O'ZBEKISTON TASHABBUSLARI – AMALDA: Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya ratifikatsiya qilindi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslar keng jamoatchiligimiz hamda jahon hamjamiyati tomonidan har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda.

Bunday ijobiy munosabat, bir tomondan, O'zbekistonning davlatimiz rahbari belgilab bergan milliy taraqqiyot yo'lidan og'ishmay, dadil odimlayotganini tasdiqlasa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizning xalqaro maydonda o'rni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalildir.

 

Milliy qonundan – xalqaro konventsiya sari

Birinchidan, 2021 yil 18 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti taklifiga binoan Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilinganini ta'kidlash lozim. Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlat mazkur rezolyutsiyaga hammuallif sifatida ishtirok etgani e'tirofga sazovor.

Ikkinchidan, 29 may kuni bo'lib o'tgan Oliy Majlis Senatining majlisida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Nogironlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilish haqida (N`yu-York, 2006 yil 13 dekabr`)”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokama etildi va tasdiqlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 fevral` kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida bu haqda to'xtalgandi. Yurtboshimiz yuksak minbardan turib, imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifini xalqaro hamjamiyat e'tiboriga havola etar ekan, O'zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilayotganini ta'kidlagani bejiz emas.

 

Prezidentning qonunchilik tashabbusi: izchillik va samara

O'zbekiston Respublikasi Hukumati BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini 2009 yil 27 fevralda imzolagan. O'shanda mamlakatimiz Konventsiyani kelgusida ratifikatsiya qilishga ishonch bildirgan. Ammo, afsuski, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun zarur bo'lgan aynan ratifikatsiya masalasi cho'zilib ketdi.

Shu ma'noda, keyingi yillarda bu boradagi amaliy ishlar shiddatli tus olgani diqqatga loyiq. O'zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyaga qo'shilishiga oid masala davlat boshlig'ining quyidagi dasturiy hujjatlarida:

birinchidan, “Nogironligi bo'lgan shaxslarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida (2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan);

ikkinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag'ishlangan Tadbirlar dasturida (2018 yil 5 maydagi Farmon bilan tasdiqlangan);

uchinchidan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida (2020 yil 22 iyundagi Farmon bilan tasdiqlangan);

to'rtinchidan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashining 2021 yil 22 fevralda bo'lib o'tgan 46-sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgan.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va BMT xalqaro shartnomaviy organlari – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo'mitasining, Irqiy kamsitishni tugatish bo'yicha qo'mitasining yakuniy tavsiya va mulohazalarida O'zbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilish bo'yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish va targ'ibot-tashviqot faoliyatini amalga oshirish bir necha marta tavsiya etilgan.

Bu orada 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan va 2008 yilda yangi tahriri tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risida”gi qonunni takomillashtirish bo'yicha ish olib borildi. O'zbekiston Prezidentining tashabbusi asosida 2017 yilda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha 2018 yil 20 iyul` kuni umumxalq muhokamasi uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtirildi.

O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun loyihasida, jumladan, BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining xalqaro standartlari va talablari, eng muhimi, asosiy falsafasini hisobga olish, shuningdek “nogiron” so'zi o'rniga “nogironligi bo'lgan shaxs” atamasidan foydalanishga e'tibor qaratildi.

So'ngra 2020 yil 22 iyul` kuni “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 2020 yil 11 sentyabr kuni Senat tomonidan ma'qullandi. Qonun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 15 oktyabr` kuni imzolangach, Qonunning 49-moddasiga muvofiq, rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran uch oy o'tgach, ya'ni 2021 yil 15 yanvar` kuni kuchga kirdi.

Shu tariqa O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan, dastavval, bu borada alohida qonun qabul qilinishiga muvaffaq bo'lindi. O'z navbatida, Yurtboshimizning xalqaro tashabbusi doirasida, endilikda O'zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qildi.

Bir so'z bilan aytganda, O'zbekistonda ijtimoiy adolat printsipiga amal qilish, yordam va qo'llab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to'laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi davlat rahbarining doimiy diqqat markazida turibdi.

 

Konventsiya – dunyodagi nogironligi bo'lgan shaxslar Konstitutsiyasi

Ma'lumki, Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. BMTning 192 a'zo-davlatidan, 2021 yil fevral` holatiga ko'ra, 182 tasi ushbu Konventsiyani ratifikatsiya qilgan.

E'tibor bering: BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi XXI asrda qabul qilingan inson huquqlari to'g'risidagi birinchi shartnomadir.

Konventsiyada nogironlarning huquqlari va asosiy erkinliklari, xususan, ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta'lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, siyosiy, ijtimoiy, madaniy hayotda, bo'sh vaqtni o'tkazish, dam olish va sport bilan shug'ullanishda ishtirok etish, o'zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo'lish va ijtimoiy yordam huquqlari e'tirof etilgan. Ushbu huquqlarni amalga oshirishning kafolatlari belgilangan.

Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya 50 ta moddadan iborat bo'lib, dunyodagi nogironligi bo'lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko'ra, dunyo aholisining 15 foizini nogironligi bo'lgan shaxslar tashkil qiladi, bugungi kunda ularning soni 1 milliardga yetgan.

Eng muhimi, Konventsiya dunyodagi nogironligi bo'lgan shaxslar holatini atroflicha tahlil qilish asosida qabul qilingan. Mazkur xalqaro-huquqiy hujjat insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati printsiplarini o'zida mujassamlashtirgani juda muhimdir.

Konventsiyaning asosiy g'oyasi shundan iboratki, nogironligi bo'lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak.

Konventsiyaning maqsadi 1-moddada bayon etilgan hamda nogironligi bo'lgan shaxslarning  tenglik asosida barcha inson huquqlarini to'liq amalga oshirishlarini rag'batlantirish, himoya qilish va ta'minlashdan iboratdir. U foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog'liqni saqlash, ta'lim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.

Konventsiyaning 4-moddasida nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlash, rag'batlantirish va himoya qilish bo'yicha umumiy majburiyatlar belgilangan. Xususan, Konventsiyada ishtirok etuvchi davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladi:

nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur qonuniy, ma'muriy-tashkiliy va boshqa choralarni ko'rish;

nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni o'zgartirish yoki bekor qilish;

barcha strategiyalar va dasturlarda nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirishni hisobga olish, Konventsiyaga to'g'ri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish;

har qanday shaxs, tashkilot yoki xususiy korxona tomonidan nogironlik belgisi bo'yicha kamsitishni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko'rish;

nogironligi bo'lgan shasxlarning aniq ehtiyojlari uchun moslashtirish, tovarlar, xizmatlar, jihozlar va universal dizayn ob'ektlarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki rag'batlantirish;

Konventsiyada kafolatlangan yordam va xizmatlarni taqdim etishni takomillashtirish uchun mutaxassislar va nogironligi bo'lgan shaxslar bilan ish olib boradigan personalni ushbu e'tirof etilgan huquqlarga o'qitishni rag'batlantirish.

Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda ustuvor sub'ektlar sifatida nogironligi bo'lgan ayollar (6-modda) va nogironligi bo'lgan bolalar (7-modda) ajratib ko'rsatilgan.

Konventsiya qoidalari bajarilishini monitoring qiluvchi, ishtirok etuvchi davlatlarning ma'ruzalarini ko'rib chiqishga vakolatli hamda ushbu ma'ruzalar bo'yicha takliflar va umumiy tavsiyalar beruvchi organ – BMTning Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mitasi (18 kishidan iborat) tashkil etilgan.

A'zo davlatlar dastlabki milliy ma'ruzani Konventsiya ratifikatsiya qilinganidan so'ng 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta taqdim etishlari belgilangan.

 

Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning yuridik asoslari

Mamlakatimizning nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri – nogironligi bo'lgan shaxslarga Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy va boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalari hamda printsiplari, shuningdek O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta'minlash hisoblanadi.

O'zbekistonda 760 ming nafardan ziyod nogironligi bo'lgan shaxs istiqomat qiladi. Ular ijtimoiy himoya va qo'llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olingan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi qarori bilan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo'yicha davlat xizmatlari ko'rsatishning ma'muriy reglamenti” tasdiqlandi. Ushbu hujjatga asosan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash bo'yicha davlat xizmatlari 2021 yil 1 avgustdan boshlab ko'rsatiladi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi qarori bilan Hukumat huzurida doimiy faoliyat yurituvchi Nogironligi bo'lgan shaxslar ishlari bo'yicha idoralararo kengash tashkil qilindi.  Idoralararo kengashning asosiy vazifalari:

nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
nogironligi bo'lgan shaxslarning sog'lig'ini tiklash, ularni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va huquqlarini ta'minlashga doir davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olishi, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, mehnat qilishi va bandligiga ko'maklashish;
nogironligi bo'lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to'la huquqli tarzda ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etishdan iborat.
Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo'lishidan qat'i nazar insonni, shu jumladan nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik printsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik ko'rsatayotgani juda muhim.

Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida O'zbekiston nogironlar jamiyati, O'zbekiston nogironlar jamoat fondi, O'zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi, Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi, O'zbekistondagi falaj nogiron bolalar va o'smirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi, “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi, O'zbekiston Ko'zi ojizlar jamiyati, O'zbekiston karlar jamiyati kabi NNTlar bor. Ushbu nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari Konventsiyani ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.  

Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini ta'minlash hamda himoya qilish masalalari bugungi kunda O'zbekiston Respublikasining 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjalari bilan tartibga solinmoqda. Bu o'rinda Konstitutsiya, 40 dan ortiq qonun va 160 dan ortiq qonunosti hujjati ko'zda tutilgan.

Jumladan, O'zbekistonda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”, “Ta'lim to'g'risida”, “Fuqarolar sog'lig'ini saqlash to'g'risida”, “Aholi bandligi to'g'risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to'g'risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to'g'risida”, “Jismoniy tarbiya va sport to'g'risida”gi qonunlar va O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.

Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini tartibga soluvchi milliy qonunchilik:

nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi barcha huquqlarini tartibga soluvchi O'zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi konunini, shuningdek nogironligi bo'lgan
shaxslarning ta'lim olishga bo'lgan huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar;
sog'liqni saqlash va tibbiy xizmat ko'rsatish;
bandlik masalalari;
jismoniy tarbiya, sport va dam olish; ijtimoiy ob'ektlar va xizmatlar, transport, aloqa va axborot vositalaridan foydalanish;
odil sudlov;
davlat va jamoat ishlarida ishtirok etish;
nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kabi normalardan tashkil topgan.

Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi nogironligi bo'lgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta'lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o'zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo'lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.

Konventsiyani ratifikatsiya qilishda 3 ta manba: milliy qonunchilik, xorijiy yuridik amaliyot va ushbu Konventsiyaning o'ziga tayanildi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveytsariya, Rossiya, Belarus`, Ukraina, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasi chuqur o'rganildi.

Xususan, AQSH, Buyuk, Britaniya, Germaniya, Shveytsariya kabi yetakchi xorijiy davlatlar Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani ratifikatsiya qilgan holda, tegishli milliy qonunlarini ham qabul qilgan. Bu qonunlarning barchasi mazmunan o'xshash bo'lib, Konventsiya talablari negizida ishlab chiqilgan.

E'tiborli tomoni shundaki, GFRda nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan bir qancha qonunlar mavjud. Jumladan, “Jamiyatda, ishda va kasbiy sohada nogironlarning huquqlarini ta'minlash to'g'risida”gi qonun shular sirasiga kiradi.

O'zbekistonning bu boradagi huquqiy amaliyotiga kelsak, qonun ijodkorligida ilk bor noyob tajriba qo'llanildi. Ya'ni, xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.

Eng asosiysi, Konventsiyani ratifikatsiya qilish natijasida:

birinchidan, nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashadi;

ikkinchidan, nogironligi bo'lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo'yicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengayadi;

uchinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilishdagi mamlakatimizning ijobiy xalqaro imidji yanada yaxshilanadi.

Akmal Saidov,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

Powered by GSpeech