“Odam savdosiga qarshi kurashish maqsadida milliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”

  Joriy yilning  25-26 noyabr kunlari “Odam savdosiga qarshi kurashish maqsadida milliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” mavzusi bilan ish boshlagan Xalqaro konferensiya Buxoro shahrida bo‘lib o‘tdi.

Milliy va xalqaro miqyosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining hamkorliginii kuchaytirish orqali odam savdosiga qarshi kurashish ,  jinoyatni fosh etish va barham berish tadbirning asosiy maqsadi etib belgilandi.

   ​​O‘zaro hamkorlik qilish maqsadida odam savdosiga qarshi kurashish uchun barcha manfaatdor tuzilmalar hamkorligining xalqaro va milliy tajribasidan foydalangan holda kuchlarni birlashtirib samarali chora-tadbirlar tizimini yaratishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.  Mazkur tadbir RIAM “ISTIQBOLLI AVLOD” tomonidan BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining markaziy osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (UNODC) bilan hamkorlikda AQSh davlat departamentining huquq-tartibotni himoya qilish va xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha byurosi (INL) ko‘magida tashkil etildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hodimlari  ham ushbu konferensiyada ishtirok etdi.

   Yurtimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Vali Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tkazilayotgan  "Odam savdosiga qarshi kurashish maqsadida milliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" mavzusidagi xalqaro konfrensiyada ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
 Konferensiya davomida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etishda ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan va yanada samarali kurashishga yordam beradigan innovatsion yondashuvlar, muvaffaqiyatli amaliyotlar va tajribalar namoyish etildi.

   O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha izchil choralarni ko‘rmoqda.

2019 yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi.  

Shuningdek, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, 2020 yilda yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi va qabul qilindi. Qonunga muvofiq, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish, aniqlash  ularga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularni himoya qilish, ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Qonunda odam savdosi qurbonlarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tartibi ham belgilangan.

  Ushbu sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida AQSh Davlat departamentining yaqinda e’lon qilingan Odam savdosiga qarshi kurashishning dunyo bo‘yicha holati tahliliga doir ma’ruzasida O‘zbekiston bu borada 2021 yilda ikkinchi toifaga (Tier 2) o‘tkazilgani ta’kidlanganki, bu o‘zgarish mamlakatimizning ayni yo‘nalishda izchil natijaga erishganini ko‘rsatadi. Ilgari, 2018-2020 yillar davomida O‘zbekiston alohida nazorat olib boriladigan mamlakatlar tarkibida bo‘lib kelgan.

  Xulosa sifatida shuni aytish lozimki, bugungi kunda odam savdosiga qarshi kurashish va bunday noxush voqealarni oldini olish global ahamiyat kasb etmoqda. Barcha davlatlarning o‘zaro hamkorligiga ehtiyoj tug‘dirib, bu borada davlatlararo va xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro mustahkam hamkorlik o‘rnatish hamda kuchlarni birlashtirish lozimligini taqazo etmoqda. Bu borada odam savdosiga qarshi kurashning xalqaro va milliy qonunchilik normalarida qonuniy tartibga solinishi shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishning samarali vositasi hisoblanadi.


Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech