O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari nimalarda iborat?

2025 yil 26 fevralda “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Konsepsiyada O‘zbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari aks ettirildi.

Jumladan, diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi – fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun teng shart-sharoitlar yaratishdir. Turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashish, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dunyoviylik ta’minlanadi.

Diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy vazifalariga jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, fuqarolarning erkinligi va qonun oldida tengligini ta’minlash hamda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish kiradi.

Ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali O‘zbekiston xalqining birligi va birdamligi, urf-odatlariga nisbatan hurmat ruhi mustahkamlanadi, ularning rivojlanishi uchun teng shart-sharoitlar yaratiladi.

Fuqarolarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi. Ularning dinga munosabatidan qat’i nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymagan holda, ularning vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

Davlat o‘zining ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishida konstitutsiyaviy normalarga muvofiq dunyoviylikka tayanadi. Konstitutsiyaviy normalarga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyati, shuningdek, ijtimoiy munosabatlarni dunyoviylik asosida tartibga solinishini ta’minlaydi.

Jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirish borasida fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Davlat xizmatchilarining o‘z kasbiy faoliyatida va funksional vazifalarni bajarishda biror-bir dinga yoki e’tiqodga ustunlik berishiga yoxud biror-bir dinni yoki e’tiqodni kamsitishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Jahon ilm-fani, madaniyati, san’ati va adabiyotining ilg‘or yutuqlaridan bahramand bo‘lgan holda mamlakatning ilm-fani va madaniyati rivojlantiriladi.

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa, jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga tahdid soluvchi radikallashuvga qarshi kurashish, ekstremizm va terrorizm g‘oyalarining tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Diniy sohadagi davlat siyosati qonuniylik, vijdon erkinligi, dinning davlatdan ajratilganligi, tenglik, erkin tanlov, dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish prinsiplariga tayanadi.

Qonuniylik prinsipiga muvofiq, diniy sohadagi davlat siyosati Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qabul qilingan qarorlarning Konstitutsiyaga va qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmasligi ta’minlanadi.

Vijdon erkinligi prinsipiga binoan O‘zbekiston Respublikasida barcha shaxslar uchun din va e’tiqod erkinligi kafolatlanadi.

Fuqarolar xohlagan dinga e’tiqod qilish, e’tiqodni o‘zgartirish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqidan erkin foydalanadi. Diniy qarashlarni yoki dinga e’tiqod qilmaslikni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolarning huquqlarini ularning muayyan diniy ta’limotga munosabatiga qarab cheklashga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita ustunlik berishga, ularning diniy e’tiqodi mavjud yoki mavjud emasligi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dinning davlatdan ajratilganligi prinsipi – diniy tashkilotlar va davlat organlari o‘zaro bir-birining faoliyatiga aralashmasligi, davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning biror-bir vazifalarini yuklamasligi, diniy tashkilotlarning davlat funksiyalarini amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymasligiga oid qoidalarni nazarda tutadi.

Ushbu prinsip diniy qarashlardan qat’i nazar, konstitutsiyaviy huquqiy tizim (huquq normalari va ularni qo‘llash), demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, insonparvarlik, ijtimoiy adolat va birdamlik, inson huquqlari g‘oyalariga tayanadi.

Tenglik prinsipiga muvofiq, fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng bo‘lib, bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘ladi.

Fuqarolarga biror-bir dinga e’tiqod qilishi yoki e’tiqod qilmasligidan kelib chiqib imtiyozlar berishga yoki ulardan mahrum qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonunlar diniy e’tiqodidan yoki biror-bir dinga e’tiqod qilmasligidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga nisbatan bir xilda qo‘llaniladi.

Erkin tanlov prinsipiga ko‘ra, fuqaro dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy ta’lim olishga nisbatan o‘z munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dinlararo muloqot va o‘zaro tushunish prinsipi asosida turli dinlarga e’tiqod qiladigan yoki biror-bir dinga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli konfessiyalarga oid tashkilotlar o‘zaro diniy bag‘rikenglik, murosa, hurmat va o‘zaro tushunish asosida muloqot o‘rnatadi.

Davlat turli dinlarga e’tiqod qiladigan yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, turli konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat, bag‘rikenglik ruhi o‘rnatilishini ta’minlaydi.

Radikallashuvga, ekstremizmga, terrorizmga, turli dinlarga mansub aqidalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga va keskinlashtirishga, shu asosda fuqarolar totuvligini buzishga, turli konfessiyalar ichida va boshqa konfessiyalar o‘rtasida adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech