«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ramzi o‘zida qanday ma’nolarni mujassamlagan?

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ramzi ishlab chiqildi. Ramzning asosini «Yangi O‘zbekiston» va «Uchinchi Renessans» timsoli sifatida «Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi Mustaqillik monumenti obrazi tashkil etadi.

Ramzda aks ettirilgan Mustaqillik monumenti mamlakatimiz tarixi, bugungi kuni va kelajakning o‘zaro uyg‘unligi ifodasi sifatida talqin etiladi. Uning yuksaklikka bo‘ylashishi negizida xalqimizning birligi va birdamligi, O‘zbekistonning dunyo davlatlari bilan hamjihatligi, tinchliksevar siyosati mujassamlashgan.

Shuningdek, yuqoriga intilgan chiziqlar dinamikasida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi va unda belgilangan 100 ta maqsadni to‘liq hamda muvaffaqiyatli amalga oshirish g‘oyasi mavjud.

Logotipning yuqori qismida baxt-saodat, hurriyat va tinchlik timsoli hisoblangan Humo qushi tasvirlangan. U qadim uch ming yildan ziyod davlatchilik tajribasiga ega, navqiron, orzu-maqsadlari ulkan, qonida erksevarlik tuyg‘ulari jo‘sh urayotgan, mehnatsevar va olijanob xalqiga tayanadigan davlat timsoli sifatida gavdalangan.

Humo qushga tutash ustunlar esa inson huquq va erkinliklari, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar, ta’lim-tarbiya, davlat va jamiyat muvozanatining ifodasi sifatida tasvirlangan. Shuningdek, mazkur element davlatning hokimiyatni amalga oshirishi, shu bilan birga, jamiyat manfaatlari, erkinliklari, talablari o‘rtasidagi muvofiqlik va uyg‘unlikni anglatadi.  

Mustahkam oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida doimo davlat muhofazasidadir. Strategiya ramzida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida qoida sifatida belgilangan «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» tamoyilining majoziy nishonasi sifatida uchburchak shakl elementidan foydalanilgan.  

U faol islohotlar davrida aholining barcha qatlamlarini muhofazalash, teng imkoniyatlar yaratish, ayniqsa, oilalar, bolalar va ayollar, qariyalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishsizlikdan himoya qilish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam hamisha davlat oldidagi ustuvor vazifa ekanligining tamal toshidir.  

Mustaqillik monumentining ichki qismida aks ettirilgan jamiyat – O‘zbekistonning xalqi obrazi hisoblanadi. Unda yuksak insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan, ulug‘ maqsad yo‘lida birlashgan, tinchliksevar, mehnatkash, bag‘rikeng va dono xalqimiz gavdalanadi, deyiladi «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ma’lumotida.

Shuningdek, mazkur obraz mamlakatda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson qadri, uning farovon turmush kechirishiga qaratilayotganini aks ettirib, davlatning bebaho boyligi xalq ekanligini anglatadi.  

Umuman olganda, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ramzi xalqimizning tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sadoqatli ekanligini namoyon qiladi.  

 

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘zA

Powered by GSpeech