parlament Forumi o'tkazildi.

Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha parlament komissiyasi, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi, BMTning O'zbekistondagi Taraqqiyot dasturi va Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ikki kunlik Forumda uchta muhim mavzu muhokama qilindi. Bular – birinchidan, BMTning inson huquqlari sohasi bo'yicha tizimi faoliyatida parlamentning ishtiroki; ikkinchidan, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilishning ahamiyati; uchinchidan, Qiynoqlarga qarshi konventsiyaga Qo'shimcha protokolni ratifikatsiya qilish orqali qiynoqlarni bartaraf etish masalalaridir.

Tadbir davomida xalqaro va milliy ekspertlar BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi va BMT shartnomaviy organlari bilan hamkorlik, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning bajarilishi hamda milliy preventiv mexanizm salohiyatini kuchaytirish bo'yicha ilg'or tajribalar xususida so'z yuritdi.

Forumda asosiy e'tibor Inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha parlament komissiyasining BMTning inson huquqlari bo'yicha asosiy mexanizmlari bilan o'zaro hamkorlik qilish va inson huquqlari sohasidagi tavsiyalarni bajarish borasidagi salohiyatini mustahkamlashga qaratildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta'kidlaganidek, mamlakat parlamenti tarkibidagi mazkur yangi Komissiya Parlamentlararo Ittifoqning 2020 yil 25 sentyabrdagi tavsiyalari doirasida tashkil etilgan. Parlament komissiyasi mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi amalga oshirilishiga ko'maklashmoqda.

Inson huquqlari sohasida alohida vakolatga ega bo'lgan yangi Parlament komissiyasining tashkil etilishi – O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga sodiqligini tasdiqlaydigan dadil siyosiy qadamdir. Bu amaliy qadam:

birinchidan, mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish va bu borada parlament nazorati samaradorligini oshirish;

ikkinchidan, inson huquqlari sohasidagi milliy siyosatning parlament tomonidan muvofiqlashtirilishini takomillashtirish, parlament Ombudsmani, inson huquqlari bo'yicha milliy muassasalar va fuqarolik jamiyatining inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo'yicha vakillari bilan o'zaro hamkorlik va maslahatlashuvlarni kuchaytirish;

uchinchidan, parlamentning inson huquqlari sohasida xalqaro va parlamentlararo hamkorligini faollashtirish, xususan, BMTning shartnomaviy organlari, Parlamentlararo Ittifoqning inson huquqlari bo'yicha tuzilmalari faoliyatida ishtirok etish borasida muhim o'rin tutadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar keng jamoatchilik va jahon hamjamiyati tomonidan to'liq qo'llab-quvvatlanmoqda, dedi A.Saidov. Bunday ijobiy holat, bir tomondan, O'zbekiston davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yo'lidan dadil borayotgani, boshqa tomondan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi o'rni va nufuzi tobora oshayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.

Yaqinda, 29 may kuni Oliy Majlis Senati majlisida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan "Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani (N`yu-York, 2006 yil 13 dekabr) ratifikatsiya qilish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Mazkur Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi O'zbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha qo'shimcha kafolatlar yaratish, qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash borasida davlat organlarining mas'uliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Markaz direktori qiynoqlar qo'llanilishiga qarshi kurashish masalasiga ham to'xtalar ekan, O'zbekistonda xalqaro majburiyatlarni, shuningdek BMT ustav va shartnoma organlari tavsiyalarini bajarish doirasida qiynoqlarga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishga ustuvor e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.

Qiynoqlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida Yevropa ekspertlari ishtirokida jinoyat qonunchiligida "qiynoqlar" tushunchasini yanada takomillashtirish, qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy profilaktika mexanizmini yaratish yuzasidan maslahatlashuvlar o'tkazildi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, O'zbekiston parlamenti inson huquqlarini, shu jumladan qiynoqlardan ozod bo'lish huquqini ta'minlash masalasini faol qo'llab-quvvatlamoqda.

Forumda BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Rishard Komenda ishtirok etdi va so'zga chiqdi.

“Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi bilan hamkorlikni izchil kengaytirayotganini hamda Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya va Qiynoqlarga qarshi konventsiyaga Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilish va amalga oshirish yo'lida dadil ish olib borayotganini ko'rib turibmiz, – dedi R.Komenda.  – Biz parlamentning inson huquqlari sohasidagi roli mustahkamlanishini qo'llab-quvvatlaymiz va bu jarayonga fuqarolik jamiyatini yanada keng jalb etishga chaqiramiz”.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech