O'zbekiston tashabbusi bilan Yoshlar huquqlari bo'yicha do'stlar guruhi tuzildi

BMT Bosh kotibining Yoshlar ishlari bo'yicha elchisi Jayatma Vikramanayake O'zbekiston tashabbusi bilan tuzilgan Yoshlar huquqlari bo'yicha do'stlar guruhining taqdimotida ishtirok etdi. Ushbu xalqaro loyiha doirasida butun sayyoramiz yoshlarining huquqlarini ilgari surish va imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda dunyoda qariyb 2 milliard nafar yoshlar yashaydi va bu – insoniyat tarixidagi eng ko'p sonli avlod, deganidir. Ayrim mamlakatlarda aholining 70 foizigacha bo'lgan qismini navqiron insonlar tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, BMTning joriy inqirozga qadar e'lon qilingan ma'lumotlariga qaraganda, jahon yoshlarining har beshtasidan bittasi o'qish, kasb-hunar o'rganish va ishlash imkoniga ega emas. Yoshlarning har to'rttadan bittasi mojaroli sharoitlarda yashayotgan bo'lsa, har yili 12 million nafar qiz o'zi balog'atga yetmasdan farzand ko'rmoqda.

Pandemiya bunday qaltis vaziyatni yanada og'irlashtirib yubordi: maktab o'quvchilarining kamida uchdan bir qismi bilim olish imkoniyatidan mahrum bo'ldi, salkam yarim milliard nafar o'quvchi maktabga barmayapti, 11 million nafar qizlar esa umuman darsga qaytmasligi ehtimoli mavjud.

Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yaqinda o'z chiqishlaridan birida dunyo ahlini butun boshli bir avlod falokat yoqasida turganidan ogohlantirdi. Bunda ekstremistik guruhlarning ijtimoiy tarmoqlarda yana faollashib, o'zaro nafratni targ'ib etayotgani va yoshlarni o'z saflariga da'vat qilayotgani yanada xatarlidir.

Yoshlar huquqlari bo'yicha do'stlar guruhining asosiy vazifasi – yoshlar siyosati sohasidagi tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash va yoshlar huquqlariga doir xalqaro-huquqiy hujjat ishlab chiqish borasidagi sa'y-harakatlarni rag'batlantirishdir. Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 19 sentyabr` kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyani ishlab chiqish hamda qabul qilish g'oyasi taklif qilingan. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo'llab-quvvatlanmoqda.

Bugungi kunga qadar Yoshlar huquqlari bo'yicha do'stlar guruhi safiga Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlatlari qo'shildi.

O'zbekistonning BMTdagi Doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov qayd etganidek, ijtimoiy hayotda navqiron avlodning o'rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Shunga qaramay, afsuski, ularning kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan qarorlarni qabul qilish va shu jarayonlarda bevosita ishtirok etish darajasi ko'pincha faqat maslahatlashuvlar bilan cheklanib qolmoqda.

Vaholanki, dunyo yoshlari zo'ravonliklardan ayniqsa ko'p aziyat chekmoqda. Bugun jahon miqyosidagi jami qotilliklar qurbonlarining yarmidan ko'pini 30 yoshga to'lmagan shaxslar tashkil etmoqda, 400 million nafardan ortiq navqiron inson qurolli nizolar sharoitida yashamoqda, salkam 27 million nafar yoshlar esa xalqaro migrantlar hisoblanadi.

O'zbekistonning BMTdagi Doimiy vakili Yoshlar huquqlari bo'yicha do'stlar guruhi yoshlarga doir muloqotlarning faollashishida, yoshlar huquqlariga doir xalqaro-huquqiy hujjatning muhimligi yuzasidan amaliy bahs-munozaralar tashkil etilishida, pirovardida tegishli Konventsiya loyihasini ishlab chiqish bo'yicha Ishchi guruh shakllantirilishda muhim rol` o'ynashini ta'kidladi. Yoshlar huquqlari bo'yicha do'stlar guruhiga boshqa mamlakatlarni ham a'zo bo'lishga chaqirdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech