1 oktyabr` – O'qituvchi va murabbiylar kuni

"O'zbekistonda eng obro'li inson muallim bo'lishi kerak"

(Prezident Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston o'qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigidan iqtiboslar)

«Ushbu qutlug' ayyomda barchamiz bizga ilm o'rgatgan, hayot sabog'ini bergan jonkuyar, fidoyi o'qituvchi va domlalarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan ta'zim qilamiz».

*

«Haqiqatan ham, o'zining ko'z nuri, qalb qo'ri, butun borlig'ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o'qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir».

*

«…dunyo miqyosida raqobat yanada kuchayib boradigan, o'ta murakkab bir davrda yashaydigan bolalarimizni kelajakka tayyorlab, sog'lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish ta'lim-tarbiya sohasi, o'qituvchi mehnatining tub mohiyatini tashkil etadi. Ana shu o'tkir haqiqatni hisobga olib, biz ta'lim-tarbiya sohasidagi islohotlarni davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo'nalishi darajasiga ko'tardik».

*

«Bugungi kunda sizlarning, butun el-yurtimizning qizg'in qo'llab-quvvatlashi bilan maktab ta'limini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanib bormoqda. Buyuk allomalarimiz, atoqli shoir va adiblarimiz nomi bilan ataladigan ijod va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar, “Temurbeklar maktablari”, Prezident maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi zamonaviy va innovatsion ta'lim maskanlari ayni shu maqsadga xizmat qiladi».

*

«Albatta, yoshlarimizning bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, o'quv binolarini qurish, ularni zamonaviy jihozlash mumkin. Lekin farzandlarimizga yuksak mezonlar asosida ta'lim-tarbiya beradigan, yangicha, innovatsion fikrlaydigan muallim va o'qituvchilarni tayyorlash – bu eng og'ir vazifa bo'lib, juda katta mehnat va mas'uliyatni talab etadi».

*

«Shu ma'noda, bugungi kun o'qituvchisi universal mutaxassis, ham o'rgatuvchi, ham o'rganuvchi bo'lishi, ya'ni, o'z ustida tinimsiz ishlashi, doimo izlanib yashashi kerak».

*

«Eng muhimi, o'qituvchi chinakam vatanparvar inson bo'lishi zarur. Qalbida o'z kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli bo'lgan o'qituvchigina haqiqiy vatanparvar shaxsni tarbiyalay oladi».

*

«Bizning barcha sa'y-harakatlarimiz "O'zbekistonda eng obro'li inson muallim bo'lishi kerak" degan g'oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag', resurs va imkoniyatlar zarur bo'lsa, barchasini safarbar etamiz».

*

«Maktablarda xorijiy tillarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o'rgatishni takomillashtirish, oliy va o'rta maxsus ta'lim sohasida boshqaruvni isloh qilish, yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishimiz lozim».

*

«Professional ta'lim sohasida bugungi mehnat bozori va xalqaro standartlarga to'la mos keladigan butunlay yangi tizimga o'tishni jadallashtirishimiz kerak».

*

«Ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, o'qitish sifati va pedagog xodimlarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan “Zamonaviy maktab” davlat dasturini amalga oshirish doimiy e'tiborimiz markazida bo'ladi».

*

«Barchamizga ayonki, bugungi kunda yon-atrofimizda yoshlarning qalbi va ongini zaharlab, ularni to'g'ri yo'ldan og'dirishga qaratilgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda. Bunday mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g'oya asosida barchamiz birgalikda kurashmog'imiz, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlashimiz zarur».

*

«Ayniqsa, bu vazifa barcha bo'g'indagi rahbarlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ijodkor ziyolilarimiz, diniy ulamolar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, butun jamiyatimiz uchun vijdon ishiga aylanishi kerak».

*

«Bugun ta'lim-tarbiya sohasida, hurmatli o'qituvchi va murabbiylarimiz, farzandlarimiz hayotida yangi davr boshlanmoqda. Bu davrni yanada chuqur ma'no-mazmun bilan to'ldirib, milliy yuksalishga erishish faqat va faqat o'zimizga, shu yo'lda hamjihatlik bilan qattiq mehnat qilishimizga bog'liq».

*

«Biz xalqimizning eng katta boyligini – millionlab farzandlarimiz, jondan aziz o'g'il-qizlarimizning taqdirini, O'zbekiston istiqbolini sizlarga ishonib topshirganmiz. Va bu vazifani mas'uliyat bilan ado etib kelayotgan sizlar kabi fidoyi insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi».

 

Powered by GSpeech