O'zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 fevral kuni Jeneva shahrida o'z ishini boshlagan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmentida so'zlagan nutqida, jumladan, alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilishi haqida so'z yuritdi. Davlatimiz rahbari O'zbekiston Parlamenti BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilishi kutilayotganini alohida ta'kidladi.

BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi BMT Bosh Asambleyasi tomonidan 2006 yil 3 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. Bugungi kunda BMTga a'zo 193 davlatning 180 tasi, jumladan MDH makonidagi Armaniston, Belarus`, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova, Rossiya, Ukraina, Qirg'iziston va Qozog'iston kabi mamlakatlar ushbu xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilgan.

O'zbekiston 2009 yil 27 fevralda Konventsiyani imzolagan. Bu xalqaro hujjat qoidalari mamlakatimizda majburiy kuchga kirishi uchun uni ratifikatsiya qilish taqozo etiladi. 

Keyingi davrda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan bu borada izchil ishlar amalga oshirildi. Xususan, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik bo'yicha chora-tadbirlar majmui ishlab chiqildi va unda belgilangan vazifalar hozirgi kunda to'la bajarilgan. 

Xususan, 2020 yil 4 dekabr` kuni poytaxtimizda O'zbekiston Respublikasi tomonidan BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining ratifikatsiya qilinishi masalasi bo'yicha jamoatchilik eshituvi o'tkazilgani ana shunday chora-tadbirlardan biridir. Mazkur tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Nogironlar uyushmasi, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi va YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Jamoatchilik eshituvidan maqsad – nogironligi bo'lgan shaxslarning BMT Konventsiyasida mustahkamlab qo'yilgan huquqlaridan keng jamoatchilik xabardorligini oshirishdan iborat. Shu bilan birga, O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va barqaror rivojlanishni rag'batlantirish borasida ushbu xalqaro hujjatning ahamiyatiga e'tibor qaratildi.

1992 yildan buyon har yili 3 dekabrda butun dunyoda nishonlanadigan muhim sana – Xalqaro nogironlar kuniga bag'ishlangan ushbu tadbirda nogironligi bo'lgan shaxslar inklyuziv, adolatli va barqaror rivojlanish ne'matlaridan to'la bahra olishi uchun ularning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish mavzusi atroflicha muhokama qilindi.

Jamoatchilik eshituvi doirasida BMT Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mitasi a'zosi professor Markus Shefer bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Professor M.Shefer ushbu tadbirga taklif etilgani uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida ham nogironlar huquqlariga doir masalalar, jumladan, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya qoidalarini o'qitishni tashkil etish bo'yicha hamkorlikka tayyor ekanini qayd etdi.

Ma'lumki, sayyoramiz aholisining salkam 15 foizini nogironligi bo'lgan shaxslar tashkil etadi. Rasmiy manbalarga ko'ra, O'zbekistonda 780 ming nafardan ortiq nogironligi bo'lgan kishilar yashaydi.

Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslar, yoshlar, ayollar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi hisoblanadi. Keyingi yillarda bu borada Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi, Nogironligi bo'lgan insonlarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etilganini qayd etish lozim.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Konstitutsiyamizning IX bobi fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini kafolatlaydi. Asosiy Qonunimizning 14-moddasiga binoan, davlat o'z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko'zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik printsiplari asosida amalga oshiradi. Fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish davlat faoliyatining asosiy mezonlaridandir.

Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida imkoniyati cheklangan shaxslarga O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan printsiplari va normalari, shuningdek O'zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlar ta'minlanmoqda.

Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo'lishi, shu jumladan, nogironligi borligidan qat'i nazar, insonni kamsitmaslik printsipi yotadi.

O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida nogironlarning ijtimoiy himoyasi va tengligini kafolatlaydigan bir qator qonunlar qabul qilindi. Xususan, 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonun nogironlarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonunchilik hujjati hisoblanadi.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi:

birinchidan, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etishga;

ikkinchidan,  Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaning asosiy qoidalarini milliy qonunchilikka uyg'unlashtirishga;

uchinchidan, Barqaror rivojlanish maqsadlarining "hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik" tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.

Ma'lumki, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyada nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini himoya qilish, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini va bu huquqlardan boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlash tamoyillari belgilab qo'yilgan.

Konventsiyada nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olish, salomatlikni saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, siyosiy, ijtimoiy, madaniy hayotda, dam olish va sport bilan shug'ullanishda ishtirok etish, o'zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo'lish, ijtimoiy yordam huquqlari e'tirof etilgan, shu bilan birga, ularni amalga oshirishning huquqiy kafolatlari mustahkamlangan.

Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyadagi asosiy qoida va me'yorlar “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonunda o'z aksini topgan. Yangi Qonun orqali nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini amalga oshirish bo'yicha mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda.

Yana bir muhim jihat: BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasida Brayl alifbosiga universal tizim sifatida alohida e'tibor qaratilgan. Binobarin, bu maxsus yozuv tizimi ko'zi ojiz va ko'rish bilan bog'liq muammolari bo'lgan shaxslar uchun ta'lim olish, so'z va fikrni ifoda etish erkinligidan foydalanish, axborot olish huquqini amalga oshirish, shuningdek jamiyatga integratsiyalashish sohalarida nihoyatda muhim rol o'ynaydi.

Bugungi kunda dunyoda 2 milliard 200 million nafar atrofidagi insonlar ko'rish, ya'ni ko'z ojizligi bilan bog'liq muammolarga ega. Bunday shaxslar uchun Brayl alifbosidagi axborotlar kundalik hayotda "dunyoga daricha" ochsa, pandemiya sharoitida ularning sog'ligi, hattoki hayotini saqlash vositasi ham hisoblanadi.

Shu o'rinda mamlakatimizda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiya doirasida:

- O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;

- “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni;

shuningdek, davlat tilidagi “BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi” o'quv qo'llanmasi Brayl alifbosida nashr etilgani haqida muxtasar to'xtalish maqsadga muvofiq, deb o'ylaymiz.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda amalga oshirgan bu ezgu ish keng jamoatchilik – ham xorijiy va xalqaro  hamkorlarimiz, ham yurtdoshlarimizning e'tiboriga tushdi. Buni, avvalambor, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari ayni mavzuda e'lon qilingan ko'p sonli xabarlar yaqqol tasdiqlaydi.

Jumladan, O'zA xabarida qayd etilganidek, joriy yil 19 fevral` kuni ushbu nashrlarning taqdimotida onlayn tarzda ishtirok etgan YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining demokratlashtirish departamenti boshlig'i vazifasini bajaruvchi Megan Fitsjerald xonim O'zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.

YEXHT vakilining fikricha, mamlakatda nogironligi bo'lgan shaxslarning o'z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi davlat va jamiyat tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda. Bunday shaxslarning mamlakat taraqqiyoti yo'lida barcha bilan teng mehnat qilishi, iqtidori va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar mavjud.

Milliy markazga kelayotgan murojaatlarning ayrimlarida ham shu mavzuda so'z boradi. Xususan, Buxoro viloyati Vobkent tumanida yashaydigan Muxlis Ochilovning minnatdorchilik xatida shunday dil so'zlari aks etgan: "Biz, umr yo'ldoshim bilan o'g'limizning taklifini inobatga olib Brayl alifbosida kitob chop etganingiz uchun minnatdormiz. Bu bilan bizning hayotimizga ishonch va qat'iyat olib kirdingiz, o'g'lim ham, biz va barcha yaqinlarimiz ham bunday yaxshilikdan sevindik".

Brayl alifbosida chop etilgan yangi nashrlar nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash va amalga oshirishda juda qo'l keladi, deb ishonamiz. Nega deganda, ushbu kitoblar sahifalaridan joy olgan huquq normalari nogironligi bo'lgan shaxslar uchun mamlakat hayotining barcha jabhalarida kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa a'zolari bilan teng ravishda ishtirok etishda katta imkoniyatlar yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, ayni sohada amalga oshirilgan barcha sa'y-harakatlar mamlakatimizda BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilishga katta tayyorgarlik ko'rilganining o'ziga xos isbotidir. O'z navbatida, mazkur xalqaro-huquqiy hujjatning ratifikatsiya qilinishi uning  qoidalarini qabul qilgan davlat zimmasidagi mas'uliyatni yanada oshirishini ham unutmaslik darkor.

Shu ma'noda, yurtimizda Konventsiyaning qator normalari aks etgan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi Qonun ijrosi yuzasidan parlament va deputatlik nazoratini izchil yo'l qo'yishga e'tibor qaratilayotgani ayni muddaodir.

G'ulom Mirzo,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist

Powered by GSpeech