2021 yil 22 noyabr kuni Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Rivojlanish huquqi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhining 22-sessiyasi o‘z ishini boshladi.
Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Rivojlanish huquqi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhi 1998 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi hamda Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashi qarorlari asosida ta’sis etilgan. Uning asosiy vazifasi – rivojlanish huquqini amalga oshirish va rag‘batlantirish sohasidagi o‘zgarishlarni monitoring qilish va sharhlab borishdan iborat.
Ishchi guruh davlatlar, BMT muassasalari va boshqa xalqaro tashkilotlar o‘zlarining faoliyati va rivojlanish huquqi o‘rtasidagi bog‘liq jihatlar to‘g‘risida taqdim etgan ma’lumotlarni tahlil qiladi. O‘z faoliyati, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Boshqarmasining tavsiyalari yuzasidan ma’ruzalar tayyorlaydi. Manfaatdor tomonlarning iltimosiga ko‘ra, rivojlanish huquqini amalga oshirish doirasida muayyan texnik ko‘mak dasturlarini taklif etadi.
Rivojlanish huquqi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhi Jenevada yiliga bir marta yig‘iladi va o‘z ma’ruzasini BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda Bosh Assambleyaga taqdim etadi. Ishchi guruh sessiyasiga har yili saylanadigan Rais-ma’ruzachi raislik qiladi.
Bu galgi sessiya ishi avvalida Elchi Zamir Akrom Rais-ma’ruzachi etib qayta saylandi. Uning ma’ruzasi Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi konvensiya loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan.
Sessiyada rivojlanish huquqini amalga oshirish va rag‘batlantirish sohasidagi o‘zgarishlar muhokama etilmoqda. Unda BMT muassasalari va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.
Sessiya arafasida O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisining o‘rinbosari lavozimga saylandi. Natijada O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi byurosi faoliyatida ishtirok etish vakolatiga ega bo‘lmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi byurosi tarkibi Inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi va uning turli geografik guruhlardan saylangan to‘rtta o‘rinbosaridan tashkil topgan. O‘zbekistonning doimiy vakili nomzodi ko‘rsatilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tizimidagi eng yirik geografik guruhlardan biri hisoblanadi.
Ushbu guruhga 56 ta davlat kiradi. E’tiborli tomoni shundaki, ularning barchasi O‘zbekiston nomzodini 2022 yil uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisining o‘rinbosari lavozimiga bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston vakilining ushbu lavozimga saylanishini mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy baholanayotganining yana bir yaqqol ifodasi sifatida e’tirof etmoqdalar. Binobarin, Harakatlar strategiyasi doirasida keyingi besh yilda el-yurtimiz hayotining barcha sohalarini rivojlantirish borasida e’tiborli natijalarga erishildi.
Xususan, 2021-2023 yillarga BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining to‘laqonli a’zoligiga saylangan O‘zbekiston bugungi kunda ushbu tashkilot doirasida faol ish olib bormoqda. Joriy yil oktyabr oyida mamlakatimiz tashabbusi bilan Kengash tomonidan Pandemiya davrida yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi birinchi rezolyusiyasi qabul qilindi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidan keyingi davrda yurtimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va saylov jarayonida o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgan bu muhim konseptual hujjatda islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi yetti yo‘nalishdan iborat etib belgilandi. Taraqqiyot strategiyasi doirasida ana shu yo‘nalishlarning har biri bo‘yicha amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
Ayni paytda O‘zbekiston inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ta’minlashda amalga oshirilgan ishlardan ko‘ra, oldinda turgan vazifalar ko‘p ekanidan aslo ko‘z yumayotgani yo‘q. Aksincha, Prezident Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “bu oliy qadriyatni tom ma’noda qaror toptirish – biron-bir manzilga yetib borib to‘xtash, degani emas. Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanini barchamiz chuqur anglaymiz”.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, xalqaro moliyaviy institutlar va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi, amaliy ma’no-mazmun bilan boyitish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangani bejiz emas.
Zero, ushbu istiqbolli strategiya muallifi hisoblanuvchi O‘zbekiston Prezidentining so‘zlari bilan aytganda, “Biz – dunyoga, dunyo – bizga ochiq bo‘lishi kerak. Bugungi hayot, bugungi taraqqiyotning talabi ham aslida shu”.
Jenevada o‘z ishini davom ettirayotgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Rivojlanish huquqi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhi sessiyasida ham shu fikrlarga yaqin va hamohang bayonotlar yangramoqda. Xalqaro siyosatchilarning fikricha, hozirgi pandemiya inqirozi sharoitida inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, insonning rivojlanishga bo‘lgan huquqini har tomonlama ta’minlash uchun jahon hamjamiyati yanada yaqin hamkorlikda va o‘zaro hamjihatlikda ish olib borishi lozim.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.11.2021
- Ko'rishlar: 3209
- Chop etish