Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 22 fevral kuni Jeneva shahrida o'z ishini boshlagan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmenti ishida ishtirok etdi va so'zga chiqdi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yillik tarixi inson huquqlari universal qadriyat ekanini yaqqol isbotladi. Bu ustuvor tamoyilsiz yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo'lmaydi".
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Prezidentimizning nutqida ko'tarilgan yangi g'oya va tashabbuslarning mohiyati hamda ahamiyati haqida suhbatlashdik.
– Ma'lumki, O'zbekiston ilk bor BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining a'zosi sifatida 2021 yil 1 yanvardan o'z vazifalarini bajarishga kirishdi, – dedi A.Saidov. – An'anaga ko'ra, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida 22-24 fevral` kunlari Jeneva shahrida bo'lib o'tayotgan Yuqori darajadagi segment ishida O'zbekiston Rrespublikasi Prezidenti ushbu Kengashga a'zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
Yuqori darajadagi segment Inson huquqlari bo'yicha kengashning yil davomidagi eng asosiy siyosiy tadbiri hisoblanadi. Mazkur Segment BMTga a'zo mamlakatlarning inson huquqlari va erkinliklarini rag'batlantirish hamda himoya qilish masalalari bo'yicha umumiy va o'zaro mutanosib yondashuvlarini ishlab chiqish va kelishib olish mexanizmi sifatida tuzilgan.
Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan Kengashning navbatdagi yig'ilishi videoanjuman shaklida o'tkazildi. Yig'ilish kun tartibidan inson huquqlariga rioya etilishi va ularni himoya qilish, shu jumladan fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta'minlash bilan bog'liq eng dolzarb masalalar o'rin oldi.
Tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar Mishel` Bachelet, qariyb 150 mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar namoyandalari, bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
O'zbekiston Prezidenti o'z chiqishida mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlari haqida atroflicha to'xtaldi.
– Davlatimiz rahbarining nutqida yangragan "Hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik" tamoyilining mazmun-mohiyati nimada?
– Keyingi yillarda O'zbekiston inson huquqlarini himoya qilish sohasida bir qancha muhim natijalarga erishdi. Xususan, 2020 yil 13 oktyabr` kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo'lib o'tgan saylovlarda O'zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga 2021-2023 yillarga saylandi.
Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, "insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash O'zbekistondagi islohotlarda eng muhim o'rinda turadi". Shu ma'noda, BMTning 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda "Hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik" tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bunga BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan qamrovdor ishlar samaralari yaqqol misol bo'la oladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan Milliy strategiya mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo'shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko'rsatilgan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashi 2020 yil 25 sentyabrda qabul qilgan qo'shma qarori bilan Inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo'yicha Parlament komissiyasi tuzildi va uning tarkibi hamda Reglamenti tasdiqlandi. Parlament komissiyasining asosiy maqsadi – inson huquqlari sohasida mamlakatimizning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishiga hamda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirishga ko'maklashishdan iborat.
Sohadagi yana bir muhim natija: Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi Farmoniga ko'ra, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etildi. E'tibor bering: har 5 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e'lon qilingan kun – 10 dekabrda BMTning Inson huquqlari bo'yicha mukofotini topshirish marosimi bo'lib o'tadi. Ushbu mukofot 1966 yilda inson huquqlarini himoya qilishga ulkan hissa qo'shgan insonlarni taqdirlash uchun tashkil etilgan.
Endilikda O'zbekiston ham inson huquqlari bo'yicha o'z mukofotini ta'sis etdi. 2020 yildan boshlab har yili 10 dekabr` – Xalqaro inson huquqlari kunida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni sovrindorlari tantanali ravishda taqdirlab borilmoqda.
Bularning barchasi, shubhasiz, inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi tufayli ushbu sohada davlat siyosati samarali amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Bu, o'z navbatida, jamiyatimizda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro'si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
– Davlatimiz rahbari gender siyosatini qat'iy davom ettirish haqida to'xtaldi. Bu fikrlarning zamirida nimalar mujassamini topgan?
– Mamlakatimizda faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash bo'yicha jadal ish olib borilmoqda. Yurtboshimiz BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o'rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko'paydi".
Haqiqatan ham, Oliy Majlisga bo'lib o'tgan oxirgi saylovlar natijasida birinchi marotaba O'zbekiston parlamentida ayollar soni bo'yicha BMT tavsiyalari (kamida 30 foiz) to'liq bajarildi. Qonunchilik palatasiga 32 foiz, ya'ni 48 nafar ayol-deputatlar saylangani, o'z navbatida, dunyodagi 190 parlament ichida O'zbekiston parlamentining 37-o'ringa ko'tarilishini ta'minladi.
Keyingi 4 yilda mamlakatimizda 2 ta muhim qonun – “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi. 2020 yilning o'zida O'zbekistonda xotin-qizlarning hukumat va jamiyatdagi rolini oshirishga, ularning bandligini ta'minlashga, ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga va muhtoj ayollarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan 15 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
O'tgan yildan boshlab davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, oliy ta'lim muassasalariga 4 foizli davlat grantlari ajratildi. Mazkur yangi tizim asosida 2020 yilda 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar o'qishga qabul qilindi. Barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo'yicha maslahat kengashlari faoliyati tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi hamda Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi faol ishlamoqda. Yanada muhimi, Prezidentimiz parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida Senat Raisi rahbarligida Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish vazifasini kun tartibiga qo'ydi.
Birgina shu dalil va raqamlarning o'zi ham yurtimiz ayollarining jamiyatda haqiqiy o'rnini egallab borayotganidan dalolat berib turibdi. Binobarin, xotin-qizlar va yoshlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta'minlash O'zbekiston Prezidenti olib borayotgan adolatli siyosatning ustuvor yo'nalishlaridandir.
O'zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi chiqishida mamlakatimizda gender siyosati qat'iy davom ettirilishini ta'kidlagani bejiz emas. Bu yil yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish, shuningdek xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o'tkazish rejalashtirilgani ham shundan dalolat beradi.
– O'zbekiston Prezidentining alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilishi haqidagi fikrlarini kengroq sharhlab bersangiz?
– Mamlakatimizda 2020 yil 15 oktyabrda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. 2021 yil 17 yanvardan kuchga kirgan ushbu Qonun 2008 yilda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida»gi qonunning o'rnini bosadi.
Bugungi kunda Oliy Majlis palatalarida BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ratifikatsiya qilish bilan bog'liq ishlar izchil olib borilmoqda. Ayni paytda esa Konventsiyaning xalqaro standartlari va talablarini, shuningdek “nogiron” so'zi o'rniga “nogironligi bo'lgan shaxs” atamasidan foydalanishni nazarda tutuvchi mazkur Qonun mamlakatimizning yuqoridagi toifaga mansub vakillari huquq va manfaatlarini ifodalashga xizmat qiladi.
Yangi Qonun nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Hozirgi kunda O'zbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi bo'lgan shaxslar, shu jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo'lgan bolalar istiqomat qilishi e'tiborga olinsa, mazkur Qonunning dolzarbligi va ahamiyati yaqqol namoyon bo'ladi.
Davlat nogironligi bo'lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi, sodda qilib aytganda, alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida aytilganidek, O'zbekistonda nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos «ijtimoiy modeli»ga bosqichma-bosqich o'tiladi.
Muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash bo'yicha yangi tizim joriy etiladi. Bu imkoniyatdan qariyb 50 ming kishi foydalanishi mumkin bo'ladi.
Prezidentimizning bu boradagi yangi tashabbusi – imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifi ham shu kabi ezgu maqsadlarga qaratilgan.
– Yurtboshimiz BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi minbaridan yoshlar huquqlarini himoya qilishga doir qanday yangi tashabbuslarni ilgari surdi?
– Yoshlar masalasi, chindan ham, yangi O'zbekiston taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Oxirgi parlament saylovida Qonunchilik palatasiga 30 yoshgacha bo'lgan 9 nafar deputat saylangani ham buning yorqin tasdig'idir. Bugun parlamentimiz quyi palatasi tarkibining 6 fozini yoshlar tashkil etmoqda, jahon miqyosida esa bu ko'rsatkich atigi 2 foizdir.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasi minbaridan turib yana bir bor barcha-barchani BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini qabul qilish bo'yicha O'zbekiston tashabbusini qo'llab-quvvatlashga chaqirgani bejiz emas. Konventsiya loyihasi butun dunyo jamoatchiligi tomonidan alohida e'tirof etilyapti. Jumladan, o'tgan yili o'tkazilgan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumida bu konventsiya loyihasi bo'yicha ijobiy fikrlar bildirildi.
O'zbekiston nafaqat ushbu konventsiya loyihasini tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi, balki yoshlar masalasini bugun davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi darajasiga ko'tardi. Mamlakatimizda Yoshlar ishlari bo'yicha agentlik tashkil etildi, fondlar tuzildi, navqiron yigit-qizlarning bandligini ta'minlash bo'yicha doimiy chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Yurtimizda keyingi davrda tuzilgan yoshlar tashkilotlari haqida so'z borgan ekan, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari – Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etilganini ham qayd etish o'rinlidir. Prezidentimiz 2020 yil 29 mayda imzolangan "Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmon bilan Bola huquqlari bo'yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo'nalishlari belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari Jenevadagi nutqida O'zbekistonda joriy yilning "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e'lon qilinganini ma'lum qilar ekan:
birinchidan, BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish;
ikkinchidan, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;
uchinchidan, BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi institutini ta'sis etish tashabbuslarini ilgari surdi.
Agar hozirgi kunda dunyoda insoniyat tarixida kuzatilmagan darajada ko'p – 2 milliarddan ziyod yoshlar mavjudligi hisobga olinsa, O'zbekiston Prezidentining bu g'oyalari nihoyatda dolzarb va foydali ekanini yaqqol anglash mumkin.
– Davlatimiz rahbari majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqida to'xtalar ekan, "bu – islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo'ldi" deb qayd etgani nimani anglatadi?
– So'nggi 15 yil ichida dunyoda odam savdosi qurbonlari orasida bolalarning ulushi uch baravarga oshgan, ayollar ushbu jinoiy harakatning asosiy nishoni bo'lib qolmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ma'lumotlariga qaraganda, hozirgi kunda dunyo bo'yicha 40 milliondan ortiq odam qullikning zamonaviy shakllariga duchor etilgan bo'lib, ularning 71 foizini ayollar va qizlar tashkil etadi.
Xalqimiz qadr-qimmati, inson manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari katta ahamiyat kasb etadi.
Shu nuqtai nazardan, Milliy strategiya ijrosi doirasida 2020 yil 17 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonun qabul qilingani diqqatga loyiqdir. Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o'tgach kuchga kiradi.
Yangi Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 aprelda qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlandi. Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo'lib, odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalashga xizmat qiladi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) e'lon qilgan O'zbekistonda 2020 yilgi paxta terimi bo'yicha monitoring natijalariga ko'ra, o'tgan yilgi paxta yig'im-terimida yurtimizda bolalar va majburiy mehnat holatlari tizimli ravishda kuzatilmagan. Shu bilan birga, ba'zi viloyatlar va tumanlarda majburiy mehnatga barham berishga doir islohotlarni joriy qilish bilan bog'liq ayrim qiyinchiliklar ko'zga tashlanmoqda.
Davlatimiz rahbari "Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili" deb e'lon qilingan joriy yilda O'zbekistonda Bolalar Ombudsmani to'g'risidagi qonun qabul qilinishiga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratgani shuni anglatadiki, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berishda qonun asosida kutilgan maqbul natijalarga erishamiz.
– O'zbekiston inson huquqlari sohasi bo'yicha ta'limni rivojlantirish yo'lida yaqin istiqbolda qanday amaliy qadamlar qo'ymoqchi?
– Prezidentimiz bu borada, birinchidan, Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda global forum o'tkazish; ikkinchidan, o'qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg'armasiga O'zbekiston o'z hissasini qo'shishi takliflarini bildirdi.
Davlat rahbarining bu haqdagi fikrlarini tinglar ekanman, Samarqand veb-forumining 2020 yil 13 avgustda bo'lib o'tgan uchinchi yalpi majlisida yoshlar uchun inson huquqlari bo'yicha ta'lim masalalari muhokama qilinganini esladim. O'shanda turli mamlakatlar ekspertlari tomonidan yoshlarga inson huquqlari bo'yicha ta'lim berish borasidagi tajriba tahlil etilib, ushbu muhim yo'nalishni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Inson huquqlari sohasidagi ta'lim nima uchun aynan yoshlarga bunchalik muhim? BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi vakili Paulina Tandiononing fikricha, "Inson huquqlari sohasidagi ta'lim yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularni rivojlantirish va jamiyat hayotiga jalb etishning kalitidir".
Yevropa Kengashining Yoshlar ishlari bo'yicha maslahat kengashi a'zosi Nika Baxsoliani ta'kidlashicha, "ta'lim – adolatsizlikka barham berish usuli bo'lsa, inson huquqlari sohasidagi ta'lim – bu sohadagi eng maqbul usuldir".
BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi maslahatchisi, "ND Consultance" direktori Nordin Drisi e'tirof etganidek, «O'zbekistonda bugungi kunda yuz berayotgan ijobiy siyosiy o'zgarishlar tufayli inson huquqlari sohasidagi ta'limni rivojlantirish va inson huquqlari sohasida ishonchli bilimlarni egallagan yangi avlod huquqshunoslarini tarbiyalash uchun mustahkam platforma yaratilishi mumkin".
Shu o'rinda o'tgan yilning noyabr` oyidan buyon Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xalqaro hamkorlar bilan birgalikda “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli mashg'ulotlarini o'tkazib kelayotgani haqida muxtasar to'xtalmoqchiman. Mazkur o'quv moduli mamlakatimiz sudlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbar xodimlari uchun mo'ljallangan.
Mashg'ulotlar O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlari ijrosi doirasida tashkil etildi. Jumladan, bu BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi hamda Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyalari taqozosidir.
O'quv kursida barcha sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlari ikki bosqichda o'qitilmoqda. Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya, Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo'mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati rahbar xodimlari – jami 2 ming 300 dan ziyod tinglovchini maxsus o'quv moduli mashg'ulotlariga jalb etish rejalashtirilgan.
– Mamlakatimizda fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha qanday qat'iy choralar ko'rilmoqda?
– 1991 yildan 2016 yil dekabrgacha 482 kishi O'zbekiston fuqaroligini olgan bo'lsa, 2016 yil dekabrdan 2020 yilgacha bo'lgan muddatda bunday shaxslar 15 ming nafarni tashkil etdi. Bundan tashqari, 1995 yil 1 yanvarga qadar O'zbekistonda yashab kelgan 50 ming nafar fuqaroligi bo'lmagan shaxs O'zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olindi.
Davlat rahbari Yuqori darajadagi segmentda so'zlagan nutqida: "bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqrolikka ega bo'ladi", deb qayd etdi. Bunday muhim qadamlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo'lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig'iga munosib javobdir.
– O'zbekiston inson huquqlari sohasida yana qanday yangi tashabbuslar bilan chiqdi?
– Biz inson huquqlarini kafolatlash, himoya qilish va rag'batlantirish borasida erishgan natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmaymiz.
Prezidentimiz xalqaro forum ishtirokchilari e'tiborini mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi kodekslar ishlab chiqilayotganiga qaratdi. Bu kodekslardan biri – O'zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirishga, ikkinchisi esa so'z erkinligini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga xizmat qilishi lozim. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, buni biz "qat'iy maqsad qilganmiz".
O'zbekiston Prezidenti BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 3 ta taklif bilan chiqdi.
birinchi taklif: Sud`yalar kengashlari faoliyatining universal printsiplarini ishlab chiqish;
ikkinchi taklif: Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning Fakul`tativ protkolini O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilish;
uchinchi taklif: mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida BMTning Qiynoqlar masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisini mamlakatimizga taklif etish.
Davlatimiz rahbari, shuningdek BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel Bacheletning yurtimizga tashrifini kutib qolishimizni qayd etdi. "Bu borada mandatga ega bo'lgan barcha vakillarning O'zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qaror qabul qilamiz", dedi Prezidentimiz.
Shunday qilib, O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga bundan keyin ham sodiq qoladi. Eng muhimi, Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, "Demokratik islohotlarimiz yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo'lib, bu o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi".
O'zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi
- Qo'shildi: 22.02.2021
- Ko'rishlar: 4741
- Chop etish