O‘z nomi bilan himoyachi bo‘lgan advokatdan himoya uchun ortiqcha hujjat talab qilish qanchalik to‘g‘ri?

Sudda advokat ishtirok etishi uchun barcha hollarda advokatlik guvohnomasi va advokatlar tuzilmasi tomonidan berilgan orderdan tashqari ishonchnoma ham taqdim etilishini talab qilish holatlari mavjud. Bu qanchalik to‘g‘ri? Axir, advokat o‘z nomi bilan himoyachi. Unda guvohnoma va order bo‘lishining o‘zi kifoya qilmaydimi?

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudi sudyasi Alisher Bahromov shu kabi savollarga javob berdi:

– Advokatlar yuridik yordam so‘rab murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonunda nazarda tutilgan vositalar hamda usullardan foydalangan holda himoya qilishi kerak.

Ma’lumki, advokatlar litsenziya va guvohnoma asosida faoliyat yuritadi. Ya’ni, talabgor belgilangan tartibda litsenziya hamda guvohnoma olgan paytdan e’tiboran advokat maqomini oladi va Advokatlar palatasining a’zosi bo‘ladi.

Fuqarolik protsessual kodeksining 65-moddasida fuqarolar o‘z ishlarini sudda shaxsan yoki o‘z vakillari orqali yuritishi mumkinligi nazarda tutilgan. Vakillikning o‘zi ham ikki turga bo‘linadi: qonuniy vakillik va shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakillik.

Kodeksning 67-moddasida advokatlar shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakil bo‘lishi mumkinligi belgilangan hamda ishonch bildiruvchi o‘z huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha sudda ish yuritishni shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakillikka binoan vakilga topshirishi mustahkamlangan.

Kodeksning 68-moddasiga muvofiq, vakilning vakolatlari qonunga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomada ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Fuqarolar tomonidan beriladigan ishonchnomalar notariuslar yoki notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlanadi.

Afsuski, aksariyat hollarda fuqarolar va tashkilotlar tomonidan ham ushbu normani noto‘g‘ri qo‘llash va noto‘g‘ri talqin qilish hollari kuzatilmoqda.

Oliy sudi plenumining “Vakillikka doir fuqarolik protsessual qonunchiligi normalarining sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarorining 13-bandida yuqoridagi vaziyatga tushuntirish berilgan.

Unga ko‘ra, shartnoma bo‘yicha (ixtiyoriy) vakillar ishga kirishishi uchun huquq beruvchi hujjatlar bo‘lib, Fuqarolik protsessual kodeksining 68-moddasiga muvofiq berilgan va rasmiylashtirilgan ishonchnomalar hisoblanadi, advokatlar va yuridik shaxs rahbari bundan mustasno.

Advokat ishga kirishishi uchun advokatlik guvohnomasi va advokatlar tuzilmasi tomonidan berilgan order taqdim etilishi kifoya bo‘lib, u advokatga yuridik yordam so‘rab murojaat etgan shaxs manfaatlarini sudda himoya qilish huquqini beradi. (Fuqarolik protsessual kodeksining 69-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari).

Plenum qarorining 14-bandiga binoan ishga kirishish uchun huquq beruvchi hujjatlar shartnoma bo‘yicha vakillarga protsess ishtirokchisining faqat Fuqarolik protsessual kodeksining 40-moddasining birinchi qismida belgilangan umumiy huquqlarini beradi. Bunga ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish, nusxalar ko‘chirish, raddiya berish to‘g‘risida arz qilish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga va odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashayotgan shaxslarga savollar berish, arizalar berish, iltimosnomalar taqdim etish, sudga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ishni sudda ko‘rish davomida tug‘iladigan hamma masalalar bo‘yicha o‘zlarining vajlarini bayon qilish, boshqa shaxslarning arzlari, iltimosnomalari, vajlariga qarshi e’tiroz bildirish kabilar kiradi.

Plenum qarorining 15-bandida esa, ayrim protsessual harakatlarni sodir etish uchun qonun maxsus vakolatlar mavjud bo‘lishini talab etib, shartnoma bo‘yicha vakil, shu jumladan, advokat bu harakatlarni faqat ulardan har biri qonunga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnomada qayd etilgan holdagina sodir etishga haqli ekanligi mustahkamlangan.

Demak, yuqoridagi me’yorlarga tayanib shuni aytish mumkinki, advokatlar sudda u bilan shartnoma tuzgan shaxsning huquqlarini hech qanday ishonchnoma taqdim qilmagan holda himoya qilishga kirishishi mumkin.

Bunda, advokat Fuqarolik protsessual kodeksining 40-moddasida sanab o‘tilgan asosiy va fundamental huquqlaridan foydalanib himoyasi ostidagi shaxsning huquqlarini himoya qiladi.

Faqatgina Fuqarolik protsessual kodeksining 69-moddasida sanab o‘tilgan qo‘shimcha huquqlarni ham ishonch bildiruvchi shaxs advokatga berishga rozi bo‘lsa, ular o‘rtasida ishonchnoma tuzilishi mumkin. Bunday holatda advokat sudda qatnashishi uchun litsenziya, advokatlik guvohnomasi va orderdan tashqari ishonchnomani ham sudga taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, advokatlar faoliyatini rivojlantirish, fuqarolar huquqlarini ishonchli va samarali himoya qilishga harakat qiluvchi yetuk yuristlarni tayyorlash huquqiy davlatning muhim shartlaridan biridir.

Shu maqsad yo‘lida advokatura institutini rivojlantirishga e’tibor qaratilayotgani fuqarolarning huquq va erkinliklari asossiz cheklanishini bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Faqat ularning faoliyatiga asossiz ravishda chek qo‘yilmasligi yoki ortiqcha hujjat talab qilinmasligi kerak.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech